Bugun jadal rivojlanayotgan sohalardan biri — maktabgacha taʼlimga tub yangilanishlardan biri sifatida kirib kelgan davlat-xususiy sheriklik (DXSH) tizimi qamrovni keskin oshirishda muhim omil boʻlyapti. Asosiysi, buni odamlarning oʻzlari ham his qilmoqda.
Zero, 2018-yilda DXSH asosidagi maktabgacha taʼlim muassasalari soni 751 ta edi. 2021-yilga kelib, ular 11269 tani tashkil etdi. Bu orqali 3 yil avval 3344 ta ish oʻrni tashkil etilgan boʻlsa, ayni paytda DXSH natijasida 33679 kishining bandligi taʼminlandi. Shuningdek, bu tizim ming-minglab ota-onalarning uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qildi. Bugun bitta mahallaning oʻzida kamida 2 ta xususiy bogʻcha ochilyapti. Muhimi, tadbirkorlar DXSHdan unumli foydalana boshladi.
Mazkur tizimning endilikda madaniyat sohasiga ham tatbiq etilayotgani muhim voqelikdir. Ayni paytdagi ishlar Prezidentimizning 2018-yil 1-avgustdagi “Madaniyat va sanʼat sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-iyuldagi “Madaniyat va sanʼat sohasida davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirishga koʻmaklashish va moliyalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2020-yil 26-apreldagi “Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorlari asosida yoʻlga qoʻyilyapti.
Madaniyat vazirligi tizimida davlat-xususiy sheriklik asosida foydalaniladigan obyektlar roʻyxati tasdiqlangan boʻlib, 2020-yilda vazirlik tomonidan xususiy sheriklar oʻrtasida 10 ta loyiha boʻyicha jami qiymati 50 milliard soʻmlikdan ortiq bitim (shartnoma)lar imzolandi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi “Madaniyat va sanʼat sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida beriladigan davlat mulki obyektlarining roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan madaniyat va sanʼat sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida beriladigan 172 ta davlat mulki obyekti roʻyxati tasdiqlangan. Ularning 140 tasi madaniyat markazi, 18 tasi madaniyat va istirohat bogʻi, 48 tasi madaniyat markazlari yer maydoni, 8 tasi foydalanilmasdan yotgan bino va 2 tasi taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan amfiteatrdir.
Ushbu roʻyxatdagi obyektlar boʻyicha hozirgi kunda Madaniyat vazirligiga mahalliy tadbirkorlar tomonidan 30 dan ortiq taklif loyihalari kelib tushgan. Ushbu loyihalar Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi veb-saytlariga eʼlon berish boʻyicha belgilangan tartibda qonun hujjatlariga asosan qayta koʻrib chiqilmoqda. Hozirgi kunda 3 ta obyektning loyiha hujjatlari eʼlonga berilgan.
DXSH tizimga nima beradi?
Ushbu savolga, avvalo, Madaniyat vazirligi tizimida taʼmirtalab holga kelib qolgan mingga yaqin madaniyat va sanʼat muassasasini davlat-xususiy sheriklikka berish orqali ularni yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, zamon talablari asosida jihozlash uchun ajratiladigan byudjet mablagʻlari tejalishiga erishiladi, deb javob berish mumkin.
Bu toʻgʻridagi qarorda Madaniyat vazirligi bilan kelishilmasdan, ularning roziligini olmasdan turib, madaniyat markazlari, madaniyat va istirohat bogʻlari, teatrlar, bolalar musiqa va sanʼat maktablari tasarrufidagi koʻchmas mulklarni xususiylashtirish, shuningdek, ular hududidagi yer maydonlarining mahalliy hokimliklar zaxirasiga olinmasligi alohida qayd etilgani muhim ahamiyatga ega.
