Chuqur tarixiy, etnik va ijtimoiy mazmun ifodasi

    2-iyul – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilingan kun

    Maʼlumki, mamlakatimiz mustaqillikning ilk yillaridayoq oʻzining davlat ramzlari – Davlat bayrogʻi, gerbi va madhiyasini davlatchilik va mustaqillik ramzlari sifatida tegishli qonunlar bilan tasdiqladi. Ushbu ramzlar oʻzbek xalqining tarixiy xotirasi, bugungi maqsadlari va kelajak gʻoyalarini oʻzida mujassamlashtiradi. Mana shu ramzlarni eʼzozlash oʻzining qadr-qimmatini, oʻz mamlakatiga va shaxsan oʻziga boʻlgan ishonchni mustahkamlash demakdir.

    Har bir davlat ramzi oʻzida chuqur tarixiy, etnik va ijtimoiy mazmun ifoda etadi. Bayroq va gerblarda tasvirlangan tasvirlar va ularning ranglari muayyan xalq, millat oʻtmishi, qadim anʼanalari, turmush tarzi, orzu-umidlari, maqsadi, gʻoyalarini ifodalashga xizmat qiladi. Davlat madhiyasida esa xalq, millat, davlat va jamiyatning yagona maqsadi, birligi, gʻoyalari mujassamlashtiriladi.

    Davlatimiz ramzlaridan biri boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi 1992-yil 2-iyulda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi 616-XII-sonli qonuni asosida tasdiqlangan.

    Gerbimizga yaqindan nazar tashlaydigan boʻlsak, markazda tinchlik, baxt va erksevarlik ramzi boʻlgan Humo qushi va uning qanotlari orasida charaqlab turgan quyosh, togʻli vodiy va ikki tomonda oqib kelayotgan daryolar tasviri, chap tomonida bugʻdoy boshoqlari, oʻng tomonida ochilgan paxta chanoqlari surati tushirilgan chambardan iborat. Ushbu ramz va timsollar xalqimizning tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yoʻlidagi orzu-umidlarini ifodalaydi.

    Gerbning yuqori qismida respublika jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz: sakkiz qirra ichida yarim oy va besh qirrali yulduz – musulmonlarning qutlugʻ ramzi tasvirlangan. Gerbning pastki qismida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida “Oʻzbekiston” deb yozib qoʻyilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohi, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, respublika davlat boshqaruvi organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Markaziy bank, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, sudlar, prokuratura organlari, Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari binolarining old tomoniga aks ettiriladi, ularning majlislar zaliga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda yuqoridagi davlat organlari rahbarlari xonalariga joylashtiriladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) oʻtkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas. Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlari Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbiga oʻxshash boʻlishi mumkin emas.

    Qonunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, shuningdek Oʻzbekistonda turgan boshqa shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbini hurmat qilishlari shart.

    Davlat ramzlari shartli belgilar boʻlsa-da, davlat mavjudligini koʻrsatib qadim davrlardayoq xalqlarning u yoki bu hodisa, olam, mavjudot haqidagi qarashlarini ifodalagan. Davlat ramzlarini muayyan millatning etnopsixologik xususiyatlari, qarashlari, orzu-umidlari, intilishlari hamda maqsadini, hududiy, siyosiy-ijtimoiy birlik mohiyatini ajratishga xizmat qiluvchi tasviriy belgilar majmuyi sifatida qarash mumkin. Muayyan davlatning bayrogʻi, gerbi hamda madhiyasi davlat ramzlari majmuyini ifodalaydi.Davlat bayrogʻi, gerbi ham jahon miqyosida mavjud boʻlgan muayyan davlatning oʻz xalqi, millati nomidan faoliyat yuritish imkoniyatiga ega ekanligini anglatadi.

    Davlat gerbi boshqa ramzlar qatori insonga oʻz mamlakati bilan faxr tuygʻusini beradi, oʻz mamlakati bilan faxrlanadigan inson esa koʻp narsalarga qodir boʻladi. Bu esa jamiyatning, umumiy maʼnoda davlatning rivojlanishi garovidir.

    Shahnoza Almosova,

    Toshkent davlat yuridik universiteti oʻqituvchisi