Keyingi paytlarda davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilayotgan har bir yigʻilishda energetika masalasi qizgʻin muhokama etilayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Prezidentimiz qaysi soha vakillari bilan uchrashmasin, qay darajada yigʻilishlar oʻtkazmasin, asosiy eʼtiborni xalqimizni sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlashga qaratmoqda. Jumladan, yaqindagina vodiy viloyatlari hamda Jizzax viloyatiga tashrifi, shuningdek, Sergeli tumanida oʻtkazilgan yigʻilishda ham energiya taʼminoti bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.
Sergeli tumanida oʻtkazilgan yigʻilishda biz — bir guruh mutaxassislar, ilm kishilari ishtirok etib, davlatimiz rahbarining mazkur masalaga nechogʻliq eʼtibor qaratayotgani, tizimdagi muammolarni chuqur tahlil qilib, ularning yechimiga doir aniq va manzilli takliflar berganiga guvoh boʻldik. Yanvar oyidagi qahraton va qorli kunlar elektr energiyasi hamda tabiiy gaz taʼminoti bilan bogʻliq masalalarni kun tartibiga olib chiqdi. (Ayozli kunlarda isteʼmolchilarning energiya resurslariga ehtiyoji ortishi tabiiy hol, albatta.)
Havo harorati keskin tushib ketishi natijasida aholi turli isitish moslamalaridan foydalandi. Bu esa elektr energiyasi isteʼmolining keskin ortishiga va elektr tarmoqlari zoʻriqishiga olib keldi. Natijada qator hududlardagi elektr tarmoqlarida nosozlik kuzatildi. Isteʼmolchi soni koʻpaygani holda elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshmagani haqida taxminlar paydo boʻldi. Xoʻsh, bu gaplar qanchalik asosli edi?
Mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish va isteʼmolchilarga yetkazib berish hajmi yildan-yilga ortmoqda. Energetika vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2016-yilda qariyb 59 milliard kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 74,3 milliard kVt. soatni tashkil etgan. Olti yilda oʻsish 25,9 foiz yoki 15,3 milliard kVt. soatga koʻpaygan.
Shuningdek, aholini elektr energiyasi bilan taʼminlash koʻrsatkichi ham oshgan. 2016-yilda isteʼmolchilarga 45,7 milliard kVt. soat elektr energiyasi yetkazib berilgan. 2022-yilda bu koʻrsatkich 62,4 milliard kVt. soatni tashkil etgan. Oʻsish koʻrsatkichi 36,5 foiz yoki 16,7 milliard kVt. soatga oshgan. Modomiki, barcha koʻrsatkichlar oshib borgan ekan, unda nega energiya taqchilligi kuzatildi? Nima uchun energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash kun tartibidagi asosiy masalaga aylandi? Quyida mazkur savollarga javob izlashga harakat qilamiz.
Iqtisodiyot tarmoqlaridagi tejamkorlik bizga nima beradi?
Odatda iqtisodiyot tarmoqlarining energiya samaradorligi yalpi ichki mahsulot (YAIM)ning energiya sigʻimdorligi koʻrsatkichi orqali ifodalanadi. U YAIMga nisbatan energiya resurslari sarfining solishtirma koʻrsatkichidir. Soddaroq tushuntirsak, muayyan qiymatga teng YAIM yaratish uchun sarflanadigan energiya resurslari sarfi energiya sigʻimdorligidir.
Agar mazkur koʻrsatkichning Oʻzbekiston iqtisodiyoti tarmoqlaridagi qiymati tahlil etilsa, energiya sigʻimdorligi xorijiy mamlakatlar bilan taqqoslaganda 2-3 barobar koʻp. Yaʼni muayyan hajmdagi mahsulotni ishlab chiqarishda Oʻzbekistonda 3 tonna shartli yoqilgʻi energiya resursi sarflansa, boshqa mamlakatlarda bu koʻrsatkich 1-1,5 tonna shartli yoqilgʻini tashkil etmoqda.
Mazkur raqamlardan koʻrish mumkinki, qiymati 1000 AQSH dollariga teng YAIM yaratish uchun Oʻzbekistonda xorijiy mamlakatlardagiga nisbatan 23 barobar koʻp energiya resursi sarflanmoqda. YAIM energiya sigʻimdorligi koʻrsatkichining 2001-2022-yillardagi oʻzgarish tendensiyasi tahlili koʻrsatadiki, energiya sigʻimdorligi 0,738 k.n.e./doll (bir kg. neft ekvivalentining dollarga nisbati)dan 0,140 k.n.e./doll.ga yoki 5,27 barobar kamaygan. Bugun dunyo boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich 0,11 k.n.e./doll ekani hisobga olinsa, mamlakatimizdagi hozirgi holat dunyodagi oʻrtacha raqamdan yuqori ekani ravshanlashadi.
Bu esa tizimda energiya sigʻimdorligini kamaytirish dolzarbligini anglatadi. Oʻz navbatida, energiya sigʻimdorligini kamaytirish energiya taqchilligi bilan bogʻliq muammolarni hal qilishning asosiy yoʻnalishlaridan biridir. Shu maqsadda Oʻzbekiston hukumati 2030-yilga qadar iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha energiya sigʻimdorligini 50 foiz kamaytirish yoʻnalishida qator ishlarni bajarmoqda.
Jumladan, iqtisodiyotning yuqori energiya sigʻimdor tarmoqlarini modernizatsiyalashga qaratilgan davlat dasturlari qabul qilingani, har bir tarmoqda energiya isteʼmolini kamaytirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar oʻrnatilgani hamda ularning bajarilishi muntazam nazorat qilinayotgani shular jumlasidan.
Mazkur yoʻnalishdagi chora tadbirlarni tizimli qoʻllash maqsadida Prezidentimizning 2019-yil 22-avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan.
Unga koʻra, 2020-2022-yillarda vazirlik va idoralar tarkibidagi yirik energiya isteʼmolchilari boʻyicha 3,3 milliard kVt. soat elektr energiyasi, 2,4 milliard kub metr tabiiy gaz va 21,1 ming tonna neft mahsulotlarini tejashga erishildi. Shu bilan birga, 2030-yilga qadar har bir yil uchun maqsadli koʻrsatkichlar belgilangan. Ularning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi muntazam nazorat qilinmoqda. Pirovardida, 2030-yilga borib energiya sigʻimdorligi koʻrsatkichini bugungi 0,14 k.n.e./doll. dan 0,0976 k.n.e./doll.gacha kamaytirish maqsad qilingan.
Sanoat korxonalari — asosiy isteʼmolchi
Bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan umumiy elektr energiyasi miqdorida sanoatning ulushi yildan-yilga ortib bormoqda. Ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining sanoat tarmoqlari tomonidan isteʼmoli 40 foizdan 50 foizga oʻsmoqda. 2022-yilda isteʼmolchilarga yetkazilgan 74,3 milliard kVt. soat elektr energiyasidan 44,8 milliardini sanoat tarmoqlari sarflagan.
Prognozlarga koʻra, 2025-yilga borib umumiy ishlab chiqarilgan 91,8 milliard kVt. soat elektr energiyasining 60 milliardi, 2030-yilda esa 120,8 milliard kVt. soat elektr energiyasining 85 milliardi sanoat tarmoqlari tomonidan ishlatiladi. 2016-yilda isteʼmolchilarga yetkazilgan 58,9 milliard kVt. soat elektr energiyasining sanoatdagi ulushi 20,6 milliardni tashkil etgan.
Raqamlar tahliliga koʻra, mamlakatimizda soʻnggi 6 yilda sanoatning elektr energiyasi isteʼmolidagi ulushi 46 foiz yoki 24,2 milliard kVt. soatga oshgan. Ishlab chiqarishda elektr energiyasi sarfining bu qadar tez surʼatda oshib borishi mazkur tarmoqda quvvat samaradorligini oshirish vazifasini kun tartibiga olib chiqdi.
Soʻnggi yillarda Toshkent davlat texnika universiteti professor-oʻqituvchilari tomonidan bu borada qator ilmiy tadqiqotlar olib borilib, natijalari amaliyotga joriy etildi. Jumladan, sanoat korxonalarining texnologik jarayonida energiya samarador va energiya tejamkor ish rejimini aniqlash usullari, energiya resurslari isteʼmolini meʼyoriga keltirish, prognozlash, monitoring qilishga oid dasturiy mahsulotlar, energiya va resurstejamkor elektr mashinalar, elektr energiyasidagi isrof garchilikni kamaytirish usullari ishlab chiqildi.
“Oʻzmetkombinat” AJ, “Olmaliq konmetallurgiya kombinati” AJ, “Navoiy konmetallurgiya kombinati” DK, “Maksam Chirchiq” AJ va boshqa korxonalarda amaliyotga joriy etilib, texnologik jarayonda energiya sarfini kamaytirish va resurs tejamkorligiga erishildi.
Nega kelajak energetikasiga intilyapmiz?
Mamlakatimiz quyosh, shamol va boshqa muqobil energetikani rivojlantirish uchun juda yuqori salohiyatga ega. Buni soʻnggi yillarda yurtimizning koʻplab hududida barpo etilayotgan yangi fotoelektr stansiyalar va ularning samaradorligi misolida koʻrish mumkin. Umuman olganda, energetika resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish, muqobil energiya manbalarini ishga solish evaziga energiya taqchilligiga barham berish bugun mamlakatimizda asosiy vazifaga aylangan.
Prezidentimiz Sergeli tumaniga tashrifi chogʻida Toshkent shahrida energetika va transport infratuzilmasini rivojlantirish, mahallalarni obod qilish va aholi bandligini oshirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda mazkur yoʻnalishda oldimizda turgan vazifalarga batafsil toʻxtaldi. Avvalambor, qayta tiklanuvchi energiya salohiyatidan foydalanish zarurligi, shaharda kamida 2 ming megavattga yaqin quvvatli quyosh panellarini oʻrnatish mumkinligi aytildi.
Koʻp qavatli uylar, ijtimoiy soha obyektlari, davlat idoralari va tadbirkorlik obyektlarining tom qismi, sanoat zonalari hududi, avtoturargohlar va yirik suv inshootlari hududini qamrab olish mumkin. Bu choralar koʻrilsa, hisob-kitoblarga koʻra, 2023-yilda kutilayotgan 240 million kilovatt soatlik talabni 4 barobar ortigʻi bilan, yaʼni 1 milliard 80 million kilovatt soat hajmda taʼminlash imkoniyati paydo boʻladi.
Ayniqsa, turarjoy binolariga quyosh panellarini oʻrnatish orqali aholi oʻzining elektr taʼminotiga talabini taʼminlab, ortganini tarmoqqa sotishi mumkin. Yurtdoshlarimizdan sotib olinadigan har bir kilovatt elektr energiyasi uchun ming soʻmdan tarif belgilangani aholining quyosh panellaridan foydalanish salmogʻini oshirishga qaratilgan asosiy saʼy-harakatlardan biri boʻldi.
Chunki hozirgi sharoitda xarajattalab loyihalarni joriy etish orqali elektr taʼminoti tizimi uzluksizligi taʼminlanmasa, davlat tomonidan turli imtiyoz, qulaylik va ragʻbat boʻlmasa, oldimizga qoʻyilgan maqsadlarga erishish oson kechmaydi. Bu usul xorijiy tajribada ham oʻzini oqlagan. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish aholi xonadonlarini uzluksiz energiya bilan taʼminlashgagina bogʻliq emas. Chunki dunyo miqyosida jami energiya isteʼmolining 23 foizi turar joy sektoriga toʻgʻri kelsa, Oʻzbekistonda ushbu koʻrsatkich qariyb 40 foizni tashkil etadi.
Tahlillarga koʻra, mamlakatimizda bir yilda 1 kvadrat metrga sarflanadigan energiya miqdori 390 kVt. soatni, Yevropada esa oʻrtacha 120-150 kVt. soatni tashkil etmoqda. Geografik jihatdan Oʻzbekiston bilan bir oʻrinda turadigan Gretsiyada 1 kvadrat metr uchun 200 kVt. soat, Portugaliyada 120 kVt. soat energiya ishlatiladi. Rivojlangan Yevropa davlatlarida bir yilda 1 kvadrat metrga sarflanadigan energiya miqdori esa 7080 kVt. soat va undan kam koʻrsatkichni qayd etgandagina binolar energiya samarador hisoblanadi. Xoʻsh, energiya sarfi bir necha barobar yuqori boʻlishiga qanday omillar taʼsir qilmoqda?
Buning turli sabablari mavjud. Birinchidan, turar joy binolarini loyihalash, qurishda energiya samaradorlik koʻrsatkichlari toʻliq tadqiq etilmaydi. Ikkinchidan, mavjud va bundan 30-40 yil oldin barpo etilgan turar joy binolari qurilishida qoʻllangan va aksariyat hollarda bugun ham ishlatilayotgan issiqlik saqlovchi materiallarning harorat saqlash xususiyati pastligi, binolarning texnik koʻrsatkichlari zamonaviy energiya samaradorligi talablariga javob bermaydi.
Uchinchidan, isitish va havoni moʻtadil saqlash tizimlarining samaradorligi past. Toʻrtinchidan, turar joy binolarini qurishda va rekonstruksiya qilishda normativ va texnologik kamchiliklar va boshqa shu kabi omillar mavjud. Aynan shunday sharoitda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qoʻllash nechogʻliq samarali hisoblanadi? Mavjud va yangi quriladigan uy-joylarda istiqomat qiluvchi aholini elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun zamonaviy quyosh fotoelektrik stansiyalari hamda issiq suv bilan taʼminlash uchun quyosh suv isitkichlari oʻrnatish maqsadga muvofiqmi?
Hisob-kitoblarga koʻra, zamonaviy quyosh fotoelektrik stansiyalari hamda quyosh suv isitkichlari aholining elektr va issiqlik energiyasiga sarflaydigan energiya resurslarini 40 foizgacha tejash imkonini beradi. Shu bilan birga, xorij tajribasi asosida bosqichma-bosqich issiqlik nasoslaridan foydalanish orqali isitish va sovitish tizimining joriy etilishi tufayli energiya resurslari sarfini uch barobargacha kamaytirish mumkin.
Isteʼmoldagi meʼyor chegarasi qayerda?
Elektr energiyasidan foydalanish jarayonida isrof koʻpligi energiya samaradorligi pasayishiga sabab boʻlmoqda. Prezidentimiz Sergeli tumanida oʻtkazilgan yigʻilishda ham, Jizzax viloyati faollari bilan uchrashuvda ham bu masalaga alohida toʻxtaldi. Jumladan, Toshkent shahrida bu koʻrsatkich 12, Jizzax viloyatida 23 foizni tashkil etishi qayd etildi. Oʻz navbatida, Jizzax viloyatida mazkur koʻrsatkichni yil yakuniga qadar 14 foizga tushirish vazifasi berildi.
Mazkur viloyat misolida tahlil qilinsa, isteʼmolchiga uzatilayotgan elektr energiyasining deyarli toʻrtdan bir qismi elektr tarmoqlarida isrof boʻlayotgani koʻrinadi. Soddaroq tushuntirganda, 100 xonadonga yetadigan elektr energiyasi faqat 77 xonadonni taʼminlayotir. Elektr energiyasi isrofining ruxsat etilgan hajmi (12-14 foiz)ni hisobga olgan holda, qolgan 11 xonadon elektr energiyasidan mahrum boʻlib qolyapti.
Agar bu fakt bir viloyat yoki katta quvvatli korxonalar misolida keltirilsa, juda katta qiymat hosil boʻladi. Elektr tarmoqlari orqali elektr energiyasi uzatishdagi isrofgarchilik miqdori oʻrtacha 14 foizni, jumladan, yuqori kuchlanishli tarmoqlarda 2,1 foiz yoki umumiy isrofgarchilikning 15 foizini, past kuchlanishli tarmoqlarda esa 11,9 foiz yoki umumiy isrofgarchilikning 85 foizini tashkil etmoqda.
Mazkur koʻrsatkich jahonda oʻrtacha 8,1 foiz; rivojlangan davlatlar, jumladan, Yaponiyada — 3 foiz, Janubiy Koreyada — 4 foiz, Germaniyada — 4,3 foiz, Avstraliyada — 5,3 foiz, Rossiyada 10 foiz. Mamlakatimizda elektr energiyasidagi isrofgarchilikning asosiy ulushi past kuchlanishli elektr tarmoqlari hissasiga toʻgʻri keladi. Bu esa mazkur tarmoqlar eskirgani, mukammal emasligi, tarmoq parametrlarini tanlashda oʻtgan asrning 60-80-yillarida ishlab chiqilgan usullar qoʻllangani, loyihalash jarayonlari avtomatlashtirilmagani va boshqa omillar bilan bogʻliq.
Qolaversa, loyihalashda resurs va energiyatejamkor texnologiyalar, ilmiy asoslangan yechimlar, elektr tarmoqlarini kelajakda rivojlantirish tendensiyasi hisobga olinmagan, jumladan, energiya isrofini kamaytirish vositalaridan foydalanilmagan. Yanvar oyida kuzatilgan energiya taqchilligi sharoitida past kuchlanishli elektr tarmoqlari, yaʼni liniya va transformatorlar yuqori quvvatga dosh bera olmadi.
Natijada katta yuklama sabab elektr taʼminotida uzilishlar qayd etildi. Mazkur muammo yechimi boʻyicha Janu biy Koreya tajribasini taklif etdik. Yuqorida qayd etilganidek, bu davlatda elektr tarmoqlaridagi isrofgarchilik oʻrtacha 4 foizni tashkil etadi. “Janubiy Koreya bunday tajribaga qanday erishdi?”, “Qanday usul yoki vositalarni qoʻllash orqali bunday koʻrsatkich taʼminlandi?” kabi savollar tugʻilishi tabiiy.
Yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlarida energiya isrofgarchiligini kamaytirishning bir nechta usul va turlari mavjud. Janubiy Koreya nafaqat pastki kuchlanishli, balki yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarida ham energiya tejovchi, energiya samarador texnologiyalarni joriy etish natijasida shunday koʻrsatkichga erishgan. Oʻzbekiston sharoitida elektr energiyasi isrof boʻlishining asosiy qismi past kuchlanishli elektr taʼminoti tizimida sodir boʻladi.
Shuni hisobga olib, isteʼmolchilar uchun moʻljallangan elektr taʼminoti tizimini loyihalashda transformator podstansiyalarini markazlashgan holatda emas, balki foydalanuvchilarni kichik guruhlash orqali taʼminlash taklif etildi. Shundan kelib chiqib, amaldagi kabi bitta transformator podstansiyasi yuzlab xonadonlarni emas, balki quvvatiga koʻra, koʻpi bilan 5 xonadonni elektr bilan taʼminlashda bitta transformator podstansiyasini qoʻllash taklif etildi.
Sodda qilib aytganda, mahallada turgan quvvati 250 kVA transformator podstansiyasi 50 xonadonni elektr bilan taʼminlaydi. Biroq liniyaning eng quyi boʻgʻinidagi isteʼmolchiga yetib borgunicha isrofgarchilik holati yuzaga kelib, elektr energiyasi taʼminotining sifati ham yomonlashadi. Taklif etilayotgan loyihada esa aynan har 5 xonadon uchun kichik quvvatli 25 kVA transformator podstansiyasini oʻrnatish va u orqali mazkur xonadonlarni elektr energiyasi bilan taʼminlash nazarda tutilgan.
Hozirgi holatda past kuchlanishli elektr tarmoqlarida oʻrtacha energiya isrofi 12-14 foizni tashkil etsa, taklif etilayotgan usul yordamida bu koʻrsatkichni 3 foizga tushirish mumkin. Eng muhimi, isteʼmolchilarni sifatli elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoniyati ham yaratiladi. Buni asosiy sifat koʻrsatkichlaridan biri boʻlgan kuchlanish qiymati nominalligini taʼminlash misolida koʻrish mumkin. Yaʼni bugungi kunda past kuchlanishli elektr tarmoqlarining kuchlanish yoʻqotishi 8-10 foizni tashkil etsa, mazkur usulning joriy etilishi tufayli koʻrsatkich 35 foizgacha tushadi.
Taklif etilayotgan loyihaning tannarxi yuqori boʻlishi mumkin. Lekin yanvar oyidagi anomal sovuq natijasida sanoat korxonalari toʻla quvvatda ishlamagani, ishlab chiqarishga katta taʼsir koʻrsatgani, ijtimoiy soha obyektlaridagi ish unumdorligi pasaygani hamda aholining elektr taʼminotidagi uzilishlar tufayli yuzaga kelgan muammolar sohaga sarflangan xarajat, albatta, oʻzini oqlashiga ishonch beradi.
Bugun Oʻzbekiston iqtisodiyoti jadal rivojlanmoqda. Bu esa aholi turmush farovonligi oshishiga, pirovardida, energiya resurslariga talab oʻsishiga olib kelmoqda. Energetika vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2030-yilgacha boʻlgan davrda mamlakatimizda elektr energiyasiga talabning yillik oʻsishi 67 foizga teng boʻladi. Iqtisodiyotda energiya sarfini kamaytirish elektr energetikasi siyosatining asosiy vazifasi boʻlib, uning bajarilmasligi energetika sohasining mamlakatdagi ijtimoiyiqtisodiy rivojlanishiga muqarrar ravishda toʻsqinlik qilishiga olib keladi.
Buning oldini olish esa, oʻz navbatida, biz — soha olimlari zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. U sohani rivojlantirish, xususan, energiya resurslarini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va isteʼmol qilish jarayonida energiya resurslaridan oqilona foydalanish, sanoat tarmoqlari uchun energiya samarador texnologiyalarni ishlab chiqish yoʻnalishidagi ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish, energiya sigʻimdorligini kamaytirishga qaratilgan maqsadli koʻrsatkichlarni taʼminlashda tarmoq korxonalari bilan amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda oʻz ifodasini topadi.