Choʻpon hayotining mazmuni

    Fikr 1 May 2021 2929

    “Bobotovni yutdim! Boysuntovni yutdim! “Shu gapni uch marta aytsang boʻldi, oʻzi yaxshi boʻlib ketadi...”

    Sakson yoshli bobo kunchiqarga qarab turib olti-yetti yoshlardagi bolakayga shu soʻzlarni gapirayotir. Bolakayning labiga mavsumiy bir yara chiqqan. Buni ular “ezuvlik” deyishadi. Labning ikki cheti achishib, namlanib ozor beruvchi bu illat koʻpincha oʻsmir bolalarda, qishdan soʻng, ilk bahor oylarida koʻproq chiqadi. Qon suyulib, ilik uzila boshlagan pallada paydo boʻladi u. Shunda tong vaqti, bolani kunchiqish tomonga qaratib oʻtirgʻizishadida, ogʻziga otning yuganining suvligʻini solishadi. Muzday metall suvliq hilvirab, ogʻriq berib turgan yaraga biram yoqib ketadiki, buni oʻsha dardni boshdan kechirgan kishi biladi. Bu — irim!

    Xalqning ming-ming yillik tarixida Quyosh Xudosiga, Oy Xudosiga sigʻinib, otliq, piyoda dasht kezib yurgan pallalarida paydo boʻlgandir bu gap-soʻzlar balki, harnechuk bu ajab taomil asosida eʼtiqod yotadi. Boʻlmasa, mushtdaygina bola jimitday ogʻzi bilan suvluq chaynab turib, “Bobotovni yutdim, Boysuntovni yutdim”, deb vaʼda-daʼvo qila bilarmidi!?

    Bobotogʻ — togʻlarning bobosi.

    Bobotogʻ — choʻkayotgan togʻ!

    Bobotogʻ — suvsiz togʻ!

    Bobotogʻ — Surxondaryoning sharqida. Maʼlumotlarga koʻra, togʻning uzunligi 125, eni 30-40 kilometr. Eng baland choʻqqisi 2290 metr — Zarkosa. Paleogen va Yura davri ohaktoshlari, gil, alevrolit qum toshlaridan tarkib topgan. Qirlari adogʻida chigʻanoqlar koʻp.

    Nuh alayhissalomning kemasi bu manzillarda ham chayqalib suzib oʻtganiga ishongim keladi. Necha million yillar burun dunyoni toʻfon egallab, suv olganida bu azim qirlar ham suv ostida qolgan. Ehtimol, suv chayqalishidan soʻng toʻlqinlar avji bilan paydo boʻlgandir bu qirlar. Chigʻanoqli qatlam Surxondaryoning Hisor tizmasi adoqlarida (Boysuntogʻ, Choʻlboyirtogʻ), Koʻhitang tizmasi (Zaraut daralari)da ham uchraydi. Bobotogʻ ilmiy dalillarga koʻra, Osiyodagi eng yoshi ulugʻ togʻ. Ayrim qatlamlarning yoshi milliard yillardan xabar beradi.

    Ana shu togʻning qoʻshni Tojikiston bilan chegara hududlarida “Tebatning havori” degan manzil bor ekan. Butun dunyoga “qorakoʻl terining makoni” boʻlib tanilgan bu manzilga bordim.

    Va bashariyat bino boʻlib, andisha va hayoni anglagandan beri buzilmay saqlanib kelayotgan odamlar va qadriyatlarni koʻzim bilan koʻrdim. Uch yuzdan ziyod xonadondan iborat bu kenglikda bir-biridan uzoqda yashaydigan qishloqlar bor ekan. Oʻzimga yoʻldosh qilib mahoratli fotografni olib kelmaganimga yoki Roʻzi Choriyevday musavvir emasligimga nadomat ham qildim. Bu manzillarda odamning oʻz-oʻzidan hayqirgisi, qoʻshiqlar aytgisi keladimiyey?! Odam allatovur hislarning asiri boʻlib qoladi. “Hay yoraaa!” deb choʻpon bobolar aytgan termalarni koʻngil tusaydi. Odam asli erkinlikning farzandi ekani tomirimdagi qadim qonim gupurib ketadi.

