Bugun ushbu maskanlarni ham madaniy merosimiz sifatida asrash, keyingi avlodga boricha yetkazish masʼuliyati haqida soʻz yuritmoqchimiz. Koʻz bilan koʻrilgan voqelikni qalban his qilish mumkin, shu bois, uy-muzeylariga tashrif buyurish ayni muddaodir.
Fursat gʻanimatdir...
Muqimiy teatri binosi devori boʻylab mehmonnavoz Gʻafur Gʻulom yashagan xonadonga qadam qoʻyar ekanmiz, hovli toʻrida kulib oʻtirgan shoirning ramziy siymosi uning oʻzi kabi lutf ila “ichkariga kiringlar” deyayotgandek boʻladi. Shoir yashagan uy qanday boʻlsa, shundayligicha saqlangani oʻsha davr arxitekturasining oʻziga xosligidan soʻzlaydi.
Bolalar yotoqxonasi, koʻrpachalar yigʻib qoʻyilgan mehrob va unga tutilgan parda oʻsha davr oʻzbek xonadonlarini eslatib turibdi. Katta va kichik ijodxonalar, mahalliy mehmonlar uchun milliy, chet ellik, nozik mehmonlar uchun oʻsha davrga xos zamonaviy ruhdagi mehmonxonada turib, shoir tirik paytlar bu fayzli hovlining mehmoni boʻlgan, tunlari ijodiy gurunglar qilgan doʻstlariga havasimiz keladi.
Shoyi koʻrpachalar-u, xontaxtasiga dutorlar qoʻyilgan shinam xonada shoir bilan hamsuhbat boʻlgandek quvonamiz. Stol-stullar tartiblangan ikkinchi mehmonxona hatto chel ellik ijodkorlar ham bu xonadonga bejiz bogʻlanib qolmaganini aytib turibdi. Shaxsiy kutubxonadagi son-sanoqsiz kitoblarning barini oʻqishga Gʻafur Gʻulom qanday ulgurganini esa aqlga sigʻdirish qiyin.
1983-yilda ochilgan bu memorial muzey ham, 2004-yilda ish boshlagan ekspozitsiyalar zali ham 2 qavatli. Koʻrgazma zalida shoirning bolaligi, oʻsmirligi oʻtgan XX asr boshlaridagi Toshkent tasviri, eski shahar manzalaridan tortib, umrining soʻngiga qadar boʻlgan voqeliklar aks etgan. Gʻafur Gʻulom savod chiqargan oʻsha davr maktablarining koʻrinishi, oʻquv qurollari, boʻyralar bugungi oʻquvchiga, ilmi tolibga qiziq, albatta. Shoirga ota-onasidan qolgan buyuk allomalarning kitoblari Gʻafur Gʻulomdek insonni yetkazib berishga xizmat qilgani bilan ham qadrli. Mis koʻza, laganlar, moyjuvoz kabi roʻzgʻor buyumlari butun oilaning kuniga yaragan boʻlsa, siyohdon, kuldon, telefon, yozuv mashinkasi asosan Gʻafur Gʻulomga asqatgan. Dunyo yangiliklaridan xabardor qilib turgan radiopriyomnigi esa koʻplab sheʼrlari yaralishiga ham sababchi boʻlgandir, balki. Adib yashagan uyning shinamgina maketi — ramziy xona ekspozitsion zalning bir burchagidan oʻrin olgan. Uning vassajuftli shifti, taxmonga yigʻilgan koʻrpachalar, choʻgʻ solib ishlatilgan dazmol, qoʻyingki, barchasi koʻp farzandli oilaning el qatori kun kechirganini koʻrsatib turadi.
Gʻafur Gʻulomning tarbiyachilik, oʻqituvchilik, jurnalistik faoliyatidan guvohlik beruvchi suratlar uning bolalikdan tinib-tinchimagani, tiriklik koʻyida turli yumushlarni qilib ketaverganini yana bir bor yodga soladi. Yozuvchi asarlariga ishlangan suratlar, “Shum bola” qissasiga bagʻishlangan boʻlim, ayni paytda butun dunyoga mashhur bu asarning qoʻlyozmasi, uning “Dovdirash” deb nomlangan birinchi nashri, turli tillardagi tarjimasi qanchalar gʻurur beradi kishiga.
