Axborot almashinuvi tezkorligi, soʻz erkinligi va jamoatchilik fikri eʼtiborga olinishi, ommalashishi hamda bu sohadagi reytinglar eʼlon qilinib borilishi ham u yoki bu soha rivojiga, imijiga bevosita taʼsiri koʻrsatmoqda. Zamonaviy jamiyatda davlat xizmatchisining jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari bilan aloqalari rivojlanishi, bu munosabatlarni tartibga solishga oid qonunchilikni takomillashtirishni, umuman mazkur masalaga alohida eʼtibor berishni talab etadi.
Xorij tajribasiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Rossiya, shuningdek Yevropa Ittifoqi davlatlarida jamoatchilik orasida oʻtkazilgan soʻrovlarga koʻra, davlat xizmatchilari imiji deyarli bir xil stereotip, yaʼni byurokratlar sifatida baholanadi. Davlat idoralari axborot xizmatlarining bu yoʻnalishdagi vazifalari muhim. Ular nafaqat idora yoki tashkilot imiji, balki tizimda faoliyat yuritayotgan har bir davlat xizmatchisining imijini shakllantirishga, ular jamoatchilik bilan aloqalarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyishiga yordam berishi lozim. Albatta, davlat xizmatchilarining ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik vakillari bilan munosabatlarini tartibga solishga oid meʼyorlarning qonunchilik hujjatlarida mustahkamlab qoʻyilishi davlat xizmatchilarining ham, jamoatchilik vakillarining ham masʼuliyatini oshiradi.
Yurtimizda sohaga oid 10 ga yaqin qonun hujjati qabul qilingan. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori alohida ahamiyatga ega. Qaror bilan davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari tasdiqlandi va ular davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy madaniyati, xizmat faoliyati davomida hamda xizmatdan tashqari vaqtda odob-axloqi, tashqi koʻrinishi va kiyinish uslubining namunaviy qoidalarini belgilaydi. Ahamiyatlisi, ushbu qoidalarda ilk bor davlat xizmatchisining jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan munosabatlariga oid odob-axloq qoidalari belgilandi. Unga muvofiq, davlat xizmatchilari ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlik qilishi, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini OAVda yoritishga koʻmaklashishi kerak.
Davlat siyosati yoki davlat organlari va tashkilotlari faoliyati toʻgʻrisidagi ommaviy bayonotlar davlat organlari va tashkilotlari rahbari yoki mazkur yoʻnalish boʻyicha vakolatli mansabdor shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, qoidalarda ommaviy bayonot berilishi mumkin boʻlmagan holatlar ham aniq koʻrsatib oʻtildi. Xususan, ommaviy bayonot matni va mazmuni davlat siyosati yoki davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga aloqador boʻlmasa, ommaviy bayonotda keltiriladigan axborotlar davlat sirlari bilan bogʻliq boʻlsa, ommaviy bayonot boshqa davlat organlari va tashkilotlari nufuzini pasaytirish yoki ularning mansabdor shaxslarini kamsitishga yoʻnaltirilgan boʻlsa, ommaviy bayonot berilishi mumkin emasligi qatʼiy belgilandi. Albatta, davlat xizmatchilari ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlik qilishi, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga koʻmaklashishi kerak. Bu bilan tashkilot faoliyatining ochiqligi taʼminlanadi hamda turli shakldagi yolgʻon, noxolis va ishonchsiz axborotlar jamoatchilik orasida tarqalishining oldi olinadi.
“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborot jumlasiga davlat organlarining, ularning tarkibiy va hududiy boʻlinmalarining huquqiy maqomini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar, davlat organlari tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa maʼlumotlar kiradi. Davlat organlarining oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni tayyorlash hamda tarqatish vazifalari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan hamkorlikni taʼminlash tashkilotning axborot xizmatiga yuklatiladi. Axborot xizmati ommaviy tadbirlarni tashkil etish, axborot xabarlarini tarqatish, shuningdek, davlat organlarining rasmiy veb-saytida ularning faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni joylashtirish va yangilab borish yoʻli bilan davlat organlari faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish chora-tadbirlarini koʻradi. Misol uchun, Germaniya tajribasiga nazar solsak, mamlakatning axborot erkinligi toʻgʻrisidagi qonuniga koʻra, davlat organlari OAV va fuqarolarga tashkilot faoliyati haqida maʼlumot berishga hamda soʻralgan taqdirda rasmiy hujjatlarni taqdim etishga majbur. Idora va tashkilotlarning axborot xizmatlari ham xuddi bizdagi kabi barcha OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlar monitoringini amalga oshiradi, press-reliz yozadi, matbuot anjumanlari va brifinglarga tayyorgarlik koʻradi, murakkab mavzularni aholiga tushunarli tarzda yetkazishga harakat qiladi.
Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalariga muvofiq, davlat xizmatida jamoatchilik nazoratini taʼminlash maqsadida jamoatchilik tomonidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga oid ayblov yoki tanqid bildirilgan taqdirda, davlat organlari va tashkilotlari unga nisbatan bildirilgan ayblov yoki tanqidga ommaviy izoh yoki raddiya berishi lozim. Agar ommaviy bayonotda fuqarolar shaʼni hamda qadr-qimmatini kamsitadigan iboralar boʻlsa, davlat xizmatchisi oʻz fikrlarining yanglishligi yoki notoʻgʻriligini tan olishi hamda shaʼni, qadr-qimmatiga va ishchanlik obroʻsiga daxl qilingan fuqarodan, agar qonun hujjatlarida boshqa oqibatlar nazarda tutilmagan boʻlsa, kechirim soʻrashi shart. Tashkilot faoliyati bilan bogʻliq masalalar, jamoatchilik muhokamasiga sabab boʻlayotgan muammolar yuzasidan ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik vakillari davlat organlarining faoliyati toʻgʻrisida axborot olishga doir soʻrov yuborishi mumkin. Davlat organlarining faoliyati toʻgʻrisida axborot olishga doir, shuningdek, mansabdor shaxslarning intervyusini tashkil etish toʻgʻrisidagi soʻrovi koʻpi bilan yetti kunlik muddatda koʻrib chiqiladi. Soʻrovni koʻrib chiqish davlat organlari vakolatlariga kirmasa, soʻrov soʻralayotgan axborotni taqdim etish vakolatiga kiritilgan organga roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida yuboriladi, axborotdan foydalanuvchi esa bu haqda xabardor qilinadi.
Rasmiy nashrlarda, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan yoxud rasmiy veb-saytlarga joylashtirilgan axborot soʻralganda davlat organlari axborot eʼlon qilingan rasmiy nashrning, ommaviy axborot vositasining nomi, chiqarilish sanasi hamda raqamini yoki soʻralayotgan axborot joylashtirilgan rasmiy veb-saytning elektron manzilini koʻrsatgan holda havola berishi mumkin. Soʻrov rad etilganda axborotdan foydalanuvchiga asoslantirilgan javob yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan davlat organlarining jamoatchilikka axborot berish tizimi mustahkamlangan. Unga koʻra davlat organlari va tashkilotlari har yili 1-martgacha oʻz faoliyatiga oid hisobotni rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, 10-martgacha uni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti haqida xabar berishi, 1-aprelgacha oʻz faoliyatiga oid hisobotni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun matbuot anjumanlarini oʻtkazishi lozim. Farmon bilan davlat organlari Oʻzbekiston Respublikasining ochiq maʼlumotlar portaliga va oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, ularni har chorakda yangilab boradigan maʼlumotlar roʻyxati tasdiqlangan. Davlat idoralari faoliyati, davlat xizmatchilari tomonidan amalga oshirilayotgan muhim loyihalar haqidagi maʼlumotlarni taqdim etish bilan bir qatorda, jamoatchilik fikrini muntazam ravishda oʻrganish va monitoring qilish muhim. Bu esa, davlat xizmatchilarining jamoatchilik orasidagi imijini aniqlash, kelgusida jamoatchilik bilan aloqalar jarayonida eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan yoʻnalishlarni, jihatlarni belgilab olish hamda koʻriladigan chora-tadbirlar natijasida davlat xizmatchilarining imijini oshirishga koʻmaklashadi.
Davlat tashkilotlarining axborot xizmatlari qanchalik faol va zamon talablariga muvofiq ishlamasin, davlat xizmatchilari oʻzlari ongli ravishda masala mohiyatini anglamaguncha, zarur imijni shakllantirib boʻlmaydi. Buning uchun esa davlat xizmatchilari orasida muntazam ravishda mediasavodxonlik hamda imijiologiya kabi yoʻnalishlardagi bilim va koʻnikmalarini nafaqat taʼlim muassasalarida, shu bilan birga shaxsiy rivojlantirish rejalari asosida oshirib borish taklif etiladi. Bu esa, kompleks, har tomonlama oʻylangan hamda ekspertlar fikri asosida ishlab chiqilgan yondashuvni talab etadi.
Xulosa qilib aytganda, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan aloqaga kirishishda har bir davlat fuqarolik xizmatchisi uchun aniq qoidalar mavjud. Odob-axloq qoidalari davlat xizmatchisida yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish, jamoatchilik ongida davlat xizmatiga boʻlgan hurmat va ishonchni oshirish hamda davlat xizmatchilarining axloq qoidalariga zid boʻlgan hatti-harakatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Sevara Zokirova,
yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori