Elektrotexnika sanoatida oʻsish surʼatlari qanday bormoqda?

    AOKAda oʻtkazilgan brifingda «Oʻzeltexsanoati» uyushmasi axborot xizmati rahbari Namoz Tolipov elektrotexnika sanoati korxonalari faoliyatining 9 oylik yakuni boʻyicha maʼlumot berdi.

    Mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim ahamiyat kasb etuvchi elektrotexnika sanoati bugun jadallik bilan oʻsib bormoqda. Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasida ham aynan mazkur sohani tubdan takomillashtirish va yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish boʻyicha bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

    2022-yilning 9 oylik yakunlariga koʻra, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi – 13,6 trln.soʻm soʻmni, eksport hajmi – 585 mln.dollardan oshgan. Hududlarda 36 ta loyiha ishga tushirildi. Buning natijasida 1200 ta yangi ish oʻrni tashkil etildi.

    Bundan tashqari, mahsulotlarning eksport geografiyasi ham kengaytirildi. “GSP+” imtiyozlaridan foydalangan holda Yevropa davlatlariga, umuman olganda 50 ga yaqin mamlakatlarga elektrotexnika mahsulotlari eksport qilindi. Joriy yilda Rossiyaning “Eldarado”, “M-Video”, “DNS Atlas”, Fransiyaning “Ashan” hamda Qozogʻistonning “Sulpak” va “Texnodom” yirik savdo tarmoqlari tashkil etildi va mahalliy mahsulotlarni eksportga olib chiqish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Avval eksport faoliyati bilan shugʻullanmagan Fargʻona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi 13 ta korxona ilk marotaba oʻz mahsulotlarini eksportga olib chiqishiga erishdi.

    Ayni paytda “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tomonidan 2 ta yirik klaster amalga oshirilmoqda. Jumladan, Toshkent viloyati Ohangaron tumanida “Mis sanoati klasteri” tashkil etilmoqda. Umumiy qiymati 120 million dollarga teng 9 ta loyihani oʻz ichiga olgan mazkur majmuada yiliga 63 ming 500 tonna misni qayta ishlash quvvati paydo boʻladi. Buning natijasida 965 ta yangi ish joylari tashkil etiladi.

    Ikkinchi yirik loyiha “Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasi hududida quyosh suv isitish uskunalari, quyosh fotoelektrik panellari, shamol, biogaz, gidroelektr qurilmalari va inshootlarini, elektr energiyasini saqlovchi akkumulyatsiya tizimlari va boshqa yordamchi jihoz hamda uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Solar cluster” loyihasi hisoblanadi. Bu yerda umumiy qiymati 38,7 mln dollarlik 6 ta loyiha amalga oshiriladi va buning natijasida 500 ta yangi ish joylari tashkil etiladi.