баннер
13 Apr 2025
15:44

    “Dunyo sadolari”dan obod Xonobod

    Madaniyat 20 Iyul 2023 2018

    Jazirama issiq tinkani quritayotgan, jamiki jonzot soya-salqin, oromijon maskanlarda jon saqlagisi kelayotgan shu kunlarda “Oʻzbekiston Shveysariyasi” deya taʼriflanadigan soʻlim Xonobodga otlanganlar oqimi har qachongidan salmoqli.

    Bir yonda — togʻning toza havosi, shovullagan zilol suv, tepalikdagi sihatgohlar, bir yonda— shaharda ilk bor boʻlib oʻtayotgan “Dunyo sado”lari xalqaro milliy estrada sanʼati festivali. Jahon estradasining yorqin yulduzlari — “Dr Alban”, “Boney M”, “Fly Project”, “Gafur va Rakhim”lar respublikamizning chekka bir hududiga tashrif buyurishiga ishonmaganlar ham koʻp boʻldi.

    Mazkur xalqaro festivalni oʻtkazish taklifi Prezidentimizning 2019-yil Andijon viloyatiga tashrifi davomida turizmni rivojlantirishga doir loyihalar taqdimoti chogʻi ichki va tashqi turizmni rivojlantirish maqsadida ilgari surilgan edi. 2022-yil 3-fevralda esa davlatimiz rahbarining “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan 2023-yilda “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada sanʼati festivalini oʻtkazish belgilandi.

    Xonobod yanada obod boʻldi

    Madaniyat va turizm vazirligi mutasaddilari tomonidan festival doirasidagi tadbirlar tashkil etiladigan maydon, sahnalar belgilangach, ularni barpo etish, mehmonlarni joylashtirishga hozirlik ishlari boshlandi. Shaharga olib boruvchi yoʻllarda taʼmirlash, tozalash ishlari bajarildi. Festival logotipi tushirilgan bannerlar oʻrnatildi. “Xavfsiz shahar” loyihasi doirasida hudud atrofida kuzatuv kameralari oʻrnatildi.

    – Xonobodda yashayotganimdan gʻururlanaman, – deydi Mukarram aya Sotiboldiyeva. – Mana shunday tadbirlar kerak ekan. Shahrimiz azaldan chiroyli, mashhur boʻlgan. Shu bayram bahona yanada goʻzallashib ketdi. Bogʻlarimiz fayziga fayz qoʻshildi, Xonobodimiz yanada obod boʻldi.

    Xizmatda 30 ta avtobus, 100 ta taksi

    Festivalning tantanali ochilish va yopilish marosimiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar badiiy jamoalaridan 400 dan ziyod ishtirokchi jalb etilgan. Shuningdek, Chexiya, Bolgariya, Latviya, Polsha, Serbiya, Gruziya, Rossiya, Qozogʻiston, Gretsiya, Tojikiston va boshqa bir nechta davlatdan 30 dan ziyod vakil Xonobodda mehmon boʻlib turibdi.

    Andijon viloyat transport boshqarmasi boshligʻi Oʻtkirbek Mashrapovga koʻra, aholini tadbir kunlari transport bilan taʼminlash maqsadida 100 dona maxsus yengil mashina Xonobod shahri ichida mehmonlarga bepul xizmat qilmoqda. Shuningdek, 30 ta zamonaviy avtobus ham mehmonlar ixtiyorida. Xonobodga kirayotgan fuqaro, yoʻlovchilarga esa 20 ta jamoat transporti tashkil qilindi. Shahargacha kelgan har qanday fuqaroning festivalga yetib kelishida hech qanday muammo yoʻq.

    27 metrlik roʻmol

    Tadbirda barcha viloyatlar ijodiy jamoalari, hunarmandlari oʻziga ajratilgan maydonlarda hududga xos urf-odatlari aks etgan badiiy chiqishlari, hunarmandlik koʻrgazmalarini namoyish qilmoqda.

    Respublika “Hunarmand” uyushmasining Andijon viloyat boʻlimi rahbari Oʻtkirbek Arabboyevning bildirishicha, hududlardan 4 nafardan, mezbon viloyatdan esa 40 nafar hunarmand qoʻl mehnati namunalari bilan qatnashmoqda, ularga barcha sharoitlar yaratib berilgan.