Ekspozitsiyalarga nazar solar ekansiz, Gʻafur Gʻulomning ilmiy faoliyatiga doir maʼlumotlar uning chindan-da birinchilardan boʻlib akademik unvoniga munosib boʻlganini koʻrsatadi. 60-yillik yubileyi tantanalari aks etgan fotosuratlar esa hukumatning shoirga boʻlgan yuksak hurmatini tarixga muhrlagan. Turkman, qozoq ijodkorlari sovgʻa qilgan milliy kiyimlar nafaqat millatimiz, balki koʻplab xalqlarning Gʻafur Gʻulomga nisbatan samimiy mehrini ifodalab turibdi. Chet el nashrlarida u haqida chop etilgan maqolalarni koʻrib yana bir karra faxrlanasiz. Adibning oʻzbek tarjimachiligiga qoʻshgan mehnati saralari bizlarmiz, degandek Shekspirning “Otello”, “Qirol Lir”, Nozim Hikmatning “Bir sevgi afsonasi” asarlari oyna ortidan qarab turadi.
Haykaltarosh Rayhon Shoabdurasulova “Shum bola” asariga ishlagan haykal — Qoravoyning tandirdan chiqib turgan holati asarga ishlangan filmni yodga soladi. Urush yillarida yozilgan sheʼrlar, yetimlik iztiroblari aks etgan suratlarning barchasi bizni va ertamiz egalarini Gʻafur Gʻulomga yaqinlashtiradi. Shu maʼnoda muzeylar chinakamiga tirik tarix, ulugʻvor maskan, madaniyat, maʼnaviyat oʻchogʻi ekanini yana bir bor tushunib yetamiz.
Dastlab ekspozitsion qismga sayohat qilgan har qanday kishi memorial muzey tomonga oʻtmay ketgisi kelmaydi. Muzey 2 ta binoda boʻlgani sabab bu borada biroz qiyinchilik tugʻilayotganiga guvoh boʻldik. Negaki, xodimlar kamligi bois, koʻrgazma zalidagi kuzatuvchi mehmonlarni memorial qismga ham oʻzi olib oʻtishi kerak boʻladi. Aslida esa, har ikki tomonda tanishtiruvchi, kuzatuvchilar alohida boʻlsa, yanada maqsadga muvofiq boʻlardi, eng muhimi xodimlarning ham, keluvchilarning ham vaqti tejaladi.
Zero, Gʻafur Gʻulomning oʻzi aytganidek,
Fursat gʻanimatdir shoh satrlar-la
Bezamoq chogʻidir umr daftarin.
Vazifamiz — biz uchun sharaf
Yakkasaroy tumanining Rakatboshi mahallasida joylashgan Yunus Rajabiy uy-muzeyiga yurtimizning turli hududlariga mansub ziyoratchilardan tashqari Yunus Rajabiy nomidagi milliy musiqa sanʼati instituti, sanʼat oliygohlari talabalari, musiqa maktablari oʻquvchilari, sanʼat ixlosmandlari tez-tez kelib turadi. Sanʼatkorning farzandi Hasan Rajabiyning xotirlashicha, shu koʻchadan Abdulla Qahhor uy-muzeyini tashkil etishi masalasida oʻtib borayotgan oʻsha paytdagi Yozuvchilar uyushmasining raisi Oʻlmas Umarbekov “mana shu uyni ham muzey qilish kerak”, deya bir guruh yozuvchilar eʼtiborini Yunus Rajabiy xonadoniga qaratgan ekan. Shu gap turtki boʻlib, 1997-yilda ochilgan bu uy-muzeyda milliy musiqamiz dargʻasi, akademik Yunus Rajabiy umrining soʻnggi 20-yilini yashab, ijod etgan. 20 dan ortiq musiqali drama, 200 dan ziyod betakror kuy va qoʻshiqlar, simfonik asarlar muallifining uy-muzeyiga kirsangiz, XX asrning 50-yillariga tushib qolgandek boʻlasiz. Bu yerdagi 7000 mingga yaqin eksponat orasida Yunus Rajabiyning shaxsiy buyumlari, hunarmandlik namunalari, shogirdlari va musiqa ixlosmandlarining koʻplab sovgʻalari, hukumat tomonidan berilgan yuksak orden va medallar bor.
