Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tomonidan “Demokratik jarayonlarni yanada takomillashtirish: zamonaviy yondashuvlar va xalqaro tajriba” mavzusida xalqaro davra suhbati o'tkazildi.Tadbirda mamlakatimizda olib borilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, xalq hokimiyatini mustahkamlash, yangi saylov tizimi va siyosiy raqobatni rivojlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini qo'llab-quvvatlash, ommaviy axborot vositalari erkinligini ta'minlash borasida erishilgan natijalar tahlil qilindi.
Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi, Oliy Majlis Senati a'zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari va siyosiy partiyalar vakillari, Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy Assotsiatsiyasi, “Yuksalish” harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, NNT va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
— Bugun mamlakatimizda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotganini ko'plab chet ellik ekspertlar e'tirof etmoqda, — deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi direktori vazifasini bajaruvchisi Azamat Pardaev. — Bugungi davra suhbatimizda ham mamlakatimizda demokratik jarayonlarni borishi, konstitutsion islohotlarning natijalarini muhokama qildik. Shuningdek, saylov jarayonlarida siyosiy partiyalar, nodavlat tashkilotlarning o'rni, xalqaro tajribada bunday jarayonlar qay tarzda amalga oshiriladi, shular xususida xorijiy ekspertlar bilan fikr almashdik.
Tadbirda Buyuk Britaniya, Kanada, Ozarbayjon, Misr, Pokiston, Rossiya kabi davlatlardan xalqaro darajadagi ekspertlar, taniqli mutaxassislar o'z ma'ruzalari bilan qatnashdi.
— O'zbekiston konstitutsiyasiga kiritilgan o'zgarishlar davlatning xalqaro maydondagi mavqeini yanada yuksaltirmoqda, — deydi Birmingem Universiteti(Buyuk Britaniya) professori Kris Tornxill. — Bizni e'tiborimizni tortgani O'zbekiston rivojlanish yo'lidan o'z milliyligini saqlagan holda boryapti. Bu kamdan kam kuzatiladigan holat. Bu jihat davlat qadriyatlarni ustun qo'yishini ko'rsatadi. O'zbekiston qonunchiligida ham milliylik elementlari ham xalqaro standartlarga xos jihatlarni ko'rish mumkin.
Ta'kidlanganidek, so'nggi 7-8 yil davomida mamlakatimizda chuqur demokratik islohotlar ortga qaytmas odimlar bilan ildamlamoqda. Inson huquq va manfaatlari ustuvor bo'lgan Yangi O'zbekistonni bunyod etishdagi insonparvarlik siyosati, ijtimoiy davlatchilikka asoslangan konstitutsiyaviy islohotlar, gender tenglik, ayollar va bolalar huquqlari kafolatini ta'minlash, davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan harakatlar va ularning natijalari alohida e'tirof etiladigan jihat.
Qizg'in mulohazalarga boy o'tgan anjuman nafaqat fikr almashish, balki yurtimizda demokratik jarayonlarni yanada jadallashtirish bo'yicha amaliy takliflar ishlab chiqish uchun ham muhim maydon bo'lib xizmat qiladi.