Tibbiyot turizmi yoʻnalishida kiruvchi turistik oqimni ragʻbatlantirish vositalari

    Oʻzbekistonda tibbiyot turizmini rivojlantirish davlat darajasidagi dolzarb masala oʻlaroq diqqat markaziga chiqqan. Bunda tibbiy-profilaktika muassasalari, kosmetologik klinikalar, sanator-kurort maskanlari, sport-sogʻlomlashtirish markazlari, fitobarlar va diet kafelar kabi tibbiyot turizmi infratuzilma obyektlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Milliy iqtisodiyotda tibbiyot turizmi ulushini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Shundan kelib chiqib, tibbiyot turizmini rivojlantirishga maqsadli yondashuvni qaror toptirish zarur. Xususan, tibbiyot turizmida muammolar bankini shakllantirish, xorij tajribasini tadqiq qilish, maxsus preferensiyalarni joriy etish, rivojlanish strategiyasini belgilab olish, vakolatlar iyerarxiyasini optimallashtirish, professional menejerlar korpusini tayyorlash, tibbiyot turizmi xartiyasini qabul qilish maqsadga muvofiq.

    Tibbiyot turizmining rivojlanishi iqtisodiyot tarmoqlarida oʻsish tendensiyalarini taʼminlashga multiplikativ taʼsir effekti orqali hissa qoʻshadi. Shularni inobatga olib, ayni sohadagi muammolarni aniqlashtirib olish taqozo qilinadi. Ularni quyidagi guruhlarga tasniflash oʻrinli:

    — tibbiyot turizmini rivojlantirish yuzasidan xorij tajribasini implementatsiya qilish, tibbiyot turizmiga ixtisoslashgan menejerlar tayyorlash jarayonini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, tibbiyot turizmi boʻyicha “Tashkent MediCare” mintaqaviy xabini taʼsis etish singari tashkiliy muammolar;
    — tibbiy maqsadlardagi kirish turizmini ragʻbatlantirish dastaklarini takomillashtirish, tibbiyot turizmini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha iqtisodiy preferensiyalar joriy qilish singari iqtisodiy muammolar;
    — tibbiyot turizmini rivojlantirishning marketing omillarini tizimlashtirish, tibbiyot turizmini oʻrta istiqbolda rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, tibbiyot turizmini oʻrta istiqbolda rivojlantirish strategiyasini bajarishda vakolatlar iyerarxiyasini belgilash singari marketing muammolari;
    — tibbiyot turizmining xalqaro miqyosdagi oʻsish tendensiyalariga erishishga doir huquqiy kafolatlarni kuchaytirish, Markaziy Osiyo davlatlarining tibbiyot turizmi xartiyasini qabul qilish singari huquqiy muammolar.

    Tibbiyot turizmini rivojlantirish yuzasidan xorij tajribasini implementatsiya qilishda tibbiyot turizmiga ixtisoslashgan turoperatorlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish, tibbiyot turizmining infratuzilma obyektlari faoliyatini yagona servis sikliga birlashtirgan tuzilmaga asos solish, tibbiyot turizmining infratuzilma obyektlarini manzilli qoʻllab-quvvatlash uchun imtiyozlar paketini ishlab chiqish, tibbiyot turizmining infratuzilma obyektlari faoliyatini rivojlantirishda innovatsion marketing imkoniyatlaridan foydalanish, tibbiyot turizmini rivojlantirishga moʻljallangan strategik chora-tadbirlarni qatʼiy belgilab olish yuqori samara beradi. Jumladan, tibbiyot turizmi boʻyicha “Tashkent MediCare” mintaqaviy xabini tashkil etish oʻzining ijtimoiy, gumanitar va iqtisodiy ahamiyati bilan diqqatga molik. “Tashkent MediCare” mintaqaviy xabini tashkil etish natijasida tibbiyot turizmi infratuzilmasi obyektlarida yangi ish oʻrinlari yaratiladi, mintaqada epidemiologik vaziyat barqarorlashadi va kasalliklar profilaktikasi samaradorligi oshadi, investitsion loyihalarni realizatsiya qilish orqali ishbilarmonlik faolligi ortadi, taʼlim-fan-amaliyot integratsion zanjirida innovatsion ishlanmalar yaratilishi va monetizatsiyasi uchun qulay platforma vujudga keladi.

    Tibbiyot turizmi mintaqaviy xabiga offshor zonasi maqomini berish, tibbiy uskunalar importida boj toʻlovlarini bekor qilish, kommunal infratuzilma taʼminotini davlat tomonidan kafolatlash tibbiy maqsadlardagi kirish turizmini ragʻbatlantirish dastaklari sirasiga kiradi. Tibbiyot turizmi offshor zonasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

    • tibbiyot turizmi obyektlariga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, tibbiyot turizmida ishbilarmonlik faolligini manzilli qoʻllab-quvvatlash;
    • tashqi sotuv bozorlarida jozibali turistik destinatsiya sifatida Oʻzbekistonning ijobiy imijini targʻib qilish, davolanish maqsadlariga parallel ravishda sport-sogʻlomlashtirish va rekreatsiya qulayliklarini taqdim qilish;
    • tibbiyotda ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish jarayonini samarali tashkil etish.

    Qoʻshni davlatlar davolanuvchilari uchun Oʻzbekistonda boʻlish muddatlariga oid cheklovlarni istisno qilish, tibbiyot turizmi maqsadlarida kirib keluvchilar uchun “VisaFree” rejimini joriy qilish, “Tashkent MediCare” mintaqaviy xabi rezidentlari uchun soliq imtiyozlari paketini qoʻllash, vakolatli davlat organi tomonidan tibbiyot turizmi boʻyicha ixtisoslashgan xalqaro yarmarka oʻtkazib borish, hukumat rahbari raisligida tibbiyot turizmi rivojlanishini muvofiqlashtiruvchi Kengash faoliyatini yoʻlga qoʻyish, bosqichma-bosqich “Bukhara MediCare”, “Kokand MediCare”, “Nukus MediCare” tibbiyot turizmi xablari tashkil etilishining meʼyoriy-huquqiy asoslarini tasdiqlashni tibbiyot turizmi boʻyicha taklif etilayotgan preferensiyalar sirasiga kiritish mumkin.

    Raqobatdosh turlar katalogini taklif qilish, turlar uchun optimal narx siyosatini yuritish, tashqi sotuv bozorlarida turistik agentliklar tarmogʻini yaratish, tibbiyot turizmi salohiyatini tanlangan bozor segmentlarida faol targʻib qilish, CRM tizimini yoʻlga qoʻyish, servis uskunalarini modernizatsiya qilish, administrativ boʻlinmalarda servis personalining etiket meʼyorlariga amal qilishini nazoratga olish, marketing byudjetini oʻrta istiqbol uchun rejalashtirish amaliyotiga oʻtish, B2B kommunikatsion modelining ilgʻor uslublaridan foydalanish, brendlar targʻibotida raqamli marketingni faol qoʻllash yoʻllarini tibbiyot turizmini rivojlantirishning marketing aspektlari sifatida sanab oʻtish lozim.

    Tibbiyot turizmini oʻrta istiqbolda rivojlantirish strategiyasi oʻz tarkibida tahliliy faoliyat natijalarining umumlashgan matritsasi, missiya va unga erishishga doir vazifalar bajarilishini taʼminlovchi amaliy saʼy-harakatlar algoritmi, operatsion menejmentda samaradorlikka erishish imkonini beruvchi vakolatlar iyerarxiyasi, monitoring va nazoratni amalga oshirishda baholash indikatorlari (KPI), unumli mehnatni motivatsiyalash mezonlarini qamrab oladi. Tibbiyot turizmini oʻrta istiqbolda rivojlantirish strategiyasini bajarishda vakolatlar iyerarxiyasining yadrosi tibbiyot turizmi rivojlanishini muvofiqlashtiruvchi Kengash hisoblanadi. Bunda tibbiyot turizmi salohiyatining reklama konsepsiyasi uchun masʼul tuzilma Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi huzuridagi Milliy PR-markazi, tibbiyot turizmi boʻyicha investitsion loyihalar portfelini shakllantirish uchun masʼul tuzilma Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tarkibidagi Investorlar bilan ishlash departamenti, tibbiyot turizmi infratuzilma obyektlarini yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash uchun masʼul tuzilma Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tarkibidagi Inson resurslarini boshqarish boʻlimi, tibbiyot turizmining samarali rivojlanishini monitoring qilish uchun masʼul tuzilma Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tarkibidagi Ijtimoiy sohalar iqtisodiyoti departamenti, tibbiyot turizmi xabiga qamrab olingan obyektlarni optimal joylashtirish uchun masʼul tuzilma Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tarkibidagi Strategik rejalashtirish boʻlimi sanaladi.

    Tibbiyot turizmining xalqaro miqyosdagi oʻsish tendensiyalariga erishish kafolatlari sifatida esa quyidagilarni taʼkidlash joiz:

    — tibbiyot turizmi rivojlanish surʼatlarining strategik rejalashtirilganligi;
    — mustahkam meʼyoriy-huquqiy bazaga tayanilishi;
    — amaliy chora-tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi organning qatʼiy belgilanishi;
    — tibbiyot turizmini uzoq muddatli istiqbolda kompleks qoʻllab-quvvatlash richaglarining aniqlashtirilganligi.

    Xulosa qilganda, tibbiyot turizmini rivojlantirishdan aniq iqtisodiy samara kutiladi. Yaʼni, milliy turizm mahsuloti diversifikatsiyasi jadal amalga oshadi, rentabellik hisob-kitobiga koʻra kiruvchi turistik oqimning tuzilmaviy tarkibi oʻzgaradi, milliy turizm salohiyatining ichki va tashqi bozorlardagi targʻibotida maqsadli yondashuv qaror topadi, turizmning iqtisodiyot yondosh tarmoqlariga multiplikativ taʼsir effekti oshadi, Oʻzbekiston hududlari rivojlanishidagi nomutanosibliklar bartaraf etiladi, tibbiyot turizmi yoʻnalishida xizmat koʻrsatishning yagona makonda jamlangan toʻliq sikliga asos solinadi. Bir soʻz bilan aytganda, global masshtabda inqirozli holatlar kuchayib borayotgan bir davrda tibbiyot turizmi yoʻnalishida kiruvchi turistik oqimni ragʻbatlantirish vositalarini takomillashtirish masalasiga doir ilmiy-metodologik bazaning chuqur tadqiq qilinishi obyektiv zaruratga aylangan.


    Gulchexra Mirzayeva,

    Toshkent tibbiyot akademiyasi matbuot kotibi,

    Sirojiddin Xalilov,

    Toshkent shahridagi Alfraganus universiteti

    Xalqaro turizm menejmenti kafedrasi mudiri, DSc

    bilan suhbat asosida tayyorlandi


    Hamkorlik materiali