Mamlakatimiz oliy taʼlim tizimining yetakchi oʻquv dargohi sifatida yurtimiz va dunyo tajribasining eng ilgʻor yutuqlarini oʻzida mujassam etayotgan “Yangi Oʻzbekiston” universiteti tashkil etilganiga hademay bir yil toʻladi. Qisqa vaqtda oliy taʼlim muassasasida erishilgan natijalar, talabalar qoʻlga kiritgan yutuqlar talaygina. Oʻtgan yili Prezident maktablari bitiruvchilarining 65 foizi oʻqish uchun shu yerni tanlagani bejiz emas. Zotan nufuzli xorijiy oliy oʻquv yurtlarining taʼlim dasturlari asosida yuksak kasbiy bilim va malakaga ega boʻlish, eng baobroʻ mahalliy ishlab chiqarish korxonalari va hatto chet elda amaliyot oʻtash imkoniyati, shuningdek, iqtidorli va akademik muvaffaqiyatga erishgan talabalar uchun turli grantlar taqdim etilishi, dunyoning eng mashhur oliy taʼlim muassasalari va sanoat korxonalari bilan hamkorlik, jahon standartlariga mos taʼlim tizimi universitetning jozibadorligi va maqomidan darak beradi.
Yaqinda Myunxen texnika universiteti faxriy prezidenti, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti faxriy rektori, doktor Volfgang Herman mamlakatimizda mehmon boʻldi.
Professor Herman noorganik va metall organik kimyo sohasida ilmiy izlanishlar olib boradi. U koʻplab akademik jamiyatlar aʼzosi, Germaniya va boshqa mamlakatlardagi 13 ta universitetning faxriy doktori, ISI (International Scientific Index) reytingiga koʻra, eng koʻp tilga olingan olmon kimyogarlaridan biri, sakkiz yuzdan ortiq ilmiy maqola va saksonga yaqin patent muallifi.
Muxbirimiz faxriy rektor Volfgang Herman bilan yurtimizda taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti haqida suhbatlashdi.
— “Yangi Oʻzbekiston” universiteti tashkil etilganiga hademay bir yil boʻladi. Sizningcha, oʻtgan davrda bajarilgan ishlar samarasi bugun nimalarda koʻrinmoqda?
— “Yangi Oʻzbekiston” universiteti yurtingizda amalga oshirilayotgan taʼlim islohotlarining mustahkam poydevoridir. Uni tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan va qoʻllab-quvvatlagan davlatingiz rahbariga minnatdorlik bildiraman. Mazkur oliy taʼlim muassasasi asta-sekin xalqaro maydondan munosib oʻrin egallayotgani, oʻqitish chet tilida olib borilayotgani, toʻliq tadqiqotlarga asoslangani, taʼlim jarayoniga xorijlik va mahalliy yuqori malakali professorlar jalb etilgani, dars berayotgan pedagoglarning ilmiy salohiyati yuqoriligi bilan birga amaliyotdagi, tadqiqotchilikdagi kuchli tajribasi inobatga olinganini taʼkidlashni istardim.
“Yangi Oʻzbekiston” universiteti tashkil etilganidan buyon uncha koʻp oʻtmagan boʻlsa-da, salmoqli yutuqlarga erishilganini koʻrish mumkin. Masalan, xorijning nufuzli tashkilotlari va taʼlim muassasalari bilan muvaffaqiyatli hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, Germaniyaning TUM International GmbH tashkiloti, Myunxen texnika universiteti bilan yaqin aloqalar oʻrnatildi.
Yangi universitetning yana bir oʻziga xosligi shundaki, ilm-fan, taʼlim hamda ishlab chiqarish oʻzaro integratsiya qilinadi. Bu yerda tahsil oladigan talabalarni birinchi kursdanoq ishlab chiqarish muassasalariga biriktirish koʻzda tutilgan. Ular birinchi kursdan ilmiy maqolalar yozishni oʻrganish uchun professorlarga biriktiriladi. Germaniyaning Myunxen texnika universiteti “Yangi Oʻzbekiston” universitetining strategiyasi va boshqaruv tuzilishini, akademik dasturlarini ishlab chiqish kabi koʻplab masalalarni hal etishda hamkorlik qiladi. Bundan tashqari, oʻzaro kelishuv doirasida universitetning saralangan 9 nafar talabasi Germaniyaning mashhur sanoat korxonalarida qisqa muddatli amaliyot oʻtash imkoniyatiga ega boʻldi. Amaliyot davomida yoshlar universitetda olgan nazariy bilimlarini amalda qoʻlladi.
