Doimiy komissiya raislari, kotibiyat mudirlari va mutaxassislari uchun seminar tashkil etildi

    Mamlakatimizda 16 Iyun 2022 1693

    Mahalliy Kengashlarning axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari boʻyicha doimiy komissiyalari raislari uchun seminar tashkil etildi.

    Joriy yil 16-iyunda Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi hamda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamkorligida mahalliy Kengashlarning axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari boʻyicha doimiy komissiyalari raislari, kotibiyat mudirlari, mutaxassislar uchun oʻquv seminari tashkil etildi.

    Seminarda soha mutaxassislari davlat organlari va tashkilotlarga nisbatan OAV va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinayotgan tanqidlarga tezkor munosabat bildirish amaliyoti, ular bilan oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari yuzasidan nazariy bilimlarni ulashdi.

    Bundan tashqari, seminarda mamlakatimizda soʻz erkinligini taʼminlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish, davlat va jamiyat hayotida ommaviy axborot vositalari rolini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida soʻz bordi.

    Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-154-sonli Farmoni qabul qilindi. Oʻtkazilgan seminarda mazkur Farmonda belgilangan vazifalar ijrosi haqida batafsil tushuntirish berildi.

    Qayd etish kerakki, mahalliy Kengashlar faoliyati yanada takomillashtirilib, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarida Axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari boʻyicha doimiy komissiyalar ish boshladi.

    Taʼkidlanganidek, har bir davlat idorasi va hokimlikda axborot siyosatini yuritishga bevosita masʼul axborot xizmatlari shakllangan.

    Seminar davomida oʻtgan yillar davomida OAV va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan tanqidiy ruhdagi materiallarga nisbatan axborot xizmatlari tomonidan bildirilgan munosabatlar real amaliy holatlar misolida koʻrib chiqildi. Qayd etilishicha, 2019-yilda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tanqidiy-tahliliy materiallarga munosabat bildirish amaliyoti 12 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2021-yil yakuniga koʻra, ushbu koʻrsatkich 93 foizga yetgan.

    Tadbir soʻnggida axborot siyosati yoʻnalishida doimiy komissiya raislari, kotibiyat mudirlari malakasini oshirish, bu borada soha mutaxassislari bilan hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.