    * * *

    Tebatning havori degani Qumqoʻrgʻon tumaniga qarashli tabiatning bir kengish tekisligi. Jarqoʻrgʻonga tutashgan. Bobotogʻning tugash joyidan boshlangan. Bobotogʻning azim choʻqqilari mayoqda oʻtirgan qorovulday qoʻr toʻkib oʻtiradi — koʻrinib turadi. Ammo unga yetib borguncha man degan yigit ham boʻlaricha boʻladi.

    * * *

    Alqissa, shu azim dashtda Yoʻldosh hoji Gʻoʻchchiyev degan saksondan oshib, kampiri bilan farzandlaru nevaralar kamolidan shukronaga kelib turgan oqsoqolning xonadonida mehmon boʻldim. Eng yaqin qoʻshnisining uyi uch yarim chaqirim, maktab yetti yarim chaqirimda. Gap, choʻpon boboning qiziq qismati, hayotda topgan yoʻli, baraka topgan choʻpon tayogʻi xususida boʻldi.

    — Ey, shoir ulim, bu Tebatning havorida mening koʻzimning yoshi tommagan joy qolmadi. Minnat boʻlmasin! Bergan davlatigayam, bergan dardlarigayam koʻp shukr! Besh yoshimda otadan yetim qoldim. Enam bechoraning bir gapi-duosi qulogʻimda qoʻrgʻoshinday qotdi: “Sen sagʻirning ham uying boʻlsa, uyingdan ikki ovvora manglay terlab chiqsa, shu kunlarni koʻrsam — armonim yoʻq!” Xudoyimdan aylanay! Oʻn ikki yoshimda uch yuz ellik tuyaga tuyaboqar boʻldim. Kakaydiga oborib suvlab kelgich edim...

    Oʻn olti yoshimda Soat choʻponga choʻliq boʻldim. Keyin oʻzimga kolxoz qoʻy sanab berdi. Kimsan bosh choʻpon boʻldim. Shu dashtdagi qoʻtonimga kelmagan katta qolmadi. Har yuz bosh sovliqdan ikki yuz-ikki yuz oʻttiz qoʻzi toʻl olganimda koʻkragimga orden taqishdi. Mukofotga “Ural” loʻlka berishdi. Keyin ishimni butun Surxonga koʻz-koʻz qildi, choʻponlar tajribaga kelishdi. Enam bechora aytganday “uyimdan ikki ovvoraning manglayi terlab chiqdi.” Enam shu kunlarni ham koʻrdi. Koʻp shukr...

    Choʻpon bobo gapiryaptiyu koʻzimga urush yetim qilgan avlodlarning zahmatli hayoti koʻrinib ketdi. Yana bugungi yoshlar ham. Oʻn toʻrt yoshli oʻgʻlimga qorongʻi tushgandan soʻng doʻkondan non olib kel desam, “bir oʻzimmi?” deb onasiga jovdiraydi. Bir koʻzi televizorda...

    Mana bu qarshimda oʻltirgan suyaklari yirik, sakson yoshli oqsoqol 1953-yilda uch yuz ellik bosh tuyaga choʻpon boʻlgan. Qariyb 50-60 kilometr joyga tuyani haydab, kun ora suvlab kelgan. Tuya degan jonivor 7-8 ming yil burun qoʻlga oʻrgatilgan bir oʻjar jonzodkim, bahorda ogʻzidan koʻpik sochib quturib ketadi — katta odam oldiga borishga yuragi dov bermaydi. Ammo Yoʻldosh bobo, oʻsha vaqtdagi Yoʻldosh yetim tuyaga, tuya galasiga zoʻrini oʻtkazgan. Bu haqdagi ikkilanishimni chol ilgʻadi, chogʻi, izoh berdi:

    — Elda shunday gap yuradi: ilon quvsa, jonalab (yonalab, deyotir) qoch. Tuya quvsa soyga qoch. Ot quvsa goʻrga qoch! Ilon yona betda oʻzi dumalab ketib, senga ziyon berolmaydi. Tuya tepadan pastga chopolmaydi. Loʻkillab orqada qolib ketadi. Ot quvsa goʻrga qoch degani, otdan qutulib boʻlmaydi. Otning devi bor. Qoʻlimdagi choʻqmorli zarang bilan tuyaning uyurboshisi qora nortuyani yotgan vaqtida besabab tumshugʻiga urdim. Tuyaning joni ogʻridi. Oʻkirib turib qochdi. Butun galadagi tuyalar buni koʻrdi. Ichida “bu bachchagʻar jomon ekan, aytgan tomoniga juraberayik” degan boʻlsa kerak-da. Shuytib tuyaboqar boʻldim. Enajonim koʻzi toʻrt boʻlib kutib oʻtirgʻich edi: “Keldingmi, qoʻzim. Tuya torpib (hujum qilib, jarohatlab) tashlamadimi, deb oʻtiribman” derdi. Men boʻlsa: “Ena, oʻzingiz aytasizku, Xizrbobo yoʻldoshing, deb. Xizr bobom qoʻriydi meni,” deb tasalli beraman. Enam: “Iloyim, shunday boʻlsin-da!” deb mildirabgina duo qiladi.

