Tashrif doirasida olimlar, mutaxassislar, qishloq xoʻjaligi korxonalari vakillari uchun “Qishloq xoʻjaligi chorvachilik va parrandachiligini oziqlantirishning innovatsion usullari” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.
Shuningdek Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo va Namangan viloyatlari innovatsion rivojlanayotgan Doʻstlik, Sirdaryo, Nishon va Oltinsoy tumanlariga tashrif buyurib, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish hamda investitsiya kiritish boʻyicha oʻzaro manfaatli kelishuv va bitimlar imzolanishi kutilmoqda.
Maʼlumot uchun: “AGROFEED” (Vengriya) parrandachilik, chorvachilik, quyonchilik va baliqchilik uchun koʻp vitaminli va mineralli premikslarni ishlab chiqaruvchi taniqli kompaniya hisoblanadi. Kompaniya Yevropa, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaning 20 dan ortiq mamlakat bozorlarida oʻz mahsulotlari bilan qatnashib kelmoqda. Shuningdek, qishloq xoʻjaligining boshqa sohalarini rivojlantirish boʻyicha ilgʻor kompaniyalardan biri hisoblanadi.
Axtam Daliyev, Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassisi:
— Yaqinda respublika rahbari tomonidan oʻtkazilgan selektor yigʻilishida Oʻzbekistonda parrandachilikni rivojlantirish, uning ozuqa bazasini kengaytirish boʻyicha bir qator masalalar qoʻyildi. Shulardan biri — Oʻzbekistonda parrandachilikni Vengriya tajribasida oʻrganish va Vengriyadagi parrandalarni Oʻzbekistonga keltirib, iqlimlashtirish va bu ishlarni kengaytirish boʻyicha ham topshiriq berildi. Uning ijrosini taʼminlash maqsadida bugungi tadbirimiz parrandalar, krosslarni yetishtiradigan kompaniyalar bilan birgalikda oʻtyapti. “Babolna Tetra Kft” kompaniyasi dunyoda parranda yetishtirish va oʻzimizda “Vengerka” degan nom bilan 50 yildan buyon sanoatimizga kirib kelgan parrandalarni yetkazadigan kompaniyadir. Ularning vakillari “Vengerka” tetra krossini olib kelish, ularni iqlimlashtirish va Uzbekistonda shu sanoatni yana-da rivojlantirish uchun tashrif buyurdi. “AGROFEED” kompaniyasi parrandachilikda ozuqa bazasini kengaytirish, uning veterinariyasini kuchaytirish, oʻzimizda yetishtiriladigan xomashyodan ratsion ishlab chiqarish, oʻzimizning mahsulotdan chetdan olib kelinadigan import oʻrnini bosadigan mahsulot yetishtirishga qaratilgan.
Mamlakatimizga premikslar toʻliq xorijdan keltiriladi. Biz Vengriyalik hamkorlar bilan shuni Oʻzbekistonda ishlab chiqarish boʻyicha muzokaralar olib bormoqdamiz. Hamkorlarimiz shu kunlarda Toshkent viloyatidagi bir qancha parrandachilik, chorvachilik korxonalarida boʻlib, ularga maslahatlar berishdi. Kelgusida Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida boʻlib, u yerda ham oʻsha korxonalar bilan kelgusi ishlashni belgilab olyapmiz. Tadbirda Rossiyaning “Biotrof” kompaniyasi vakillari ham ishtirok etmoqda. Ular ilmiy ishlab chiqarish kompaniyasi boʻlib, baliqchilik, chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik yoʻnalishlarida veterinariya va ozuqa ishlab chiqarish tajribasi bilan oʻrtoqlashmoqda.
Tadbir doirasida fermer xoʻjaliklari, dehqon xoʻjaliklari, qishloq xoʻjalik korxonalari hamda ozuqa ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari bilan kelishuvlar imzolandi. Shu jumladan, Toshkent viloyatining Qibray tumanida shu kabi ishlab chiqarishlarni tashkil qilish, Surxondaryo viloyatining Boysun, Oltinsoy tumanlari, Qashqadaryo viloyatining Nishon tumani, Shahrisabz shahrida, Jizzax viloyatining Doʻstlik, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanlarida 1 soatda 1 tonna ozuqa yem ishlab chiqaruvchi uskunalarni qoʻyish va ularning faoliyatini birgalikda hal etishga kelishilgan.
Tadbir soʻngida bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari, shu jumladan chorvachilik va parranlachilik instituti, Fanlar akademiyasining Zoologiya instituti, Mikrobiologiya institutlari bilan bu kompaniyalar oʻrtasila memorandumlar imzolandi. Shu jumladan, Samarqand veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti va Rossiyaning “Biotrof” kompaniyasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum shartnomalari imzolandi, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati.
Aruxan Aqpanbetova,
«Nurli jol» gazetasi muxbiri.