Ehtiyoj yuqori kasblarga mutaxassis tayyorlaydigan muhit zarur

    Xalqaro hamkorlik oliy ta’lim muassasasining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, jahon ta’lim tizimiga integratsiyalashuvni ta’minlash, ta’lim, ilmiy, iqtisodiy faoliyat doirasini kengaytirish uchun zamonaviy shart-sharoit va normativ bazani yaratishga munosib xizmat qilmoqda.

    Andijon mashinasozlik instituti misolida oladigan bo‘lsak, ayni paytda mazkur muassasa Turkiya, Italiya, Germaniya, Portugaliya, Belgiya, Hindiston, Janubiy Koreya, Rossiya, Belarus singari davlatlardagi 80 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik o‘rnatgan. Ayniqsa, Belarus va Xitoy Xalq Respublikasining qator nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik tobora mustahkamlanib bormoqda.

    Institut 2018-yilda Shimoliy Xitoy texnologiyalar universiteti bilan almashinuv dasturlarini amalga oshirish, hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlari olib borish hamda ilmiy loyihalar tayyorlash bo‘yicha memorandum imzolagan. Unga asosan, 2019-yilda mashinasozlik texnologiyasi, mexatronika va robototexnika, sun’iy intellektual tizimlar va elektron axborot muhandisligi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriaturada “2+2”, “3+1”, magistraturada “1+1” modellari asosida qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur qo‘shma ta’lim dasturi doirasida o‘tgan o‘quv yilida uch nafar magistr va o‘n to‘qqiz nafar bakalavr tayyorlanib, ularga ikki tomonlama diplom berildi. Bundan tashqari, besh yil davomida birgalikda ilmiy sohada ham davlat grantlari qo‘lga kiritildi, elektrotexnika va robototexnika yo‘nalishlari bo‘yicha samarali loyihalar amalga oshirildi, institutning moddiy-texnik bazasi yaxshilandi.

    Kelgusida universitet bilan hamkorlikda Andijonda quyosh elementlari, suv va shamol generatorlaridan olinayotgan elektr energiyasini iste’molga tatbiq qilish jarayonida energiya samaradorligini doimiy ravishda ko‘tarib borish uchun kerak bo‘ladigan maxsus SVG qurilmasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

    Institutimiz, shuningdek, Pekin texnologiyalar universiteti va Nankin politexnika instituti bilan ham mustahkam hamkorlik o‘rnatgan. O‘tgan ikki yil davomida kadrlar tayyorlash salohiyatini yanada oshirish maqsadida ilmiy-pedagogik xodimlar stajirovka o‘tadi. Bundan tashqari, ikki tomonlama akademik harakatchanlikni rivojlantirish maqsadida aspirantlar, magistrantlar va talabalar almashinuvi, turli loyihalar amalga oshirildi.

    Misol uchun, institut qoshida Nankin politexnika instituti bilan hamkorlikda Xitoy tilini o‘rganish va “Yong Li” texnik markazlari tashkil etilib, Luban ustaxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

    Xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bu kabi ishlar ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘quv jarayoniga xalqaro me’yor va talablarni joriy etishga xizmat qilmoqda. Yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish natijasida institutning ilmiy salohiyati so‘nggi 5 yilda 18 foizdan 40 foizga yetkazildi.

    Mamlakatimiz kelajagini yetuk yosh avlod barpo etadi. Demak, ularga dars berayotgan mutaxassislar kuchli salohiyatga ega bo‘lishi kerak. Bugun institutda faoliyat olib borayotgan 300 dan ortiq professor-o‘qituvchining 19 nafari fan doktori, 92 nafari esa fan nomzodi. Shuningdek, doktoranturada 23 ixtisoslik bo‘yicha jami 156 nafar doktorant, tayanch doktorant va maqsadli izlanuvchilar ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda.

    O‘tgan yili jami qiymati bir milliard so‘mlikdan ortiq uchta davlat ilmiy texnika dasturi doirasidagi ilmiy loyihalar amalga oshirildi. Ushbu mablag‘ hisobiga ikkita ilmiy laboratoriya tashkil etildi. 11 ta patent, 83 ta dasturiy ta’minot uchun guvohnoma olishga erishildi.

    Shuningdek, Prezidentimizning yaqinda Andijon viloyatiga tashrifida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida institut qoshida Muhandislar maktabi tashkil qilinadigan bo‘ldi. Uning tashkiliy tuzilmasi va faoliyatini zamonga mos ravishda olib boramiz va yetuk kadrlar tayyorlashda uning o‘rnini oshiramiz.

    Albatta, islohotlarning ijobiy samaralari kishini quvontiradi, biroq bu xotirjamlikka asos bo‘la olmaydi. Chunki hali amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar talaygina.

    Ma’lumki, joriy yil 5-fevral kuni ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi faoliyatiga ham to‘xtalar ekan, yutuqlar bilan birga, kamchilik va muammolarni ham ko‘rsatib o‘tdi. So‘nggi yetti yilda oliy ta’limga qamrov keskin oshgani, sohaga xususiy sektor kirib kelgani bilan sifatga yetarli darajada e’tibor qaratilmayotgani tanqid qilindi.

    Oliy ta’lim muassasalariga maqom berishning aniq mezonlarini belgilash, bakalavriat yo‘nalishlarini maqbullashtirish, ta’lim dasturlarini dunyodagi 300 ta eng yaxshi oliygoh dasturi asosida yangilash vazifasi qo‘yildi.

    Xususan, texnika oliy ta’lim muassasalariga 2024-yilda zamonaviy konstruktor, texnolog, arxitektor, muhandis, energetik kabi ehtiyoj yuqori kasblar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan muhit yaratish mas’uliyati yuklandi. Binobarin, har bir oliy ta’lim muassasasi oldida ulkan vazifa va majburiyatlar turibdi. Nafaqat ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, balki dunyoning eng rivojlangan ta’lim muassasalari tajribasining milliy o‘qitish tizimimiz qadriyatlariga xos jihatlarini olib takomillashtirish zamon talabi bo‘lib qolmoqda.

    Bu borada ilgari surilgan dolzarb vazifalar va ularning ijrosini bajarish hamda salohiyatimizni ko‘rsatish bo‘yicha jamoamiz bilan birgalikda o‘sha kundanoq qat’iy yo‘limizni belgilab oldik. Ishonch bilan ayta olamizki, pedagoglar, xususan, institutimiz pedagogik jamoasi ana shu vazifalarni sidqidildan ado etish uchun bor bilim va imkoniyatini ishga soladi.

    Umid TURDIALIYEV,
    texnika fanlari doktori

    Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 39-sonida (2024-yil 23-fevral) chop etilgan.