Shunga muvofiq qayta ishlangan “Yo‘l xaritasi”da vaksina olishi zarur bo‘lgan qatlam uch asosiy guruhga ajratildi. Ushbu tasniflash kasallikning og‘ir kechishi va o‘lim xavfiga ko‘ra “yuqori”, “o‘rta” va “past” darajalarni qamrab oldi.
Xususan, yuqori xavf guruhi sifatida quyidagi aholi toifasi birinchi navbatda vaksina olishi zarurligi belgilandi:
- keksa yoshli kishilar;
- qandli diabet va yurak xastaligiga chalingan yoshlar;
- immunitet tanqisligidan aziyat chekayotganlar (OIV infeksiyali va transplantasiya qilingan kattalar va olti oylikdan oshgan bolalar);
- homilador ayollar;
- tibbiyot xodimlari.
JSST ushbu guruhga mansub kishilar oxirgi emlanishdan 6 yoki 12 oy o‘tgach, buster dozada vaksina olishi zarur, deb hisoblaydi.
O‘rta xafv guruhiga:
- yondosh xastaliklari bo‘lmagan 50-60 yoshli sog‘lom kishilar,
- qo‘shma kasalliklarga chalingan bolalar va o‘smirlar kiritildi.
Bu aholi qatlami to‘liq bosqichda emlangandan so‘ng bir marta buster doza qabul qilishi yetarli, deb topildi.
Past xavf guruhiga 17 yoshgacha bo‘lgan sog‘lom bolalar va o‘smirlar kiritildi.
JSST ekspertlari xulosasiga ko‘ra, vaksinalar va ularning buster dozalari bolalar uchun xavfsiz bo‘lsa-da, ularning emlanishiga doir qarorlar mamlakatlardagi kasallik tarqalish darajasi, ehtimoli va iqtisodiy omillarga asoslanishi kerak.