— Negaki, obyektlar mahalliy hokimliklar zaxirasiga oʻtkazilgandan soʻng belgilangan tartibda sotib yuborilishi kabi koʻplab salbiy holatlar kuzatilgan, — deydi Madaniyat vazirligi Investitsiyalarni jalb qilish va madaniy turizmni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Ulugʻbek Asqarov. — Bu esa, oʻz navbatida, hududlarda aholiga madaniy xizmat koʻrsatish imkoniyati kamayishiga sabab boʻlib, yoshlarni madaniyat va sanʼatga keng jalb etish ishlarining talab darajasida tashkil etilishida muammolar tugʻdiradi. Shu maʼnoda ham DXSHni madaniyat sohasiga joriy etish maʼnaviyatimizni qadrlash, maʼnaviy boyliklarimizni asrash borasida muhim omil boʻladi.
Shuningdek, qarorda madaniyat va sanʼat obyektlari DXSHga oʻtkazilgandan soʻng ularning ushbu yoʻnalishdagi barcha faoliyat turlari saqlab qolinishi, soha vakillariga ijodiy imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratish belgilangani ham yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, tadbirkorlar tomonidan madaniyat va sanʼat sohasiga yaqin boʻlgan turli xizmatlar koʻrsatish, kichik ishlab chiqarish va savdo faoliyati bilan shugʻullanishga ham ruxsat berildi.
Tadbirkorlar qoʻllab-quvvatlansa, bas
Marhamat tumanidagi madaniyat va istirohat bogʻi shu paytgacha huvillab yotgani, qoʻpol qilib aytganda, bu yerda zang bosgan temir qayiqdan boshqa koʻzga tashlanadigan biron narsa qolmaganini marhamatliklarning hech biri inkor qilmasa kerak. Negaki, bugun ular ayni shu yerda butunlay boshqa manzaraga guvoh boʻlib, “bogʻni obod qilganning otasiga rahmat”, deyayotgani aniq.
Oʻsha fayzsiz yerni xususiy sheriklik asosida olish taklifi bilan Madaniyat vazirligiga murojaat qilgan Shahobiddin Madaminov 3,5 milliard soʻm miqdoridagi oʻz mablagʻi hisobidan bogʻni chinakamiga “Bolajonlar asl bogʻi”ga aylantirdi. Tadbirkorning aytishicha, 10 tadan koʻp attraksion oʻrnatilib, amfiteatr tashkil etildi, bogʻning aylana yoʻli tekislandi. Bogʻda kichkinagina hayvonot bogʻi ham bor. Turli-tuman qushlar, burgut, tovuqlar, kiyik kabi jonivorlar diqqatingizni tortadi. Agar vaʼda qilingan imtiyozli kreditga ega boʻlsa, bogʻ egasi yaqinda katta charxpalak bilan birga yana 1-2 ta attraksion oʻrnatish niyatida.
— “Malaxit plus” MCHJ Samarqand viloyatidagi yetakchi qurilish tashkilotlaridan, — deydi korxona rahbari Oʻktamjon Qutbiddinov. — Aksariyat banklarning oʻzlari bizga taklif bilan murojaat qiladi. Chunki 18 yillik faoliyatimiz davomida uy-joylar, kottejlar qurib, ancha tajribaga ega boʻldik. Investitsiya kiritish sharti bilan oʻzimiz qurgan mehmonxona roʻparasidagi “Afsona” choʻmilish havzasini davlat-xususiy sherikligi asosida oldik. Koʻrkam mehmonxona oldida bir ahvolga kelib qolgan akvapark, umuman, xunuk manzara, axir. Tagʻin kuchli yogʻingarchilikda suv toshadi. Har qanday sayyoh, nahotki, shunday joyga mehmonxona qurilsa, deb taajjublanishi tabiiy. Akvaparkni obod qilish toʻgʻrisidagi taklifimiz qoʻllab-quvvatlangach, oʻz kuchimiz bilan fasadlarni yangiladik. Oʻsha suv toshib yotgan, tashlandiq joy bugun juda chiroyli koʻrinishga keldi. Nasib qilsa, yaqinda ochilish marosimini tantanali tarzda oʻtkazamiz.
Buxorolik tadbirkor Olti Husenov DXSH boʻyicha bitim imzolab, ertamiz egalari uchun eng ezgu ishga qoʻl urdi. Hatto kunduzi ham odam kirsa qoʻrqib ketadigan, Peshku tumani “Navoiy” MFY Qudrashex qishlogʻidagi sobiq Navoiy shirkat xoʻjaligining eski maʼmuriy binosi bugun tamomila yangi qiyofaga kirdi. Binoning ikkinchi qavatidagi 268,14 metr kvadrat joyda “Shahrizoda” nodavlat madaniyat va sanʼat muassasasi tashkil topdi.
— Tadbirkorning mashaqqatli mehnatlari, jonkuyarligi, eng muhimi, fidoyiligi ortidan 40 nafar odam ish bilan taʼminlandi, 530 nafar oʻgʻil-qiz musiqa va tasviriy sanʼat sirlarini oʻrganishga jalb etildi, — deydi keksa sanʼatkor, ustoz Yengil Avezov. — Biz, sanʼat, madaniyat fidoyilari bu xayrli amallar uchun mutasaddilarga minnatdorlik izhor qilamiz, boʻlayotgan ishlardan mamnun ekanimizni bildiramiz.
Koʻrinib turibdiki, tadbirkorlarning ishtiyoqi baland. Faqat ularni qoʻllab-quvvatlab, kerakli imkoniyatlar yaratib berilsa, bas. Oʻzi yashaydigan hududning obodligi yoʻlidagi olijanobliklari ularni yangi-yangi maqsadlarga undayveradi.
Oʻzbekiston tajribasini ham yaratish mumkin, agar...
DXSH toʻgʻrisidagi qonunning 1-loyihasida tizimni 16 ta sohaga joriy etish koʻzda tutilgan edi. Lekin rivojlanayotgan davlatlar tajribasini oʻrgangan holda, tizimni energetika, transport, kommunal, suv xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, irrigatsiya sohalariga joriy qilish istiqbolliroq, degan xulosaga kelindi.
DXSH borasida Turkiya tajribasini oladigan boʻlsak, ushbu mamlakatda koʻplab loyihalar mahalliy manbalardan moliyalashtiriladi. Bank va moliya tizimining rivojlangani bu borada ancha qoʻl keladi. Lekin shuni aytish mumkinki, DXSH boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini ham yaratsa boʻladi. Zero, Prezidentimiz tomonidan tizimni kengaytirishga doir tezkor chora-tadbirlar koʻrilayotgani mazkur tajribani yaratishga poydevor boʻlishi, shubhasiz. Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tashkil etilganidan 6 oy oʻtib, tezkor ravishda bu boʻyicha qonun, koʻplab qarorlar qabul qilish aytishgagina oson.
Aslida DXSHni barcha sohalarga joriy etish mumkin. Faqat ayrim davlat sheriklarining juda xom, moliyaviy hisob-kitoblarsiz taqdim etayotgan loyihalari bois, tizim baʼzi sohalarda samara bermayotgan boʻlishi mumkin. Amalga oshmay qolayotgan koʻplab loyihalar ayni sabablar tufayli qolib ketayotganini ham tan olish kerak. Ammo buning yechimi qiyin emas. Har qanday davlat sherigi DXSH borasida yondashuvni aniq belgilab olsa, obyektlarni mahalliy investorlarga bersa, bu boʻyicha xatlov oʻtkazsa, muammolar kamayadi. Jumladan, madaniyat sohasida ham. Tadbirkorlarning qiziqish darajasi oʻrganilib, tenderlar oʻtkazilishi tizimning yana-da samaradorligini taʼminlaydi. Xususiy tashabbuslar esa faqat va faqat tizimning taraqqiyotiga xizmat qilishiga shubha yoʻq.
Gʻolib XOLJIGITOV,
iqtisodchi,
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri