Sana munosabati bilan Toshkent Fotosuratlar uyida Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining xalq diplomatiyasi markazi fotoekspozitsiya tashkil etdi. “Chingiz Aytmatov – oʻzbek va qirgʻiz xalqlarining maʼnaviyat koʻprigi” mavzusida 4-bora oʻtkazilgan ushbu fotokoʻrgazmaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Kechani Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov ochib berdi. Markaz rahbari oʻz nutqida, Chingiz Aytmatov asarlari 176 tilga tarjima qilingani, 128 ta davlatda chop etilgani, Shekspir va Tolstoy asarlaridan keyin eng koʻp oʻqiladigan yozuvchi ekanini aytib oʻtdi.

Chingiz Aytmatov nafaqat yozuvchi, balki mohir diplomat ham edi. U bir necha yil Kirgʻizistonning Lyuksemburg, Belgiyadagi elchisi boʻlib samarali ishladi. Shundan soʻng soʻz ana shunday masʼuliyatli vazifada ishlayotgan inson – Qirgʻiz Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Musa Jamanbayev berildi. Elchi yozuvchining oʻzbek va qirgʻiz xalqlari oʻrtasidagi doʻstlikka qoʻshgan hissasi haqida gapirdi.

Qozoq adabi Muxtor Avezov: “Hozir... butun dunyoda Chingizga yetadigan yozuvchi yoʻq”, degan edi. Chingiz Aytmatov esa: “Jamila” bosmadan chiqishi bilanoq “Literaturnaya gazeta”da eʼlon qilingan muxtasar maqola hali-hali yodimda turibdi. Avezov unda bagʻoyat samimiy mulohazalarini bayon etgandi. Bu ulugʻ nosirning oq fotihasi edi. Oʻsha paytlari ustozim oldida qarzdor ekanimni teran his qildim”. Bu soʻzlar ikki qardosh halq oʻrtasidagi uzilmas rishta desak, yolgʻon boʻlmasa kerak.

Oʻzbekiston qirgʻiz milliy madaniy markazi ham ikki millat orasidagi rishtani bogʻlab kelayotgan maskan hisoblanadi. Navbatdagi soʻz markaz raisi Rahmatilla Jabborovga berildi.

Bir necha yil avval Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida Chingiz Aytmatov nomidagi markaz ochildi. Bugun u yerda “Jamila” qissasining oʻzbekcha, qirgʻizcha, ruscha, tatarcha, qoraqalpoqcha, qozoqcha tarjimalari tahlil etilyapti. Navbatdagi soʻz mana shu ishlarga bosh boʻlgan inson, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, OʻzMU dotsenti, Yozuvchilar uyushmasi badiiy publitsistika kengashi raisi, ustoz Ahmadjon Meliboyevich Meliboyev berildi. U kishi markazda qilinayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berdi.

Qirgʻiz adabiyotshunosi Rustan Rahmonaliyev adibga baho berar ekan, shunday deydi: “Turkiy dunyo vakillari ichidan Alisher Navoiydan keyin besh yuz yil oʻtib, faqat Aytmatovgina adabiyot choʻqqisiga koʻtarila oldi”. Noyabr oyida Samarqandda oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotining sammitida Chingiz Aytmatov turkiy dunyo birligiga qoʻshgan hissasi uchun Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot bilan taqdirlangani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

ingiz Aytmatov asarlarini Asil Rashidov, Ibrohim Gʻafurov, Suyun Qorayev singari tarjimonlar oʻzbek tiliga qalovini topib oʻgirgan. Tarjimalarning aksari shu darajada mukammalki, ularni oʻqib Chingiz Aytmatov asarlarini qirgʻiz yo rus tilida emas, xuddi oʻzbek tilida yozgan deb oʻylaysiz. Keyingi soʻz navbati shunday oʻgirmachilardan biriga berildi. Yaʼni, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima boʻlimi bosh mutaxassisi Risolat Haydarova Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotga nomzodlarning saralanish bosqichi haqida gapirib berdi.

Koʻpchillikka maʼlum, boʻlgʻusi adib ijodini jurnalistikadan boshladi. Qirgʻiz qishloq xoʻjalik institutida oʻqib yurganida gazetalarga xabar, hisobot, taqriz, maqola, ocherklar yozib qalamini charxladi. “Sovetskaya Kirgiziya” gazetasining 1952-yil 24-yanvar sonida yosh muxbirning “Qirgʻiz tili terminologiyasi haqida” maqolasi bosiladi. Toʻrtinchi kurs talabasi qirgʻiz maktablari 5-6-sinflari uchun rus tili darsligi, “Ruscha-qirgʻizcha lugʻat” koʻpgina imloviy tarjimaviy xatolar, mantiqiy noaniqliklar bilan bosilganini ochib tashlaydi. Shundan soʻng Chingiz Aytmatov tilga tushadi.

Ochilish marosimida “Kabar” qirgʻiz milliy axborot agentligining Oʻzbekistondagi muxbiri Toʻlanboy Qurbonov ham qatnashdi. Soʻzga chiqar ekan, u yigʻilganlar eʼtiborini Chingiz Aytmatovning bolaligiga koʻproq jalb qildi.

Chingiz Aytmatov asarlarini oʻqisak, xuddi qirgʻiz xalq kuylarini tinglaganday boʻlamiz. Soʻng Shakarbek Abdumalikov “Manas” eposidan parcha ijro etib berdi.

“Maktabda oʻqib yurgan kezlarim bitta mehribon muallim bunday degan edi: “Otangning nomi tilga olingan paytda hech qachon koʻzlaringni yashirmagin”. Bu oqilona nasihat ogʻir damlarda menga madadkor boʻldi, xotiramga bir umr muhrlanib qoldi. Oʻsha soʻzlardan: “Otang xalq dushmani emas”, degan maʼnoni anglash mumkin edi. Bolalik qalbimni ana shu soʻzlar ilitib turardi”. Bu hikmatli oʻgit Chingiz Aytmatov va Muxtor Shoxonovning “Choʻqqida qolgan ovchining ohi-zori” kitobidan edi. Chindan ustozlar bizning qalbimizni yoritadigan shunday baland soʻzlarni ayta oladi. Chingiz Aytmatov ham allaqachon ustoz maqomiga erishgan inson. Ochilish marosimidan soʻng mehmonlar mana shu muallimning mashaqqatli va fayzli umr karvoni, zahmatli va maroqli ijod yoʻli haqida hikoya qiluvchi fotokoʻrgazmani tomosha qildi.

Fozil Farhod,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi

Axborot xizmati boʻlimi boshligʻi