    Olti yoshda edim. Oqmachit degan joyda lalmi bugʻdoy ekkan edik. Shu bugʻdoy pishdi, oʻrib eshak bilan galagov qildik. Bugʻdoyni shopirib, qopga soldik. Ikki sentirdan koʻp boʻldi. Buni eshakka ortib uyga obborish kerak. Enam: borib hamsoyani chaqirib kel, ortishib yuborsin, dedi. Hamsoyamiz ichiqoralik qildimi, yo oʻzi chini bilan kasalmikan, kelmadi. Ukam eshakni noʻxtasidan qimirlatmay ushlab turibdi. U toʻrt yashar edi. Men eshakning ustida tikka turibman. Enam qopning uchini menga ushlatdi. Oʻzi pastdan koʻtardi. Qop eshakning ustiga yetayetay deb qolganda, enamning kuchi yetmay yana pastga toyib tushib ketdi. Ogʻirda! Oxiri, enam alamidan yigʻlab yubordi. Soʻng boʻynim aralash yelkamga bir musht urdi: “Qachon katta boʻlasan, qachon odam boʻlasan?” Men ham, ukam ham yigʻlab qopga tarmashdik. Enamga Xudo kuch berdi. Qopni eshakka ortib oldik. Soʻng xursand boʻp uyga keldik.

    Boboning choʻponlik, qorakoʻl terisiga ixtisoslashgan qorakoʻl zotli qoʻy turiga choʻpon boʻlib dovruq qozongan pallasiga eʼtibor qilsak, juda qiziq maʼlumotlarga duch kelamiz.

    U kishi 16 yoshida Soat degan arkar (bosh choʻpon)ga yordamchi choʻpon — choʻliq boʻlib ishga oʻtadi. Soat bobo yosh shogirdiga dashtu togʻlar sirlarini, oʻti moʻl yoki zaharli oʻtlar oʻsadigan manzillarni, qoʻyning feʼl-atvorini tobiga keltirib oʻrgatib boradi. Ziyrak, intiluvchan, shoir iborasi bilan aytganda, hayotga oʻtday tarmashgan yosh yigit ustozning har bir ibratidan xulosa chiqarib, oʻzida tatbiq qila oladi.

    Choʻponlik — choʻng ilmdir! Choʻpon bilganni baʼzan akademik ham bilmaydi. Doʻmbirachilikda “Choʻponcha” degan kuy bor. Xalq tilida “choʻpon uyqu” degan ibora bor. Choʻpon — dasht sultoni. Uning ichki sezimlarida tabiatga katta mehr bor, instinkt darajada ulugʻ bir qoʻrquv ham bor. Bu qoʻrquv Yaratgan Ollohdandir.

    — Rayondan bir eshon keldi, — deya navbatdagi hikoyasini boshladi bobo. — Qoramoshinda. Moshinning ustida oʻnta qoʻy bor ekan. U kishini tanimasdim. Oʻzini tanitdi. Bekeshon degan kishi ekan. Avlodi sayyidlardan ekan. Menga: shu oʻnta qoʻyni boqib ber. Ikki yildan soʻng opketgani kelaman, dedi. “Xoʻp”, deb opqoldim. Hammasi hisori qoʻylar ekan. Ikki yilda eshonning qoʻylari oʻttiz beshta boʻldi. Oʻsha yili men oʻttiz besh yoshga toʻlgan edim. Eshon keldi. Yana shu moshinda. Ikki muridi-shotiri bilan. Qoʻyini suruvdan ayirib oldiga olib keldim. Eshonbobo: “Oʻntasini olib qoling. Bu sizning xizmat haqingiz”, dedi. Yoʻq, dedim. Koʻnmadim. Soʻng eshonbobo dardini ochdi. Gapning boʻlari shulki, eshonbobo mendan oldin boshqa choʻponlarga qoʻy qoʻshib koʻribdi. Bir-ikki yilda bor qoʻyiyam sop boʻlib, yoʻqolib “Boʻri yedi, zovga uchdi” degan bahonalarni eshitib, uyga quruq qaytar ekan. Eshonbobo qiblaga burilib menga duo berdi. Koʻp xursand boʻldim. Oʻsha yili men davlatning planini 250 foizga bajardim. Har yuz bosh qoʻydan 240-250 qoʻzi-toʻl oldim. Qoʻylarim qiyday qoʻziladi. Menga mukofotga “Moskvich” berishdi. Eshonmi, qorami, kim boʻlsayam odamni rozi qilgan yaxshi-da...

    Ayni paytda Yoʻldosh otaning oʻgʻli Abdulla aka Gʻoʻchchiyev bir otar qorakoʻl qoʻyning bosh choʻponi. Tagʻin bir nevarasi Fayzulla Yoʻldoshev ham boshqa bir otarga bosh choʻponlik qiladi. Har biri ikki mingga yaqin qoʻy boqadi. “Koʻk kaptar” deb nom olgan Surxon qorakoʻli moviy, tusi bilan tovlanib Ovrupo bozorlarida ham oʻz xaridorini topgan. Katta-katta shaharlarda qorakoʻl teridan tikilgan poʻstin yoki telpaklarni kiyib yurgan janoblaru xonimlarni koʻrsam, “Tebatning havori”da zarang tayogʻini manglayiga tirab, zahmat tortib yurgan aziz inson — chorvador choʻpon koʻz oldimga keladi. Qariyb yoʻqolib ketish arafasiga kelib qolgan qorakoʻlchilik sohasining Prezidentimiz tashabbusi bilan qayta tiklanishi Yoʻldosh ota kabi koʻplab choʻponlarni xursand qildi.

    — Prezidentimizga koʻp rahmatlarim bor. Qorakoʻlning qadrini bildi. Choʻponning kimligini bildi. Bir zamonda bitta bizdi kolxozning 78 ming qoʻyi bor edi. Qani u qoʻylar? Endi qaytadan tiklanyapti. Nasib, undan ham koʻp boʻladi. Hamma sharoitlar qilinayapti. Ilgari bu bizga ertakday eshitilardi. Endi koʻnglimiz koʻtarilib katta ishlarga bel bogʻladik. Xudoga shukr!

    * * *

    Molning tuyogʻidan qattiq odam moldor boʻladi. Bu gap rost. Bu gapdagi qattiq soʻzi, xasis maʼnosida emas. Aksincha, qattiq, mustahkam irodali degan mazmundadir. Shuning uchun ham “Dehqon yoqqanda (yomgʻir-qor), choʻpon oʻlganda tinadi”, degan maqol paydo boʻlganki, choʻpon tirik jon bilan muomala qiladi. Qoʻyning ham koʻngli borligini, uni anglash, tushunish lozimligini choʻpon biladi. Chorvada “Olmas” degan toʻmtoq termin bor. “Olmas” terminining davomi quyidagicha: “Olmas qoʻy”, “Olmas echki”. Maʼnosi bunday: biror yosh qoʻy qoʻzilaganda bolasini begona qilib, tanimay qoladigan odati bor. Onasini emish uchun kelgan qoʻzichoqni ona sovliq tepadi, suzadi. Qoʻzichoq mayib boʻladi. Buni bilgan choʻpon sovliqning boʻynidan quchoqlagancha, qoʻyning oyoqlarini ushlab turib bir qoʻshiq aytadi. Bu qoʻshiq qoʻyni iydiradi. Bolasiga mehr uygʻotadi.

    Toʻray-toʻy, toʻray-toʻy,

    Ol bolangni, jonivor,

    Ol bolangni, esli qoʻy.

    Toʻray-toʻy, toʻray-toʻy...

    Bu qoʻshiqni baʼzan choʻponning ayoli aytadi. Ayolning ovozida mung bor, mehr bor, sehr bor.

    Saratonning sariq kunida peshonadan kun oʻtib, qishning izillagan qahratonida suruvni yoyib yuradigan, qishda qoʻtondagi shotraga botib, yozda chang yutib, kiygan kiyimining rangi oʻngib yuradigan choʻponning tayogʻida Xizr alayhissalomning qoʻl izi bor deydilar. Men bu gapga juda qattiq ishonaman! Choʻponning tayogʻi xalq orasida qasam oʻrni turadigan muqaddas matohdir. Yaʼni birovni ikkinchi bir kishi nimadadir, deylik oʻgʻirlikda ayblasa, ayblanayotgan kishi buni tan olmasa, el yigʻiladi. Va oʻrtaga choʻponning tayogʻini tashlaydilar. Va ayblanuvchi ham, ayblayotgan kishi ham oʻz soʻzini aytib, yoqasini ushlab, tayoqdan hatlaydi. Bu — qasam! Agar ayblanayotgan kishi chindan ham oʻgʻirlik qilgan boʻlsa, uning hayotida albatta, oʻzgarish boʻladi. Buni daho el qalbi darrov payqaydi. Xulosasini aytadi: ana, Xudo koʻrsatdi. Birovning molini urgan ekan, jazosini oldi!

    Shu sababdan ham naql bor: “Choʻponning tayogʻidan, kelinning oyogʻidan”. Ushbu tugallanmay qolgandek tuyuluvchi gapdagi mazmun qut-baraka haqidadir. Choʻponning tayogʻi barakali kelsa, yil yaxshi boʻladi, ekin-tikin avj qiladi. Chorva baror oladi.

    Yangi tushgan kelinning poyi-qadami xayrli kelsa, bemorlar shifo topadi, befarzand kishilar tirnoq koʻradi. Ana shu tabarruk tayoq yerda qolmasligi kerak. Yoʻldosh oqsoqolning tayogʻi ham yerda qolmadi. Farzandlar bu tayoqni koʻziga surib, ota boshlagan ishni davom ettirmoqda.

    oʻldosh hoji bir maqol aytdi. Bu maqolni aytishga sabab u kishining oilaviy hayoti haqidagi mavzuga koʻchganim boʻldi.

    — Otadan besh yoshimda yetim qolgan bir sagʻir edim. Olloh oʻnta farzand — toʻrt ul, olti qiz berdi. Hammaginasi omon-eson yuribdi. Xudoga shukr! Oʻgʻillarimning uchtasi chorva sohasida. Eshmoʻminboy chorva boʻyicha iqtisodchi, Abdullaboy arkar, Xayrullaboy ferma mudir. Kenja oʻgʻlimiz oʻqiyman, katta odam boʻlaman deb, Toshkanga ketdi. Umri uzoq boʻlsin, uning ketganiyam yaxshi boʻldi. Shahardagi ishlarning hammasi shu kenjaning boʻynida. Qizlarim paloxmon toshday boʻlib har qaysisi har joyda, palak yozib yashab yuribdi. “Bir otar qoʻyni boqishdan koʻra, bir qizni boqish qiyin!” Bu — maqol! Qizlarim ham Xudoga shukr, betimizni yerga qaratgan yoʻq..!

    * * *

    Respublikamizda yagona boʻlgan, qorakoʻl zotli naslchilikka ixtisoslashgan “Sayhon-Bobotogʻ suri” naslchilik shirkat xoʻjaligida bugun chorvador choʻponlarimiz qariyb 30 mingga yaqin qoʻyni boqishyapti. Chori Sattorov raislik qiladigan ushbu xoʻjalik tumanning, viloyatning oʻziga xos iqtisodiy tayanchi, ayni damda faxri hamdir.

    Meni Bobotogʻ quyoshiday issiq mehr bilan kutib olgan mezbonlar xuddi oʻshanday iliq taft bilan kuzatib qoldilar. Xayrlashuv chogʻida hoji otaning oʻgʻliga hazillashdim:

    — Xayrulla aka, kelgusi yil bahorda taʼtilga chiqib oldingizga kelaman. Meni bir oyga choʻponlikka ishga olasiz. Miyalarim bi-ir dam olib qaytaman!

    — Boʻldi, gap yoʻq! — dedi u tabassum bilan. Ammo qani endi unday qilolsam, qilolmaymanda. Internetsiz, telegramdagi xabarlarsiz beadoq dashtda bir kun ham turolmayman. Ana shunday — temir matohlarning asiri boʻlib qolayotgan yuragim bu dashtlarda bir toʻldi, toshdi, toʻkilgim keldi. Toʻkildim...

    Shodmonqul SALOM,

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir