Yalpi majlisga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlinmasi rahbari Matilda Bogner moderatorlik qildi.
Anʼanaviy xalqaro anjuman ishtirokchilari qayd etganlaridek, misli koʻrilmagan iqlim oʻzgarishlari sharoitida atrof-muhit degradatsiyasini yumshatish bilan bir qatorda butun dunyoda inson huquqlarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishga qaratilgan strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda xalqaro tashkilotlar va inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning oʻrni juda muhim.
Mavzu yuzasidan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi Kotibiyati ijrochi direktori professor Noura bint Zaid Alrashoud, Turkiy Davlatlar Parlament Assambleyasi (TurkPA) Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash Bosh kotibi oʻrinbosari Chjang Ling, Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) maslahatchisi Behruz Mohtari maʼruza qildi.
YEXHT Iqtisodiy va ekologik faoliyati muvofiqlashtiruvchisi Elchi Bakit Jusupovning videomurojaati hamda Yevropa Ittifoqi Inson huquqlari boʻyicha maxsus vakili Olof Skug, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) Bosh kotibi oʻrinbosari Nurlan Seitimovning onlayn chiqishlari tinglandi.
Jumladan, Elchi Б.Жусуповнинг qayd etishicha, hozirgi kunda YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi mamlakatdagi iqlim bilan bogʻliq muammolar xaritasini tuzyapti. Shu asosda hukumat aholining, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarning ehtiyojlarini qondiradigan axborot siyosatini ishlab chiqishi mumkin. YEXHTning Iqtisodiy va ekologik faoliyati muvofiqlashtiruvchisi eʼtirof etganidek, “Bunday loyihalar YEXHTning butun mintaqasidagi boshqa dala missiyalari bilan birgalikda amalga oshirilyapti”.
Oʻz navbatida, Н.Сеитимов iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq muammolarga nisbatan aholining munosabatini shakllantirmasdan turib, ayni shu muammolarni ijobiy hal etish qiyin ekaniga eʼtiborni qaratdi. “Ekologiya sohasida ongli shaxsni tarbiyalash – sayyoramiz hayotini saqlab qolishning muhim shartlaridan biridir. Bunda taʼlim va madaniyat dasturlaridan ekologik tarbiya muhim oʻrin egallashi lozim. Bu sohada toʻplangan tajribalarni hozirgi zamon ilm-faniga xos bilimlar bilan uygʻunlashtirish, shubhasiz, jamiyatda tabiat va bioxilma-xillikni asrab-avaylashga oid qadriyatlar tizimini shakllantirish hamda atrof muhit bilan hamjihatlikda yashash koʻnikmalarini rivojlantirish imkonini beradi”.
Shuningdek, Forumda Turkiya Bosh Ombudsmani Sheref Malkoch, Ummon Inson huquqlari komissiyasi raisi Rashid Hamad Humaid al-Balushi, Qatar Inson huquqlari milliy qoʻmitasi Bosh kotibi Sulton bin Hassan al-Jamali, Moʻgʻulistonning Inson huquqlari boʻyicha milliy komissiyasi Bosh komissari Sunjid Dugar, Inson huquqlari boʻyicha Qozogʻiston Respublikasi Milliy markazi rahbari Saltanat Tursinbekova soʻzga chiqdi.
Birinchi yalpi majlis doirasidagi munozaralar xalqaro tashkilotlarning atrof-muhit muammolarini hal qilish va inson huquqlarini himoya qilish borasida istiqbolli barqaror yechimlarni topish uchun qulay muloqot maydoniga aylandi. Maʼruzachilar oʻzlari mansub tashkilotlarning bu boradagi yondashuvlariga toʻxtalar ekan, ekologiyani sogʻlomlashtirishga qaratilgan boshqaruv jarayonlarida inson huquqlarini taʼminlash nuqtayi nazaridan zarur innovatsion gʻoyalar, ilgʻor tajribalar va hamkorlikdagi saʼy-harakatlar alohida oʻrin tutishini bildirdilar.
Onlayn munozaralarda Ozarbayjon Respublikasining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) Sabina Aliyeva, Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari boʻyicha vakili Tatyana Moskalkova, Pokiston Inson huquqlari milliy komissiyasi raisi Robiya Javeri Agha, Malayziya Inson huquqlari komissiyasi komissari Nur Azia Mohd Avval, Xitoy Inson huquqlarini oʻrganish jamiyati vitse-prezidenti, Jilin universitetining huquq fakulteti professori Lu Guandjin ishtirok etdi.
Soʻzga chiqqanlar ekologik muammolar bilan inson huquqlarining tutash nuqtalariga eʼtibor qaratdilar. Bunda inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar barqaror taraqqiyotga koʻmaklashish va ekologik ofatlardan zarar koʻrgan aholining zaif qatlamlarini himoya qilishni taʼminlashda oʻz vakolatlaridan nechogʻlik samarali foydalanayotganligi holati oʻrganildi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.