Davlat tilida ish yuritish: yana bir qulaylik yaratildi

    “O‘zbekiston nashriyoti” davlat unitar korxonasida 15 ming nusxada nashr qilingan ushbu qo'llanma ham vazirlik, idoralar va hokimliklarga bepul taqdim etilmoqda.

    O'zbek tilining nufuzini oshirish bo'yicha qator tizimli ishlar amalga oshirilayotgan, bu boradagi Qaror va farmonlar ijrosi ta'minlanayotgan bo'lsa-da, hanuz bu kabi ishlar ko'lamini yanada kengaytirishga ehtiyoj mavjud ekani sezilmoqda. Ayni ehtiyojni qondirish masalasiga O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mas'ul, albatta. Ushbu mas'uliyatni chuqur his qilgan holda samarali faoliyat olib borayotgan departament tomonidan 2020 yilda tilimiz rivojiga xizmat qilguvchi 10 ga yaqin kitoblar chop etilgani fikrimiz dalilidir. Ayniqsa, sentyabr` oyida “Davlat tilida ish yuritish”ning yangi, takomillashtirilgan nashri 4 ming nusxada chop etilgani va barcha vazirlik va idoralar, xo'jalik birlashmalari, hokimliklarga bepul tarqatilgani ajoyib tuhfa bo'lgan edi. endilikda mazkur nashrning lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosidagi qayta ishlangan va to'ldirilgan nashri ham dunyo yuzini ko'rdi. O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O'zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bilan hamkorlikda chop etilgan “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo'llanmasi taqdimoti Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida bo'lib o'tdi. Tadbirda Departament vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari, Toshkent shahar va tumanlari hokimlarining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo'yicha maslahatchilar, tilshunos olimlar, kitob mualliflari va OAV vakillari ishtirok etdi.

    —Mana shu yerda o'tirgan maslahatchilarning barchasi davlat tilida to'g'ri ish yuritish orqali tilimizning nufuzini, qadrini oshirishga mas'ul shaxslardir, — dedi tadbirni kirish so'zi bilan ochgan Abdug'affor Qirg'izboev. Shuningdek, taniqli notiq Rahimboy Jumaniyozov ham o'zbek tilining nufuzini oshirish ko'cha-ko'ydagi ruscha so'zlarni o'zbekchasiga almashtirish emas, davlat tilida to'g'ri so'zlash va ish yuritishdan boshlanishini alohida ta'kidladi.

    Tadbirda nutq so'zlagan kitob mualliflaridan Nizomiddin Mahmudov, Yorqin Odilov, Innovatsion rivojlanish vaziri maslahatchisi Orif To'xtash va boshqalar ham mazkur qo'llanmaning tilimiz taraqqiyoti yo'lidagi beqiyos o'rniga to'xtalib o'tdilar.

    Aytish joizki, mazkur amaliy qo'llanmada tashkilot va muassasalarning ish yuritish faoliyatida eng ko'p qo'llanadigan hujjatlar, ularni tuzish tartib- qoidalari masalalariga urg'u berilgan, mazkur hujjatlar tegishli namunalar bilan ko'rsatilgan, shuningdek, ish yuritishga oid lug'atlar ham kitobdan o'rin olgan.

    “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo'llanmasi birinchi navbatda, tashkilotlar rahbarlari va xodimlariga, boshqaruv faoliyatida bevosita hujjat ustida ishlovchilar, kotib-referentlar, kadr xizmati xodimlariga mo'ljallangan, shuningdek, undan hisobchilar, adliya maslahatchilari, auditor, menejerlar ham foydalanishlari mumkin.

    “O‘zbekiston nashriyoti” davlat unitar korxonasida 15 ming nusxada nashr qilingan ushbu qo'llanma ham vazirlik, idoralar va hokimliklarga bepul taqdim etilmoqda.

    Darhaqiqat, o'zbek tilining ham ona tili, ham davlat tili sifatidagi taraqqiyotini ta'minlash, hech shubhasiz, milliy manfaatlarimizga xizmat qiladigan muqaddas harakatlardan hisoblanadi. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bugun ana shunday harakatlarning boshini qovushtirish, bu boradagi ishlarga yangicha ruh berish maqsadida faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, o'zbek tilining davlat tili sifatida nufuzi va mavqeini oshirishga yo'naltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlarni qo'llab-quvvatlashi, o'zbek tilining boy ifoda imkoniyatlarini ko'rsatadigan izohli va terminologik lug'atlarni nashr etish, ilmiy asoslangan so'z va atamalarning o'zbekona muqobillarini yaratish va bir xilda qo'llanilishini ta'minlash, pirovardida esa har bir fuqaro qalbida davlat tiliga ehtirom tuyg'usini shakllantirishga alohida e'tibor qaratmoqda.

    Munojat Mo'minova,

    “YAngi O'zbekiston” muxbiri