Ayni paytda AQSHning Massachusets texnologiya instituti bilan hamkorlik oʻrnatilgan. Kelgusida mana shu nufuzli oliy oʻquv yurtlarining malakali professorlarini “Yangi Oʻzbekiston” universitetiga jalb qilish va ular yordamida oliygohning keyingi tuzilmasi hamda yangi ochiladigan yoʻnalishlari uchun oʻquv dasturlari ishlab chiqish koʻzda tutilgan. Tabiiy yoki ijtimoiy fanlar, kimyo muhandisligi bilan birga, tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha ham koʻplab ishlar bajarilmoqda.
Universitet binosi Oʻzbekistonda hali kuzatilmagan innovatsion uslubda quriladi va oʻzida ulkan laboratoriyani jo etadi. Hozir obyektni qurish boʻyicha ishlar jadal davom ettirilmoqda. Myunxen texnika universiteti tomonidan “Yangi Oʻzbekiston” universitetida oʻziga xos ekotizim barpo etish koʻzda tutilgan.
Dunyoga mashhur oliy oʻquv yurtlari tajribasi va koʻmagidan foydalanish, yaqin kelajakda talabalar hamda professorlar almashinuv dasturlarini yoʻlga qoʻyish kabi sohalarda kelishuvga erishiladi. Aytish mumkinki, bu kabi kelishuv va saʼy- harakatlardan maqsad, eng avvalo, yoshlarning chet el oʻqitish standartlari asosida taʼlim olishi va yuqori texnologiyalar bilan yaqindan tanishgan holda amaliyot hamda koʻnikmaga ega boʻlishi va yurtingiz ravnaqi uchun oʻz hissasini qoʻshishiga zamin yaratishdan iborat.
Shu oʻrinda mamlakatingizda taʼlim yoʻnalishida amalga oshirilayotgan islohotlarni yana bir bor taʼkidlamoqchiman. Ayniqsa, iqtidorli oʻquvchilarni saralab olish va ular bilan ishlash boʻyicha bajarilayotgan ishlar, jumladan, Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ham eʼtirofga loyiq. Bu yoʻsinda iqtidorli oʻquvchilarning ilmiy, ijodiy, intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarish davlatning, jamiyatning taraqqiyotiga asos boʻladi.
Bundan 50 yil oldin Myunxenda oʻqish uchun kichik bir xonani ijaraga olib, yashaganman. Bugun esa manzara oʻzgacha. Buni Oʻzbekistondagi taʼlim muassasalari misolida ham kuzatish mumkin. Ayniqsa, Prezident maktablaridagi shinam yotoqxonalar, kutubxona va sport majmualarini koʻrib, yana bir bor mamlakatingizda islohotlar gʻoyasi toʻgʻri tanlanganiga amin boʻldim. Biz Oʻzbekiston deganda faqat Toshkentni tushunmaymiz. Bugun har bir hududda ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilayotgani ham soha boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijasidir. Taʼlim sifati oshib borayotgani faqatgina poytaxtda emas, Oʻzbekistonning har bir hududida, har bir tumanida kuzatilmoqda.
Shu oʻrinda bir taklif aytmoqchi edim. Oʻzbekistonda maktab taʼlimi ham yaxshi rivojlangan. Bu xoh ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasi boʻlsin, xoh oddiy maktab — oʻqitish sifatini yuksaltirish, koʻproq muvaffaqiyatga erishish uchun oʻqituvchilarning salohiyati va mahoratini muntazam oshirish kerak. Maktablarga yuqori malakali, salohiyatli oʻqituvchilarni jalb qilish borasida doim bosh qotirish zarur...
— Sizga “Yangi Oʻzbekiston” universitetining faxriy rektori boʻlish taklifi bildirilganda qalbingizdan kechgan his-tuygʻular bilan oʻrtoqlashsangiz.
— Avvalo, bu universitet Prezidentingiz tashabbusi bilan tashkil etilgani menda katta ishonch va taassurot uygʻotdi. Davlatingiz rahbari taʼlim tizimini yuqori oʻringa olib chiqish uchun astoydil harakat qilmoqda. Shu maqsadda ochilgan yangi universitet boshqa oliy taʼlim muassasalariga namuna vazifasini oʻtaydi. Bundan tashqari, mamlakatingiz geografik va sanoat korxonalari joylashuvi jihatidan juda ham qulay oʻrinda.
Yana bir jihat shuki, universitet Oʻzbekistonning va dunyoning hozirgi yuqori darajadagi talablaridan kelib chiqqan holda oʻz istiqbolli yoʻnalishlarini belgilagan. Avvalo, davlatingiz rahbarining taʼlimga qaratayotgan yuksak eʼtibori meni juda xursand qildi. Chunki ushbu qadam mamlakatning rivojiga ulkan hissa qoʻshadi. Zotan har bir mamlakatning kelajagi yosh avlod bilan uzviy bogʻliq. Shunday ekan, yangi universitetning tashkil etilganini, birinchi navbatda, kelajakka kiritilayotgan katta sarmoya, deb bildim.
Men 50 yildan oshiqroq vaqt taʼlim sohasida ishladim. Shuning uchun yurtingizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va “Yangi Oʻzbekiston” universitetini tashkil etish gʻoyasining ahamiyatini yaxshi anglayman va juda yuqori baholayman. Bundan tashqari, yurtingiz yoshlarining muhandislik sohasiga qiziqishi meni juda hayratga soldi. Madaniyatga, tarixga katta eʼtibor qaratilayotgani va hamkorlar bilan shaffof va adolatli munosabatlarni yoʻlga qoʻygani universitetning eng katta yutugʻi, deb bilaman. Shu bois ham “Yangi Oʻzbekiston” universitetining faxriy rektori ekanimdan mamnuniyat tuyaman.
— Universitet xalqaro reytinglarda yuqori pogʻonani egallashi uchun bugun qanday chora-tadbirlar koʻrilmoqda?
— Universitetning barcha yoʻnalishdagi hamkorligi jahonning yetakchi universitetlari roʻyxatidan oʻrin olishga qaratilgan. “Yangi Oʻzbekiston” universiteti va dunyo oliy taʼlim muassasalari reytingiga kirishga yoʻl-yoʻriq koʻrsatadigan THE (Times Higher Education) tashkiloti oʻrtasida memorandum imzolangan boʻlib, yaqin 2 yilda universitet koʻrsatkichini yuqori pogʻonaga koʻtarish va 2030-yilga borib, mazkur oliy oʻquv yurti diplomini chet mamlakatlarda tan olinadigan darajaga olib chiqish koʻzda tutilgan.
“Yangi Oʻzbekiston” universitetining jahon reytingidan joy olishi va kelajakda dunyoning nufuzli oliygohlari roʻyxatiga kirishi yuzasidan xalqaro talabga javob beruvchi mezonlarga muvofiq saʼy-harakatlar davom etmoqda. Shuningdek, universitet professor-oʻqituvchilari dunyoning yetakchi reytingiga kiruvchi jurnallarda ilmiy maqolalar chop ettirish ustida ishlamoqda. Yangi gʻoya va tashabbuslar, ixtirolar yuzaga kelmoqda.
— Hamkorlik aloqalari doirasidagi talabalar almashinuvining amaliy ahamiyati haqida toʻxtalsangiz.
— Talabalar va oʻquvchilar almashinuvi muhim dasturlardan biridir. Bu orqali jahon miqyosida taʼlim, iqtisodiyot, sanoat sohasidagi yangiliklardan xabardor boʻlish mumkin. Tadqiqotchi sifatida esa xorijiy mamlakatlarning madaniyati, tarixi, odamlarning kundalik turmush tarzi, yashash sharoiti, oʻy- fikrlari bilan yaqindan tanishish, keyinchalik oʻrganilganlarni faoliyatga, tadqiqotlarga tatbiq qilish mumkin. Orttirilgan tajriba asosida mamlakat ilmiy salohiyatiga hissa qoʻshishi mumkin boʻlgan ixtirolar, tashabbuslarga zamin hozirlanadi. Bu mening tadqiqotlarimda ham oʻz aksini topgan. Men “Yangi Oʻzbekiston” universiteti talabalarining bakalavriat, magistratura yoki PhD darajasida taʼlim olib, mamlakatingizdagi nufuzli sanoat korxonalarida, tashkilotlarda faoliyat yuritishi tarafdoriman...
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Risolat Madiyeva suhbatlashdi.