Buyuk sanʼatkorning 6 jildlik “Shashmaqom”dek xalqimiz musiqiy merosini nota bilan yozgan ish stolidagi “Prima” sigareti qutisi, oʻchirgʻich, qalam ham ijod mashaqqatiga bir ishora xolos. “Oʻzbek xalq musiqasi” nomli salmoqli nota yozuvlari va ashula soʻzlarining hatto ruscha tarjimalari berilgan asarni yaratish ham oson kechmagan. Bu noyob asarlar, Yunus Rajabiyning kuylar chalib notaga olgan qadrdon dutori, oʻqigan va yozgan kitoblari achchiq choy bilan oʻtkazilgan bedor tunlarning jonsiz guvohlaridir. Ustki kiyimboshlar va oyoq kiyimlar shunday saqlanganki, goʻyoki sanʼatkor ularni hozirgina yechib ketgandek.
Bir paytlar Yunus Rajabiy chuchvara goʻshtini xafsala bilan atayin oʻzi toʻgʻrab bergan chogʻroqqina oshxona ham oʻsha davrlarga xos boʻlgan eksponatlarga toʻla. “Yoshlik yillari” deb nomlangan bu xonadagi mis buyumlar, sanʼatkor 13 farzandi (Yunus Rajabiyning oʻzi oʻn oltinchi farzand boʻlgan) bilan bekamu koʻst yashagan Chaqar mahallasidagi eski uyning (hozirgi Xalqlar doʻstligi maydoni yonidagi bankning oʻrnida) maketi, ayoli roʻzgʻorda ishlatgan buyumlar ham sizni allanechuk hislarga chulgʻaydi. Sanʼatkorning onasi — 110-yil umr koʻrgan Oysha Bibiga tegishli buyumlar eksponatlarning eng qadrlisi. Oysha Bibi qoʻli bilan tikilgan soʻzana, chok mashinasi, ip yigiradigan moslamalar, havoncha, gul bosilgan patnislar, qumgʻon, mis obdastalar, moshkichiri kovlaydigan yogʻoch kapkirlarning bari ota-bobolarimiz turmush tarzining oynasi goʻyo.
Bu yerda “Boburnoma” kitobida tasvirlangan cholgʻu soziga qarab ishlangan gʻijjaki Boburiy, toʻylarda chalinadigan karnay-surnay, qoʻshnay, gʻijjak, nay sozlarining ham tasviri, ham oʻzini koʻrasiz. Farzandlarining aytishlaricha, dutor sozida chertishning ustasi sifatida tanilgan Yunus Rajabiy nay sozi boʻyicha kuchli mutaxassis ekan. Oʻpkasi shamollashi hisobiga doktorlar tavsiyasi bilan soʻnggi paytlarda dutor sozida chalishga majbur boʻlgan.
“Oʻzbek xalq cholgʻulari” zalida eʼtiborni tortajak cholgʻular xalq hofizi Hasan Rajabiyning shaxsiy kolleksiyasidan. Ular orasida kosasi qovoqdan yasalgan Hindiston sitor musiqa asbobi alohida koʻzga tashlanadi. Devorda osigʻliq ustoz va shogird shajarasi, ijodiy shajara jarayonlarga qiziqqan talabalar uchun ayni muddaodir. 70 yoshli yubileyida Qori Niyoziy, Abdulla Qahhor bilan birga tushgan suratlari, sanʼatkor chalgan pianino, 500 dan ortiq ashulani jamlagan gramplastinkalar adabiyotimiz, mumtoz musiqamiz bilan bogʻliq shirin xotiralarni uygʻotib yuboradi.
