Chiroyli shiorlarimiz faqat peshtoqlarda yaltirab turmasin

    Odamning kayfiyati yaxshi bo'lmasa uyidan chiqqisi kelmaydi. Ammo ko'ksini sog'inchli, g'ururli, kurashchan tuyg'ular to'ldirib tursa, ko'ziga yo'l ko'rinaveradi. Men ham keyingi paytlarda, ertaklarda aytilgandek, “yo'l yurdim, yo'l yursam ham mo'l yurdim”.

    Gap avvalida aytib o'tish joizki, goh obod qishloqlar, goh cho'l, dashtlar, ba'zan esa tog'u daralar aro kechayotgan safarlarimiz mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan e'tiborimizga havola etilayotgan “Yangi O'zbekistonda el aziz, inson aziz” shiorining hayotga, haqiqatga ko'chayotgani bilan bog'liq. O'rni kelganda eslab o'tish joizki, bir paytlar chiroyli shiorlar faqat imoratlarning peshtoqlarida yarqirab turardi, xolos. Bahor, kuz yomg'irlari yuvib, qish ayozlari yalab, saraton olovlari kuydirib, turgan joylarida rangi o'ngib yo titilib ketardi hamki, kimningdir hayotiga kira olmasdi. Odamlar unga “narsa” deb qarashar edi. Bizning davrimizga, aynan hozirgi kunlarimizga kelib davlatimiz siyosatining o'q tomiriga aylangan shiorlar keng ko'lamli harakatga, faoliyatga aylanib ulgurdi.

    Shu ma'noda, “qadr”, “inson qadri” tushunchalarini, yana ham aniqroq ifodalasak, “ayol, ona, oila muhofazasi” so'zlarining bo'yini yana ham balandlatib, o'zini ulkanlashtirib ko'z oldimizga keltiradigan raqamlardan so'z ochsak, fikrlarimiz yana ham ishonchliroq ko'rinish oladi:

    – Mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qilayotgan to'rt ming nafarga yaqin xotin-qizlar kasb-hunarga o'qitildi;

    – Keyingi besh yil mobaynida 12144 nafar xotin-qizlar uy-joy bilan ta'minlandi, ulardan 4283 nafariga uy-joy to'lovining boshlang'ich badaliga mablag' ajratildi;

    – Davlat granti asosida oliygohlarga qabul qilingan xotin-qizlar soni uch ming nafarga yaqin. Besh yillik mehnat stajiga ega bo'lgan, lekin oliy ma'lumoti bo'lmagan 28664 nafar ayollarga oliy ta'limga o'qishga kirish uchun tavsiyanomalar berildi.

    2020-2022 yillar davomida 1335 nafar ayollarga murakkab jarrohlik operatsiyalari uchun fond tomonidan mablag'lar ajratildi.

    Oxirgi to'rt yilda 21158 nafar ayollar turli tibbiy reablitatsiya vositalari bilan ta'minlangan...

    Bu raqamlarda aslida yurtimiz miqyosida fuqarolarimiz, xususan, nozikkina elkasida oila, farzandlar yukini ko'tarib yashayotgan xotin-qizlarga ko'rsatilayotgan katta g'amxo'rlikning mingdan bir ulushi aks etadi, xolos. Lekin shu ulushda ham faqat bizning millatimizga, chin insoniylikka xos mehr-muhabbat atroflicha namoyon bo'lib turibdi.

    So'z avvalini yo'llar haqidagi fikrlar bilan boshlagan edim. eng ko'p yuradigan yo'lim poytaxtni vodiy bilan bog'laydigan dovon yo'li. Har gal oynadek tekis yo'llardan, hech bir to'siqsiz, tekshiruvsiz onam, jigarlarim taraf oshiqar ekanman, bundan o'n yillarcha oldin ro'y bergan bir voqea xotirimda jonlanaveradi.

    Saratonning avj pallasi edi. Birinchi nabiramiz dunyoga kelib, chillasi chiqqach, ota-onamizdan duo olib kelish uchun Andijonga yo'l oldik. Kun juda issiq. Tez-tez yo'l nazoratchilari to'sishadi, turnaqator navbatlar. Bir postda to'xtatib odatdagiday hujjatlarimizni ko'ra boshlashdi. Harbiy kiyimdagi bo'ydor yigit bizga qarab: “CHaqaloqning guvohnomasini berib yuboringlar”, dedi. Bir-birimizga qarab hayron bo'lamiz.

    – Men olmabman, – dedi ko'zlari javdirab kelinim.

    – Hujjati bo'lmasa, biz qaerdan bilamiz, balki o'g'irlab ketayotgandirsizlar... Nazoratchi o'z bilganidan qolmaydi. Yalindik, yolvordik, o'z bolamiz ekanligini isbotlash ilinjida hatto ont ichdik, bo'lmadi. Baribir nazoratchidan:

    – Men xizmat burchimni bajaryapman, – tarzidagi javobni eshitdik, xolos. Noiloj izga qaytishga majbur bo'ldik. O'shanda go'dakka qo'shilib o'zim ham yig'lagim kelgandi. Yarim yo'ldan noumid bo'lib qaytgan bitta biz emasdirmiz. Shunday ko'ngilsizliklarni bugunimizga qiyoslaganda – “Ortda qolgani rost bo'lsin”, degan tilak ko'ngildan kechadi. Va o'zimizni turli taqdirlarga boshlab ketayotgan yo'llarga yuragimiz bilan bog'lanamiz.

    Yaqinda targ'ibot guruhi bilan Farg'ona viloyatining Dang'ara tumanida bo'lib qaytdik. Safarimizning bosh muddaosidan kelib chiqib, guruh-guruh bo'lib kam ta'minlangan, ehtiyojmand xonadonlarga kira boshladik. Odamlar shoirlar, san'atkorlarni o'zlariga yaqin olishadi. Tortinmay ko'nglini ochadi. “Urganji” MFY, Guzarboshi ko'chasida istiqomat qiluvchi Dilbaroy Jumaevaning xonadonidamiz. Hamma yoq chinni-chiroq, atirgul, nargiz gullar ochilib, rayhonlar muattar bo'y taratib turibdi. Polizda ekinlar, mo''jazgina bog'da mevali daraxtlar bor. Ayol birinchi guruh nogironi bo'lib, jigar xastaligidan aziyat chekarkan. Turmush o'rtog'i ham rafiqasining dardiga darmon izlab, olislarga ishlagani ketibdi. “Mahalla bizni tashlab qo'ygani yo'q. Qo'shnimning tandiridan non isi gupursa, bir jufti, albatta, bizgayam kiradi. Qozonida tansiq taom pishsa, nasiba chiqarishadi. 400 ming so'm nafaqa olardim, mana endi 600 ming so'm bo'libdi. Bir hukumatning bir insonga e'tibori shuncha bo'ladi-da!” Dilbaroyning gaplarida soxtalik yo'q. Aksincha, mehr-muhabbat qurshovida yashayotganidan, orqasida himoya borligidan xursand.

    Navbatdagi kirgan xonadonimizning qizi Adolatxon Sultonova 2-guruh nogironi ekan. Onasi Malohatxon – farrosh, otasi Bahodirjon – quruvchi. Oilada ikki nogiron farzand, buning ustiga kelinlarida ham shunday nuqson bor ekan.

    – Do'xtirlar aytishgan, ammo o'sha paytda yosh ekanmiz, gaplari u qulog'imizdan kirib, bunisidan chiqib ketgan, – deydi uy bekasi afsus-nadomat bilan. – Turmush o'rtog'im bilan yaqin qarindoshmiz, endi iztirobini birgina biz emas farzandlarimiz ham birga tortyapti. Lekin oila a'zolarida bugunidan nolish, shikoyat yo'q, shukronalik qalblariga quvvat, yashashga kuch berayotgani ko'rinib turibdi. Malohatxon o'zbek ayoliga xos tortinchoqlik bilan hamshiralikka o'qigan keliniga ish masalasida yordam berishimizni so'radi. Tuman oila va xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash bo'limi mutasaddisi bu vazifani o'z zimmasiga oldi. Suhbatning bunday tus olishi Adolatoyni ham ruhlantirib yubordi, chog'i:

    – Men chevarlikka qiziqaman. Agar zamonaviy tikuv mashinasi bo'lsa, bichish-tikish qilib, oilamga yordam berardim, – deb qoldi. Uning istagiga tuman hokimi SHuhratjon Tojihakimov darrov peshvoz chiqdi. Mariya Lopasday mashhur chevar bo'lishni orzu qilayotgan bu qizga eng so'nggi rusumdagi mashinka sovg'a qilindi. Dang'arada qaysi xonadonga qadamimiz etsa, obodlik ko'rdik. Odamlar mehnatga ishtiyoqli, mehmondo'st. “Hay- hay”lab to'xtatishimizga qaramay darrov bir piyola choyga unnashadi.