    Ginnesning rekordlar kitobiga kirish uchun eni 27, ikki yoni 19 metrlik roʻmol toʻqigan andijonlik hunarmand Mayramxon opa Hamroboyeva festival bahona oʻz mahsulotini jahon ahliga koʻrsatayotganidan hursand. Dunyo boʻyicha qoʻl mehnati orqali yaratilgan bu eng katta roʻmol tadbir boʻlayotgan hududda joylashgan ikki qavatli savdo majmuasining tom qismiga ilindi. 68 yoshli hunarmand uni qariyb ikki yilda toʻqib bitirgan. Opa 30 kilogramm ip evaziga tayyor boʻlgan qoʻl mehnatini Toshkentdagi amaliy sanʼat muzeyiga topshirmoqchi ekanini bildirdi.

    Yana yangi isteʼdodlar kashf etildi

    14-iyul kuni Xonobod shahar Yoshlar markazida xalqaro tadbirning estrada yoʻnalishida qatnashish istagini bildirganlar uchun respublika saralash bosqichi boʻlib oʻtdi. Unda 40 dan ortiq guruh va koʻplab yakkaxon ijrochilar kuch sinashdi.

    Gʻoliblar festivalning ochilish marosimida tantanali taqdirlandi. Faxrli oʻrin gʻoliblariga diplom, statuetka va pul mukofoti (3-oʻrin — 10 million, 2-oʻrin — 20 million, 1-oʻrin — 30 million soʻm) taqdim etildi. Gran-pri sovrindori esa 40 million soʻm pul mukofoti, diplom, statuetka bilan taqdirlandi. Shuningdek gʻoliblar festivalning asosiy tadbirlarida ishtirok etishmoqda.

    Taʼkidlash joizki, festivallarda yangi-yangi iqtidorlar, isteʼdodlar kashf etilyapti. “Dunyo sadolari” ham yoshlarning milliy estrada sanʼatiga boʻlgan qiziqishini orttirishiga shubha yoʻq.

    Izboskan tuman 6-son Bolalar musiqa va sanʼat maktabi oʻqituvchilari hamda “Andijon viloyati namunaviy maqom ansambli” sozanda-xonandalari tomonidan “Dr Alban”, “Boney M”, “Fly Project”, “Gafur va Rakhim” kabi dunyo yulduzlarining qoʻshiqlari oʻzbek milliy asboblari yordamida ijro etilib, yaxlit, goʻzal ijod namunasi yaratildi. Tadbirning ochilish marosimida oʻzbek milliy kiyimlarida chiqish qilgan “Boney M” guruhi balki shu kabi kutilmagan sovgʻalardan ilhomlanib, milliyligimizga hurmatini namoyon qilgandir.

    Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovlar bilan birga dunyo yulduzlari ham daraxt oʻtqazish marosimida ishtirok etgani shahar ahli uchun tarixiy voqelik boʻlib qoladi.

    Mehmonlarda yana kelish istagi tugʻilsa — baxtiyormiz

    Eʼtibor bering-a, chet ellik ishtirokchilar festivalda nafaqat oʻz tillarida, balki oʻzbek tilida ham qoʻshiq ijro etdilar. Bu esa, oʻzbek sanʼatini dunyo boʻylab targʻib qilishda muhim vosita hisoblanadi.

    — Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻidagi asosiy sahnadan tashqari yana 4 ta katta sahna tayyorlandi, — deydi Andijon viloyati hokimi oʻrinbosari Nasibullo Moʻminov. — 1,5 ming kishilik mehmonxona, kichik mehmon uylari shay holatga keltirildi. Nufuzli mehmonlar uchun mashhur Xonobod sanatoriysi xizmat qilyapti.

    Festival doirasida “Turizm xaritasi”ga binoan viloyatdagi 40 ta tarixiy va ziyorat obyektlari orqali hududning sayyohlik salohiyati namoyish etilishi koʻzda tutilgan. Mazkur obyektlarda ham mehmonlarni munosib kutib olish uchun zarur chora-tadbirlar koʻrildi.

    Oʻylaymizki, Xonobodga ilk bor kelayotgan mehmonlarimizda qaytib kelish istagi tugʻiladi, albatta va biz bundan baxtiyormiz. Zero, asl maqsadimiz ham festivallar orqali yosh avlodni vatanga muhabbat, milliylik ruhida tarbiyalash boʻlsa, xorijliklarda Oʻzbekistonga nisbatan qiziqish uygʻotishdir.

    Munojat MOʻMINOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Telegram kanalimiz
    Text to speech