Ikkinchi qavatga chiqish uchun zinadan koʻtarilar ekansiz, devorga oʻrnatilgan katta pannoga koʻzingiz tushadi. Sanʼatkor tavalludining 100-yilligiga sovgʻa tariqasida Oʻzbekiston xalq rassomi Alisher Mirzayev chizgan bu pannoda Alisher Navoiy, Bobur, Xoji Abdulaziz Abdurasulov, Mulla Toʻychi Toshmuhammedov, Levich Boboxonov kabi ulugʻ mutafakkirlar siymolari aks etgan. Zina shashmaqom xonasiga olib chiqadi. Gramplastinkaga yozilgan bebaho maqomlar va noyob qoʻlyozmalarning bari shu yerda saqlanyapti. Katta kutubxonadan chiqqingiz kelmaydi. Shuningdek, uy-muzeyda sanʼatkorning 20 dan ziyod musiqali drama asarlariga yozgan kuy va ashulalar qoʻlyozmalari ham asrab kelinyapti.
— Serfarzandligimga qaramay, shu yerda ishlayman. Chunki men uchun bobomizning boy merosini tanishtirishdan ham sharafliroq vazifa yoʻq, — deydi sanʼatkorning nabirasi Kamola Najmiddinova.
Uy-muzeylarida buyuklarimizning ruhini shod etish maqsadida ishlayotgan mana shunday davomchilar borligi uchun ham bu dargohlardagi har bitta buyum koʻz qorachigʻidek saqlab kelinyapti.
Yunus Rajabiy uy-muzeyi ham ochilganidan buyon taʼmirlanmagan. Shiftlar, devorlardagi darz ketgan joylar taʼmirlanishi, muzeyga qoʻshimcha qilib qurilgan xonaning orasida qolgan yoriq xavfining chorasi koʻrilishi joiz. Zero, muzey xodimlari bu xonada fotosuratlar galereyasini barpo etish niyatida. Aytish joizki, mazkur muzey uy-muzeylari orasida eng suratlarga boyi. Galereyada buyuk ustozning avlodlariyu shogirdlari, maqomchilarning fotoportretlari, muzeyga keltirilgan noyob ashyolar jamlanadi. Bebaho ijro yozuvlarini yozib olish studiyasi va apparaturalarini avaylash uchun ham muzeyga yanada koʻproq eʼtibor qaratilsa, milliy musiqamiz rivojiga hali necha yuz yillar xizmat qiladi.
Keluvchilar qancha koʻpaysa, shuncha xursand boʻlamiz
Poytaxtimizdagi “Malika” savdo majmuidan salgina oʻtib, Usta Shirin koʻchasiga kelib olsangiz, Oybekning uy-muzeyini topish qiyin boʻlmaydi. Negaki, barcha muzeylarga qoʻyilgani kabi ishoralarning oʻzi sizni toʻgʻri yozuvchining Iftixor koʻchasidagi ikki qavatli uyiga boshlab boradi. Bolaxonali pastakroq yogʻoch darvozadan kirib borishingiz bilan chap qoʻlda ekspozitsion, roʻparada memorial muzeyga koʻzingiz tushadi. Har ikkala bino ostonasidagi zinalar koʻchib, devorlarning rangi oʻchib qolgan boʻlsa-da, Oybek va Zarifa Saidnosirovaga baxt ato etgan bu hovlining istarasi hamon issiq. Muzeyning memorial qismida bir asar ustida ishlanayotgani uchun suhbatimizni ekspozitsion tomonda olib bordik. Biroq muzey ilmiy xodimi Gulchehra Shokirova bilan muloqot chogʻi 6 xonadan iborat memorial qismdagi fondda yangi uskunalarga ehtiyoj katta ekanini angladik. Zero, fondni bir xil haroratda ushlab turish, kamida 70–80-yillik eksponatlarni juda ehtiyotlab saqlash kerak.
Oybek hovliga qarab ijod qilgan ochiq ayvondan ichkari tomon yurilsa, oʻng qoʻlda shinamgina xona koʻzga tashlanadi. Xona birinchi oʻzbek kimyogar olimasi Zarifa Saidnosirova va uning otasi Saidnosir Mirjalilovni esga soluvchi rasm, hujjat, buyumlar, Zarifaxonim chizgan tabiat manzaralari bilan fayzli.
Keyingi xonalardagi Oybek yashagan Shayxontohur muhitini aks ettiruvchi suratlar, adib tugʻilgan “Govkush” mahallasi tasviri xayolingizda “Bolalik” asarini jonlantiradi. Bu yerda ham yozuvchining oilasiga xizmat qilgan uy-roʻzgʻor buyumlariga qiziqsinib qaraymiz. Oila aʼzolari, yaqinlari suratlari tobora yozuvchining oilasi bilan yaqinlashtiradi.
“Qutlugʻ qon”, “Navoiy” romanlari tarixiga bagʻishlangan xonalar, gʻoyat tahlikali bir paytda yozilgan “Qutlugʻ qon”ning qoʻlyozmasi yirik asar ustida ishlashning ne chogʻli mashaqqat ekanini izohlashga soʻz qoldirmaydi.
Oybekning surati tushirilgan, hatto sheʼrlari bitilgan turli xil idishlar bir paytlar kimlardir yuziga qora chaplagan adib ijodining chinakam muxlislari, ishtiyoqmandlari koʻpligidan dalolat beradi.
Mazkur uy-muzeyida ham gazetalardagi maqolalar, adib faoliyatiga doir turli hujjatlar, uchrashuvlar muhrlangan tasvirlar, adibning oilasi, farzandlariga yozgan telegrammalari, olis safarlardagi suratlari yozuvchi ijodiga chuqurroq kirib borishga undaydiki, “Oybegim mening” asarini yana bir bor oʻqigingiz, muzeyda koʻrganlaringiz kitobda qanday aks etganini bilgingiz keladi.
35-yildan buyon shu dargohda ishlayotgan, har kuni ertalab kelib, Oybek domlaga salom berishga odatlanib qolgan uy-muzey ilmiy xodimi Gulchehra opa bilan suhbatlashish jarayonida bir narsadan juda xursand boʻldik. Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan Adiblar xiyobonida haykallari oʻrnatilgan ijodkorlar hayoti va ijodini oʻrganish oliygohlarga biriktirib qoʻyilgani ushbu muzey hayotida ham muhim omil boʻlayotgan ekan.
— Avval oʻqituvchilar, talabalarning tashrifi bunchalik koʻp boʻlmas edi, — deydi Gulchehra opa. — Oybek hayoti va ijodini keng oʻrganish Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutiga topshirilgach, oʻqituvchilar-u talabalar bu yerga tez-tez kelib, seminarlar, tadbirlar oʻtkazadigan boʻldi. Nomdor stipendiyaga loyiq koʻrilgan talabalar ilmiy ishlar olib boryapti. Ular uchun hamisha eshigimiz ochiq. Qolaversa, Oybek hayoti va ijodi bilan bogʻliq har qanday tadbirga bajonidil hovlimizdan joy berishga tayyormiz.
Opaning gaplaridan xursand boʻldik. Adib oʻz qoʻli bilan ekkan ulugʻvor archaga baslashib oʻsayotgan hovlidagi boshqa daraxtlar, anvoyi gullar, ayniqsa, bahor payti uyning koʻrkiga koʻrk qoʻshishini tasavvur qildik. Ijodkorning chet ellik ixlosmandlari-da kelib turadigan bu qutlugʻ dargohga ham aslida bir chimdim mehr va eʼtibor kifoya.
Uy-muzeylari tarixning bir parchasi-ku...
— Men muzeyshunos emasman, ammo ikki yil davomida bir necha uy-muzeylarida boʻlib, ular faoliyati, shart-sharoiti bilan tanishib, rahbar va xodimlari bilan muloqotda boʻlib, bu boradagi fikrlarimni “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi orqali mutasaddilarga yetkazishni lozim topdim, — deydi jurnalist Nuriddin Ochilov.