    – Shuncha joydan kelasizlar-u, qutlug' xonadondan quruq ketasizlarmi? – deya ginaga o'tishgach, ko'ngillari uchun bir piyola choyni tik turib bo'lsa-da, ichdik. Shukr, yurtimizda mustaqillik nafasi etmagan biror go'sha, uning qurbu qudratidan kuch olmagan biror yurtdoshimizni uchratmadik. Odam bunday lahzalarda yana xayolan iziga qayrilaveradi.

    Taqdirimizga istiqlol bitilgan dastlabki kunlar edi. Yangi ro'zg'or bo'lganimiz uchun yupunroqmiz. Do'kon rastalari bo'm-bo'sh, oziq-ovqatlar talonga beriladi. Odamlarda: “Yog' berayotgan emishmi, un keldimi?” tarzidagi tahlikalar. Bir do'konda rangi o'ngibgina ketgan qog'ozga o'ralgan makaronni ko'rib tillo topgan qulday suyunib ketdim. Uyga kelib ochsam, makaron mog'orlab ketibdi. Ro'zg'orimiz yangi bo'lak bo'lgan, qaynota-qaynonamga borgani istihola qilaman. Ota-onamdan nimadir so'rash uchun yana andisha yo'limni to'sadi. Axiyri, non kombinati etakchilaridan biri bo'lgan qaynotamga ming xijolatlikda tish yordim.

    Qizim, qaram davlat bo'libmizki, bizning umrimiz mana shunday yo'qchilik ichida o'tib kelyapti. Zog'ora nonga qornimiz to'ymagan davrlarning mashaqqatini ham sabr bilan engdik. O'sha sizning ko'nglingizni xijil qilgan makaronlar o'zimizniki. Quritish uskunasi bo'lmagani uchun mog'orlab ketgan. Kuz havosida oftobga yoyib quritib bo'lmas ekan. Biz necha yillar birovlarning dalasida ungan bug'doyga ko'z tikib yashadik. endi bunday bo'lmaydi. Hovlilarimizdagi bir qarich erga-da bug'doy urug'ini sepishimiz, kartoshka ekishimiz kerak. O'zimizni uddalaydigan xalq ekanimizni isbot qilishimiz kerak.

    Qaynotamning bu gaplaridan yuragimga kuch kelganday bo'lgan.

    Darhaqiqat, shunday dorilamon kunlarga etib keldik. Mayli-da, hali bitmagan kamlarimiz bordir. Qaysidir go'sha yo kimdir e'tibordan sal chekkaroqdadir, lekin hammasi vaqti-vaqti bilan joyiga tushadi. Chunki davlatimiz siyosatida, “Mening xalqim, mening elim, men unga javobgarman”, degan olijanob nuqtai nazar bor ekan, qaysi bir yaxshi kun hamma yurtdoshlarimizning tegrasida himoya qo'rg'oni qad ko'taradi.

    Adolat nazari bilan qaraylik: magistraturada o'qimoqni orzulagan qizlarimizning to'lov pullarini davlatimiz yuz foiz o'z zimmasiga oldi. Bu yildan boshlab bakalavriat talabalari, magistrantlar – xotin-qiz borki hammasi o'qishlarga to'lanadigan ta'lim kreditlarini foizsiz olishadigan bo'lishdi. Bu – ayollarimiz uchun ilm imkonlarining kengaygani, beshik, o'choq boshilarga ilm nafasi kiradi, degani. Farzandlarimiz tanglayi bilim bilan ko'tariladi, degani.

