Bu borada A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tomonidan fanlar bo‘yicha maktab o‘qituvchilari va direktorlar zaxirasini shakllantirish elektron (portal) tizimi yaratilmoqda.
Bunda xalq ta’limi tizimida faoliyat olib borayotgan rahbar va pedagog kadrlar zaxirasi, shuningdek, o‘qituvchi lavozimiga talabgor kadrlarning elektron portfoliosi yaratiladi.
Ta’lim tizimida fanlar, maktablar, hududlar kesimida vakant o‘rinlarining statistikasi aniqlanib, hududlar va fanlar kesimida o‘qituvchilar zaxirasi elektron ko‘rinishda shakllantiriladi.
Shuningdek, pedagogika yo‘nalishidagi OTM bitiruvchilari orasidan bilimli va tashabbuskorlarini saralab olish va ish bilan ta’minlash maqsadida vakant ish o‘rinlarini to‘ldirish tizimlashtiriladi.
Xo‘sh, loyiha doirasida qanday qulaylik va imkoniyat yaratiladi?
Endilikda:
yaqin hududidagi maktabga ishga qulay tartibda joylashish mumkin, barcha ta’lim muassasalaridagi vakantlar ochiq-oydin ko‘rinib turadi;
o‘qituvchilikka talabgorlar o‘zi haqidagi ma’lumotlar, yutuqlarini rezьyume ko‘rinishida maktabga yuboradi va onlayn shaklda javob oladi;
direktorlar esa saralash asosida eng yaxshi mutaxassislarni ishga qabul qilish imkoniyatiga ega;
vazirlik respublika miqyosida hududlar kesimidagi barcha yo‘nalishlarda mavjud vakant o‘rinlari va ularni qoplash, elektron shaklda o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojni tahlil qilish hamda OTMlarga taklif kiritish, tizimda faoliyat olib borayotgan rahbar va pedagog xodimlarning statistikasini kuzatib boradi;
eng ilg‘or rahbar va pedagoglarni taqdirlash, davlat mukofotlariga tavsiya etish mumkin;
Xalq ta’limi sifat menejmentini joriy etishda sifatli kadrlar zaxirasini yaratishning zamonaviy tizimli mexanizmlaridan foydalanish imkoniyati ochiladi;
har yili o‘qituvchilarning reytingi kasbiy faoliyati, o‘z ustida va o‘quvchilar bilan ishlash jarayonida erishgan yutuqlari shaffof, adolatli mezonlar asosida, keng masshtabda respublika, viloyat, tuman, maktab, fanlar kesimida aniqlash maqsadi belgilangan;
mazkur jarayonlarni amalga oshirishda tegishli barcha ma’lumotlar real vaqt rejimida «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali elektron hukumatning IMUT (idoralararo ma’lumotlar uzatish tarmog‘i), OneID (Yagona identifikasiya tizimi) hamda xalq ta’limi vazirligining ERP bazasiga integrasiya qiladi. (Bu borada o‘ndan ortiq davlat tashkilotlari va vazirliklar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan).