Chust tumani innovatsion hududga aylantiriladi

    Bugun innovatsiyalarga ehtiyoj har jabhada yaqqol sezilmoqda.

    Shunga monand ommaning ularga qiziqishi ham tobora ortyapti. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, iqtisodiyotning taraqqiyoti doimo maqbul innovatsion strategiya, eng soʻnggi ilmiy-texnik yutuqlardan foydalanish, axborot texnologiyalari imkoniyatlarini keng joriy etishga bogʻliq.

    Prezidentimiz Namangan viloyatiga tashrifi asnosida hamda yaqinda qishloq va suv xoʻjaligi masalalari xususida oʻtkazilgan yigʻilishda innovatsiyalarni olis hududlardagi aholiga yetkazish, mahalliy olimlar yaratgan ishlanmalar orqali odamlarning ogʻirini yengil qilish, yangi ish oʻrinlari yaratish, yoshlarning yangi texnologiyalarga qiziqishini oshirish va ularni innovatsion faoliyatga jalb qilish uchun joriy yil davomida har bir viloyatda bittadan iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan tumanni innovatsion hududga aylantirish vazifasini qoʻydi.

    Ilk namuna va tajriba sifatida ushbu tashabbus boʻyicha Chust tumanida eʼtibor qaratiladigan asosiy yoʻnalishlar, hamkor va javobgar tashkilotlar, iqtisodiy asoslarni aniq belgilab berdi. Shunga muvofiq, Chust tumani hokimligi bilan hamkorlikda tumanni innovatsion hududga aylantirish boʻyicha takliflar va ularni amalga oshirish boʻyicha tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

    Xoʻsh, tumanni innovatsion hududga aylantirishda qanday ustuvor ishlar bajariladi?

    Muayyan hududni innovatsion rivojlantirishning muhim omili innovatsion infratuzilmani yaratishdan boshlanadi. Bunday infratuzilma oʻzaro bogʻliq, bir-birini toʻldiradigan obyekt va subyektlar jamlanmasidir. Ilmiy faoliyat natijalarini joriy etish uchun, avvalo, maqbul sharoit yaratilishi shart. Shundan kelib chiqib, mahalliy byudjetdan innovatsion faoliyatga ajratiladigan 1,64 milliard soʻm mablagʻ tuman hokimining innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari va tumanni innovatsion rivojlantirish sektori faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda ijtimoiy innovatsiyalarni joriy qilish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi. Bu jarayonda tuman hokimining innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari faoliyati bevosita Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

    Tuman qishloq xoʻjaligi sektoriga innovatsiyalarni joriy etish — oʻta muhim masala. Jarayonda fermer xoʻjaliklari, klasterlar va yerdan foydalanuvchilarga resurslardan ratsional va samarali foydalanishga koʻmak berish talab etiladi. Kamroq vaqt, mablagʻ, tabiiy resurslar sarflab, koʻproq va sifatliroq oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish kun tartibidagi muhim vazifalardandir. Prezidentimizning “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida hozir Chust tumanida 2 ming 135 nafar yoshga 20 sotixdan yer ajratilgan. Mana shu tashabbus doirasida mehnatga bel bogʻlagan iqtidorli, faol yoshlarni qoʻllab-quvvatlash uchun ular orasidan innovatsion gʻoyaga ega 200 nafar yigitga tanlov asosida 10 million soʻmgacha mablagʻ ajratiladi. Bu pul sifatli urugʻ, oʻgʻitlar xarid qilish yoki boshqa zarur innovatsiyalarni joriy etishga sarflanishi mumkin.

    Chust tumanida zamonaviy, innovatsion “Chust textile” korxonasi tashkil qilingani haqiqatan tarixiy voqelik hamda oxirgi yillarda paxtachilik sohasida olib borilgan islohotlarning salmoqli natijasi boʻldi. Navbatdagi vazifa korxonaning milliy brendini yaratishda innovatsiyalar bilan yordam berishdir.

    Fanlar akademiyasining Genomika va bioinformatika markazi bilan hamkorlikda kelgusi yildan boshlab Chust tumanida biotexnologik usulda olingan yuqori hosildor va ertapishar “Porloq-1” va “Porloq-4” gʻoʻza navlari 4 ming gektar maydonga ekiladi. Olingan paxta tolasi qayta ishlanib, “Chust textile” korxonasida tayyor mahsulotga aylantiriladi. Bu kelgusida eksportga yoʻnaltirilgan “Porloq Chust” milliy brendini yaratishga xizmat qiladi. “Porloq-1” va “Porloq-4” gʻoʻza navlarining tolasi uzun boʻlgani bois uni xorijiy davlatlarga eksport qilish istiqbolli sanaladi. Yangi hosil yetishtirilguniga qadar Genomika va bioinformatika markazi zaxirasidagi 4 tonna paxta tolasi yaqin kunlarda “Chust textile” korxonasiga yetkazib beriladi va eksperimental mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

    Oʻzbekistonda import oʻrnini bosuvchi mahalliy xomashyo va probiotik bakteriyalar asosida ozuqa turi va qoʻshimchasini yaratish hamda ishlab chiqarish loyihasi davlatimiz tomonidan qishloq xŭjaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtirishga katta eʼtibor qaratilayotgani mahsulidir. Shaxsiĭ yërdamchi, dehqon va fermer xŭjaliklarida chorvachilik, parrandachilik, baliqchilikka qiziqish ortayotgani yangi ozuqa turlarini koʻpaytirish va ishlab chiqarishni talab etmoqda.

    Chust tumanida xorijdan import qilinadigan ozuqa qoʻshimchalari oʻrniga mahalliy probiotik bakteriyalar asosida ozuqa qoʻshimchasi va ozuqa turlarini ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratish qishloq xŭjaligi haĭvonlaridan mŭl va sifatli mahsulot olinishiga xizmat qiladi. Turli probiotik asosli qoʻshimchalar bilan ishlov berish yemning xavfsizligi va ozuqaviyligini taʼminlaydi. Turli zamburugʻ mikotoksinlaridan himoyalab, ozuqada oqsil, aminokislota, vitaminlar miqdorini orttiradi. Bundan tashqari, chorva mollarining hazm tizimini yaxshilab, sut va goʻsht mahsuldorligini oshiradi.

    Hozir texnoparklar innovatsion infratuzilmani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishning muhim mexanizmlaridan biri vazifasini oʻtamoqda. Texnoparklarning maqsadi innovatsiyalarning ishlab chiqarish va isteʼmol bozoriga kirib borish yoʻlini qisqartirish, innovatsion loyihalarni mantiqiy yakuniga yetkazish, investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoit yaratishdan iborat.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Yashnobod” innovatsion texnoparkida 2018–2020-yillar mobaynida 35 rezident faoliyat yuritib, 337 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Rezidentlar tomonidan 147,6 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 1,1 million AQSH dollari miqdoridagi tovar eksport qilindi. Mazkur texnopark rezidentlari 4,6 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritdi. Hududiy innovatsion zonani rivojlantirish maqsadida texnopark rezidentlari eksterritoriallik asosida Chust tumanida joylashtiriladi. Bu tumanda ilgʻor texnologiyalar, ilmga asoslangan tadbirkorlik rivojiga istiqbolli innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va joriy etishga koʻmak beradi.

    Navoiy shahrida amalga oshirilgan startap loyihamiz tajribasi asosida Chust shahri Wi-Fi Hotspot dasturi asosida bepul internet bilan taʼminlanadi. Mazkur loyiha hozircha Navoiy viloyatida amalga oshirilyapti va u yurtimizda yagona hisoblanadi. Navoiy shahrida 400 ta Wi-Fi qurilmasi oʻrnatilgan boʻlib, 6–10 kilometr radiusda shahar boʻylab Wi-FI tarmoqlari ishga tushirilgan. Bunday tizimning Chust shahrida ishga tushirilishi hududga tadbirkorlarni jalb qilish, sayyohlar oqimini koʻpaytirish, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, xavfsizlikni taʼminlash, ozodalikni saqlash kabi qator masalalarni hal qilishda muhim omil boʻladi.

    Ayni paytda kutubxonalar katta oʻzgarishlarni boshdan kechirmoqda. Bu ziyo maskanlarining kitobxonlarga oʻzgacha yondashuv bilan bir qatorda faoliyatiga yangi texnologik imkoniyatlarni olib kirishi bilan ham ifodalanmoqda. Asosiy maqsad odatiy mutolaa zalini kommunikatsiyaviy va madaniy markazga aylantirishdir. Zero, raqamlashtirish jarayoni jadal taraqqiy etayotgan davrimizda kutubxonalar texnologik va uslubiy jihatdan oʻzgarishi tabiiy. Bu asnoda kutubxonalarning imiji oʻzgaradi, ommalashadi, tarbiyaviy ahamiyati oshadi. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining mavjud elektron bazasidan foydalangan holda Chust tumanidagi oʻnta qishloq maktablarida innovatsion kutubxona tashkil etiladi. Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan bu loyihada QR kodlarni joylashtirish orqali adabiy peshtaxtalar tashkil etish ham nazarda tutilgan.

    Tibbiyot sohasiga innovatsiyalarni jalb etish ham juda muhim. Bu kasalliklar profilaktikasi, diagnostikasi va nazoratini takomillashtirish, shuningdek, yangi preparatlar va uskunalar bilan bogʻliq. Oʻz navbatida, tibbiy innovatsiyalar aholining oʻzgaruvchan talab va istaklarini samarali qondirishga qaratilgan bilimlar koʻlamini kengaytirish va mavjudlarini boyitishga qaratilgan. Chust tumanida Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining 907 million soʻm mablagʻi hisobidan 1 ming 200 bemorga xizmat koʻrsatadigan onkologik kasalliklarni diagnoz qilish innovatsion skrining xizmati faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bundan maqsad saraton kasalligining oldini olish, erta aniqlash va davolash choralarini koʻrishga qaratilgan. Mazkur xizmat vazirligimiz huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazida akseleratordan oʻtgan startap loyiha boʻlib, namanganlik yosh olima Shohista Rustamova gʻoyasiga asoslangan.

    Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasiga innovatsiyalarni joriy etish va mahalliy xomashyodan yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish orqali bino va inshootlarning mustahkamligini taʼminlash, bunyodkorlik jarayoniga sarflanadigan vaqt va mablagʻni tejash, eksport oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish kabi masalalar hal etiladi. “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan hamkorlikda hududiy tadbirkorlik subyektlari innovatsion qurilish materiallari, jumladan, keramogranit, metallogranit va qurilish oynasi ishlab chiqariladi.

    Shaharni obodonlashtirish, koʻchalarning koʻrkini ochuvchi zamonaviy transport bekatlari aholiga qulaylik yaratuvchi makonga aylanmoqda. Vazirlikning Termiz shahri tajribasi asosida Chust tumanida ham mahalliy byudjetning tasdiqlangan xarajatlari hisobidan oʻnta “aqlli bekat” tashkil etiladi. Ularda yozgi-qishki konditsioner, jamoat transporti harakat jadvalining tablosi, “Fuqaro-tezkor yordam xizmati” favqulodda aloqa axborot paneli, atrof-muhit monitoringi sensori, bepul Wi-Fi internet tarmogʻi, videokuzatuv hamda USB elektr tarmogʻi nuqtalari oʻrnatiladi. Har bir bekat quyosh panellari bilan taʼminlanib, ular bekatning yoritqichlari va USB elektr tarmogʻi nuqtalarini avtonom elektr energiyasi bilan taʼminlaydi. Bundan tashqari, bekatdagi odamlarning soni toʻgʻrisida tezkor maʼlumot toʻplash imkoniyati ham paydo boʻladi. Bu esa yoʻnalishdagi transport harakatini rejalashtirish imkonini beradi. Shuningdek, bekatlar va ularning yon-atrofida jamoat tartibini buzish holatlari boʻyicha tezkor maʼlumot olish ham mumkin. Bekatlarda bank toʻlov terminallari oʻrnatilishi aholiga yana bir qulaylik boʻladi. Uchta boʻlmali chiqindi qutilari aholining ekologik madaniyatini oshirishga hissa qoʻshadi. Bekatlarda oʻrnatiladigan poyabzallarni tozalovchi uskunalar yoʻlovchilarning saranjom-sarishta yurishi, jamoat transportini toza-ozoda saqlanishiga xizmat qiladi.

    Mavsumiy iqlim oʻzgarishlarini inobatga olgan holda bekatlar ochiq va yopiq kutish zallaridan iborat boʻladi. Shuningdek, oʻzgaruvchan havo iqlimiga chidamliligini oshirish maqsadida “aqlli bekat”ning ichki tomonida haroratni nazorat qiluvchi moslamalar joylashtiriladi. Kech tushganida bekatlarning oynalari katta ekran vazifasini oʻtay boshlaydi. Ularda turli ijtimoiy va tijoriy reklama roliklari namoyish etiladi. Bu roliklarni bekat ichidan ham, tashqarisidan ham turib tomosha qilish mumkin.

    Innovatsiyalarning boshida tadqiqotlar, olimlar, ilm-fan yutuqlari turadi. Namanganlik olimlar yaratgan oltita yangi ishlanmani tijoriylashtirish uchun 2,5 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi. Bulardan tashqari, godji (dereza) dorivor oʻsimligini yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish hamda mikroorganizmlar asosida organik-mineral oʻgʻitlar olish texnologiyasini ishlab chiqish loyihasini amalga oshirish koʻzda tutilgan.

    Joriy yil yakuniga qadar esa bekor yurgan yoshlarni Sirdaryo tajribasi asosida ish bilan taʼminlash, tadbirkorlikka qiziqtirish, kichik biznes va kasanachilikni rivojlantirish, kasb-hunarga yoʻnaltirish maqsadida Chust shahrida kichik innovatsion texnologiyalarga oʻqitish va ulardan foydalanishga oʻrgatuvchi Innovatsion biznes-akselerator tashkil etiladi. U yoshlarda muhandislik koʻnikmalarini shakllantirish va innovatsion faoliyatga qiziqish uygʻotishga, yigit-qizlarning axborot texnologiyalari boʻyicha bilim olishi va ish bilan taʼminlanishi, shuningdek, hududning ijtimoiy holatini yaxshilashga xizmat qiladi.

    Bu yil Chust tumanini innovatsion hududga aylantirish boʻyicha tajriba kelgusida barcha viloyatlardagi bittadan tumanda amaliyotga tatbiq etiladi. Zero, bu tashabbusni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoit, ishlanma va ilmiy salohiyat, eng muhimi, halqimiz va yoshlarimizda xohish-istak mavjud.

    Ibrohim ABDURAHMONOV,

    innovatsion rivojlanish vaziri, akademik