Hamkasbimiz Abdulla Qahhor uy-muzeyi misolida yutuqlar bilan birga tizimdagi muammolarni ham tilga oladi.
— Abdulla Qahhor uy-muzeyida bir qarashda hamma narsa risoladagidek. Ikki qavatli uydan iborat moʻjazgina hovli shinam, toza-ozoda. Bahordan kech kuzgacha atirgul va rayhonlar koʻzingizni yashnatadi. Qulochlarini toʻrt tomonga yozgan katta xurmo daraxti qiygʻos gullab, hovliga oʻzgacha bir chiroy baxsh etganligidan dilingiz yayraydi. Direktor va xodimlarning samimiy, xushmuomala, kamtar va ishchanligini koʻrib, yoshlardan iborat bu ahil jamoaga havasim keladi, muloqotlarimizdan xursand boʻlaman. Ikki yil davomida na direktordan, na xodimlardan biron bir shikoyat yoki nolish eshitmadim. Nazarimda ular yetar-yetmaslik haqida soʻz ochishdan uyalar, bunday fikr xayollariga ham kelmas edi chogʻi. Ammo muzey binosi bunyod etilgandan buyon astoydil taʼmirlanmaganini devorlarining darz ketib, qorayib qolgani, pol va jihozlarining rangi oʻchib, liqillab turganidan bilish qiyin emas. Xizmat koʻrsatish vositalari ham allaqachon burchini oʻtab boʻlgan. Eshitishimga qaraganda, muzeyni taʼmirlash va bir donagina kompyuterga ega boʻlish uchun tegishli tashkilotlarga iltimos xatlari yozilib, taqillatilmagan eshik qolmabdi. Oʻzim adib uy-muzeyini taʼmirlatish uchun ikki yil yugurib, nihoyat niyatimga yetganimda, direktorga oson emasligini chuqurroq his qildim.
Yaxshiyamki, poytaxtda yigirma-oʻttizta emas, bor-yoʻgʻi oʻn bitta uy-muzeyi bor. Shularni koʻrsa koʻrgudek qilib, ichki turizm “Yoʻl xaritasi”ga kiritilsa, zarar boʻladimi? Axir, uy-muzeylari ham ilm, maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari-ku! Nega ularni koʻrib, koʻrmaganlikka, bilib, bilmaganlikka olamiz? Bundan kimga foyda-yu, kimga zarar? Yoki ular “madaniy meros”ning qolipiga sigʻmaydimi? Balki “ogʻrimagan boshimni ogʻritib nima qilaman”, degan ayrim mutasaddilarga uy-muzeyi tarixning bir parchasi, qadriyat, maʼnaviyat va maʼrifat oʻchogʻi, ilmiy maskan ekanini, yoshlarimizni oʻz xalqining mashhur kishilari hayoti va el-yurt ravnaqi yoʻlidagi olijanob ishlari bilan yaqindan tanishtirishda, tariximiz va qadriyatlarimizning maʼlum bir qirralarini yodga solib turguvchi qutlugʻ bir dargohligini yotigʻi bilan tushintirmoq kerakdir?!
Shuningdek, uy-muzeylari (ayniqsa, ekskursiya oʻtuvchilar) xodimlarining malakasini (bilimdonligini) muntazam oshirib borish lozim. Agar, tanishtiruvchilar oʻtlab ketsa, (shunaqasi ham bor) bilingkim, u bugun boʻlmasa, ertaga bizni uyaltirib qoʻyishi hech gap emas. Uy-muzeylaridagi ish koʻlami va talab tobora ortib borayotgan bir paytda xodimlar soni ham shunga muvofiq boʻlsa, ishning sifat va samarasi ortmay qolmaydi.
Uy-muzeylari millatimiz buyuklarining namunali hayoti, ibratli faoliyati timsollari. Shu maʼnoda ayni kunlarda ular bilan bogʻliq masalalar yechimiga kirishilgani quvonarli. Oʻylaymizki, bu boradagi xayrli ishlar yaqin kelajakda uy-muzeylarida ishlashni orzu qiladigan fidoyi yoshlarni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri