Cambridge Assessment tashkilotining rasmiy veb saytida Prezident maktablari haqida maqola va video eʼlon qilindi

    Prezident maktablari Oʻzbekistonda taʼlimni rivojlantirishning asosiy negizi sifatida maydonga chiqdi. Mazkur maktablar mamlakatning turli burchaklaridan iqtidorli oʻquvchilarni kashf etish va xalqaro standartlarga moslashtirishni maqsad qilgan. Bu xususda maqolada kengroq bayon qilinadi.

    Jumladan, ushbu maktablar fan, texnologiya, muhandislik, sanʼat, matematika (STEAM) va ingliz tilidagi IGCSE oʻquv dasturidan foydalangan holda, oʻzbek tilida oʻqitiladigan milliy fanlar yordamida oʻquvchilarni tanqidiy fikrlovchi va mustaqil shaxs sifatida rivojlantiradi.

    “Taʼlimga kiritilgan investitsiya juda muhim sarmoyadir. Chunki, biz bu orqali mamlakat kelajagiga investitsiya kiritmoqdamiz”, — deydi Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova.

    Cambridge Assessment tashkilotining taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bosh maslahatchisi Steve King oʻzaro hamkorlik haqida fikrini bildirar ekan, Kembrij bilan tashkil etilgan Prezident maktablari qoʻlga kiritgan natijalar ikki tarafning ham yutugʻi ekanligini taʼkidlab, Prezident maktablarida tahsil olayotgan yoshlar mamlakat kelajagiga katta hissa qoʻshishiga ishonch bildirdi.

    Oʻzbekistonning eng chekka hududida joylashgan Prezident maktabi oʻquvchisi A level sertifikati olgani hayratlanarli»

    Shuningdek, Steve King Oʻzbekistonning eng chekka hududida joylashgan Prezident maktabi oʻquvchisi Barno Rustamovaning A level sertifikatini qoʻlga kiritgani uni hayratlantirganini taʼkidlaydi. Albatta, ochilganiga endigina 3 yil boʻlgan Prezident maktablarining oʻquvchilari A Level imtihonlarida tarixiy natija qayd etib, bitiruvchilarning katta qismi xorijiy oʻquv yurtlariga oʻqishga qabul qilindi.

    “Oʻqishga kelganimda boshqa sinfdoshlarim singari menda ham yangicha oʻquv dasturi asosida oʻqish qiyinchilik tugʻdirgan. Shunday boʻlishiga qaramay biz astoydil oʻqishga harakat qildik. Barcha intilishlar natijasi oʻlaroq Kembrijning A/AS level sertifikatini qoʻlga kiritdim. Meni doim qoʻllab-quvvatlagan, yaxshi oʻqishga undagan ota-onam, ustozlarim va Prezident maktablaridan minnatdorman” — deydi Xiva Prezident maktabi bitiruvchisi Barno Rustamova.

    “Prezident maktablarida ishlash bu goʻyoki Kembrij maktablarida ishlashdek masʼuliyatli”

    Shu bilan birga, Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarda dars beruvchi pedagoglarning malakasini oshirib borish maqsadida UNESCOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda pedagoglarning kasbiy malakasini oshirish ilmiy-tadqiqot loyihasi ustida ish olib borildi. Mazkur tadqiqot loyihasi doirasida oʻqituvchi kadrlarning kasbiy rivojlanishlari uchun maxsus model yaratish va uni sinovdan oʻtkazish koʻzda tutilgan. Bu haqida Prezident maktabi oʻqituvchisi Tomas Topxem oʻz fikrini bildirdi: “Prezident maktablarida ishlash bu goʻyoki Kembrij maktablarida ishlashdek masʼuliyatli. Chunki ushbu maktablarda Kembrij dasturi asosida taʼlim beriladi. Demak, maktabning pedagog kadrlari ham raqobatbardosh va yuqori salohiyatli boʻlishi talab etiladi”.