“CLAAS Central Asia Investment” kompaniyasi bilan hamkorlik kuchaytiriladi

    Agrosektor 27 Aprel 2023 1327

    Kuni kecha Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov Germaniyaning “CLAAS Central Asia Investment” kompaniyasi bosh direktori Anderssen Peter Lars Martin boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashdi.

    Unda qishloq xoʻjaligi sohasining agrotexnika yoʻnalishi boʻyicha kompaniya bilan hamkorlikning istiqbolli jihatlari muhokama etildi.

    Muloqot chogʻida qishloq xoʻjaligi Oʻzbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri ekanligi va bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining sal kam 30 foizini tashkil etishi, ayni paytda esa sohaga zamonaviy texnikalarni jalb etish orqali hosildorlikni oshirish, aholini sifatli qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash bugungi kundagi ustuvor vazifalardan biri ekanligi taʼkidlab oʻtildi.

    Shuningdek, tomonlar yurtimizning qulay geografik joylashuvi, Markaziy Osiyodagi eng koʻp sonli aholi, malakali ishchi kuchi, boy tabiiy resurslarga egaligi va oʻsib borayotgan iqtisodiy faolligi kabi jahon iqtisodiyotidagi asosiy ustun jihatlariga hamda eʼtibor qaratdi.

    Suhbat davomida mamlakatimizda hozirgi kunda qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilarning texnikalari uchun mahalliylashtirish darajasi talab qilinmasdan texnika narxining 15 foizi miqdorida subsidiyalar ajratish belgilanayotgani haqida maʼlumot berildi.

    Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlik yoʻnalishlarini aniqlash va memorandum imzolash boʻyicha kelishib olindi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.