    Biz Qoraqalpog'istondagi safarimiz chog'ida ana shunday imkonlardan quvonayotgan yigit-qizlar bilan ham suhbatlashdik. Aytishni unutibman, yo'llarimiz Farg'ona uchrashuvlaridan bir necha kun o'tib, qoraqalpoq eliga tutashdi. Men avval ham o'ziga xos urf-odatlarga ega, ko'ngli keng, gapga chechan, hazilkash elga ko'p kelganman. Talabaligimda shu millatga mansub qizlar bilan birga yashaganman. Ular biznikiga borishgan, men ularning ovuliga. Shundanmi, keyin ham Xo'jayli, Qorao'zak, Qo'ng'irot – qayga borsam, jigarlarim orasiga tushganday o'zimni emin-erkin tutaman. Bu gal qadim yurtdagi yaxshi o'zgarishlardan, ayniqsa, Mo'ynoqdagi yangilanishlardan ko'nglim o'sdi. Saksovullarigacha gullab yuborgan elda kechgan uchrashuvlar ham yodimda muhrlanib qoldi. Orolning kechagi kuni va bugunidan hikoya so'ylaydigan muzeyida xorijlik sayyohlarni ko'rib, ularning qiziqishi ortayotganidan dilimda faxr tuydim. Butun dunyoni kezib yurgan er-xotin sayyohlar bilan tarjimon orqali tillashar ekanman, ularning ham muzey eksponatlaridan ko'ngli to'lganligini sezdim. To'g'ri, har bir qadamimizning bahosi xorijliklar nigohi bilan o'lchanmaydi. Lekin baribir o'zing, o'zingnikilar haqida birovdan yaxshi gap eshitish yaxshi, maroqli.

    Prezidentimiz yaqinlashib kelayotgan istiqlol bayrami tantanalari oldidan elimiz diqqatiga yana bir jarangdor shiorni havola qildilar.

    “Yangi O'zbekistonda el aziz, inson aziz”... Mo'ynoq uchrashuvlarining birida yig'in tugagach, ozg'ingina bir ayol:

    Ona haqidagi she'rlaringiz yoqdi, men ham onaman, ikki nogiron farzandim bor, tug'ma yurak porogi bilan dunyoga kelgan. Bittasini davlat hisobidan operatsiya qildirdik, hozir tuzalishga ketyapti, ikkinchisiga ham yordam va'da qilishyapti, – dedi. Ona, farzandlar tashvishidan bo'lsa kerak, xiyla cho'kkan, ko'zga tashlanavermaydi. Lekin ko'rinishi, kiyinishi qay darajada bo'lmasin uning oliy maqomi bor. ONA. Ana shunday bir onaizor ham nazarda ekan, uning ham dardlariga malham izlashayotgan ekan, demak yurayotgan yo'llarimiz oddiy emas, mehr-muhabbat, odamiylik yo'llari bu.

    – Esimda, bolalikdagi bir dugonamning oilasi cho'llarni o'zlashtirish paytida ko'ngillilardan bo'lib ko'chib ketadigan bo'ldi. Ularni kuzatib uyga qaytish chog'ida ostonada ro'moli chetini tishlab turgan Saltanat buvi yig'lab yubordi:

    – Bechora bolalarim-a, jannatday bog'-rog'larini tashlab, cho'li-biyobonga ketganiga ichim kuyyapti-da. Issiq o'rnini sovitib yantoqzorga dehqonchilik qilaman, deb ketishyapti, nodongina bolam-a!.. Otasi belbog'iga bog'lagan qora nonini loyqa suvga botirib eb, ketmon chopib umri o'tgan edi. essiz nabiralarim-a...

    Hozir ko'z oldimdan bir-bir o'tayotgan jannatiy manzaralarni ko'rib, insonning qo'li gul ekaniga, sahroda bog' yaratgan ertakdagi pahlavonlar taqdiri bugun zamonamiz qahramonlariga nasib etgani, kechagidan bugunimiz naqadar go'zal va farovonligidan mamnun bo'ldim. Qishloqdagi xonadonlarning fayzi bo'lakcha-da. Darvozasi qiya turgan hovlilardan qiyg'os ochilib turgan gulu rayhonlar ko'zga tashlanadi. Quvonib ketadi har qanday odam.

    Turli mevali daraxtlar, ajib manzara hosil qilgan tuvaklardagi gullarni ko'rib, oilalar tinchi, mahalla ko'rki, ko'ngillar obodligi yurt obodligi ekanligiga yana bir bor ishondim.

    Yana ko'nglimda bir olam tuyg'ular bilan yangi safarlarga hozirlanib turibman. Maqsadimiz ezgu ekan, bu safar, qolgan barchasi ham xayrli bo'lishiga umid qilaman.

    Munavvara USMONOVA,

    O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi