Koʻz koʻrib, quloq eshitmagan moʻjizalar sari odimlamoqdamiz

    Raqamlashtirishning kengayishi, ayniqsa, biznes, taʼlim, sogʻliqni saqlash va davlat boshqaruvida yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bugungi kunda koʻplab sohalar raqamli texnologiyalar asosida raqamlashtirilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, jarayonlarning tez va qulay amalga oshirilishiga sabab boʻlyapti.

    Avvalo, raqamli texnologiyalar deganda nimalar nazarda tutilishini bilib olishimiz kerak boʻladi. Oxirgi vaqtda bu termin koʻp ishlatilayotgan boʻlsada, koʻpchilikda hali-hanuz aniq tasavvur va tushuncha shakllanib ulgurmagan. Raqamli texnologiyalar deganda, maʼlumotlarni raqamlar yoki kodlar koʻrinishida qayta ishlash, saqlash va uzatish imkonini beradigan texnologiyalar majmuasi tushuniladi. Bular asosan kompyuterlar, dasturiy taʼminotlar, internet, mobil ilovalar, sunʼiy ong va boshqa zamonaviy raqamli yechimlar yordamida amalga oshiriladi.

    Davrimizning asosiy yutuqlaridan hisoblangan raqamlashtirish hayotimizning barcha jabhalariga tez surʼatda kirib keldi. Raqamli texnologiyalar kundalik hayotimizdan tortib, ish faoliyatimiz, taʼlim, tibbiyot kabi koʻplab sohalarga katta taʼsir koʻrsatayotganining guvohi boʻlib turibmiz. Chunki raqamlashtirish vaqtni va mablagʻlarni tejash, samaradorlikni oshirish va yangi imkoniyatlar yaratishga katta hissa qoʻshadi.

    Raqamlashtirish orqali juda koʻp muammolarga yechim berilayotgani ham uning ahamiyatini karrasiga oshirmoqda. Xususan, inson omilining kamayishi ortidan korrupsiyaga oid jinoyatlar sezilarli darajada kamaygani ham hech kimga sir emas. Oylab vaqt oladigan jarayonlar daqiqalarda hal etilishi raqamlashtirishning taraqqiyot va rivojlanishga qanchalik taʼsir etayotganini koʻrsatib turibdi. Hozirgi kunda tibbiyotga ham integratsiya qilinayotgan texnologiyalar, zamonaviy apparatlarning barchasi raqamlashtirishning mislsiz moʻjizalaridan hisoblanadi. Kasalliklarni davolashdan tortib, tashxis qoʻyishgacha raqamli texnologiyalar faol ishtirok etmoqda.

    Hatto qurilish industriyasi ham raqamlashtirish jarayoni tufayli inqilobiy jarayonlarni boshdan oʻtkazmoqda. Sunʼiy ongning rivojlanishi ortidan hech qanday qogʻoz-qalamsiz bir butun loyihalarni chizish, uning minglab modellarini yaratish mumkin boʻlmoqda. Hatto koʻpchiligimizda qoʻrquv uygʻotayotgan sunʼiy ongni aslida kinolardagi ajdarhoga qiyos etsa boʻladi. Agar uni boshqarishni, undan foydalanishni uddalay olsangiz, imkoniyatlaringiz bir necha yuz barobarga ortishi hech gap emas. Insonlar uchun robotlar eng oddiy narsaga aylanib, hech kimni hayratlantirmay qoʻyganiga ancha boʻldi. Biz hali koʻz koʻrib, quloq eshitmagan moʻjizalar sari odimlamoqdamiz. Taraqqiyot insonlar hayotini yengillashtirib, bizni hayotning yangi shakli bilan roʻbaroʻ qilaveradi. Hozirda uydan chiqmasdan har qanday toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyati bor. Odamlar dunyoning turli burchaklarida sodir boʻlayotgan jarayonlardan shaxsiy gadjetlar orqali bir zumda xabardor boʻlmoqda. Raqamlashtirish dunyoning bir-biri bilan muloqotini tez va oson koʻrinishga keltirganini ham alohida yutuq sifatida sanashimiz joizdir.

    Raqamlashtirishning taʼlimdagi afzalliklari juda koʻp va har xil sohalarda ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Xususan institutimiz toʻliq raqamlashtirishga bosqichma-bosqich oʻtib bormoqda. Institut xodimlari va talabalarining davomatini nazorat qilish va mehnat intizomini yanada yaxshilash maqsadida “Cyber Program” XK bilan “FaceID” tizimi joriy qilindi. Kredit-modul tizimini raqamlashtirish va oʻquv jarayoni shaffofligini taʼminlash, talabalar kontingenti bilan shugʻullanish, dekanatlarning tegishli funksiyalari, kadrlar boʻlimi, qabul boʻlimi va hisobxona kabi boʻlinmalar faoliyatini markazlashgan holatda tashkil etish, tizimda byurokratik toʻsiqlar yuzaga kelishini oldini olish va tahliliy maʼlumotlarni shakllantirish, shuningdek, qaror qabul qilish jarayonini optimallashtirish kabi vazifalarni amalga oshirish maqsadida raqamlashtirilgan Registrator ofisi tashkil etildi. Natijada 4 mlrd soʻm mablagʻ iqtisod qilindi. Murojaatlar bilan ishlash tizimi ham raqamlashtirildi. Jumladan muloqot portali hamda botlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ular orqali murojaatlar onlayn qabul qilinib tezkor hal etilmoqda.

    Taʼlim jarayonlarida raqamlashtirishdan masofadan oʻqitish hamda oʻquv jarayonlarini raqamli texnologiyalar orqali nazorat qilishda ham foydalanilmoqda. Bu albatta taʼlim sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatib kelmoqda. Avvallari bir marta koʻrish orzu boʻlgan ustozlarning faoliyatini har kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib borishimiz mumkin. Buxoro muhandislik-texnologiya institutida ham yangi oʻquv yilida 5 ta yoʻnalish masofaviy taʼlim shaklida boʻlib, buning faoliyati uchun toʻliq raqamlashtirilgan studiya tashkil etildi. Raqamlashtirish orqali talabalar va oʻqituvchilar turli maʼlumotlarga tez va oson kirish imkoniyatiga ega boʻladilar. Internet va raqamli resurslar yordamida oʻquvchilar darsliklar, ilmiy maqolalar, video darslar va boshqa turli manbalarni tezda topa olishadi. Raqamli platformalar talabalarga individuallashtirilgan taʼlimni taqdim etishga yordam beradi.

    Raqamli taʼlim uzoqdagi taʼlim oluvchilarga, ayniqsa, chekka hududlardagi talabalarga taʼlim olish imkoniyatlarini yaratadi. Raqamlashtirish taʼlim tizimiga yangiliklar va samaradorlikni kiritadi. U nafaqat oʻquvchilarning bilim olish jarayonini soddalashtiradi, balki oʻqituvchilar uchun ham yangi imkoniyatlarni yaratadi. Bu jarayon davom etar ekan, taʼlimning yanada rivojlanishi va global miqyosda yaxshilanishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Onlayn taʼlim tizimlari talabalar va oʻqituvchilarga vaqt va joydan qatʼiy nazar taʼlim olishi yoki berishini taʼminlaydi. Talabalar darslarga uydan yoki istalgan joydan qatnashishlari mumkin, bu esa taʼlim olish jarayonini juda qulay qiladi. Bu orqali taʼlim uzluksizligi taʼminlanadi.

    Raqamli vositalar yordamida talabalar koʻproq ijodiy yondashuvlarga ega boʻladilar. Ular turli dasturlar yordamida videolar tayyorlash, grafikalar yaratish va boshqa interaktiv materiallar ishlab chiqish imkoniyatiga ega boʻlishadi. Raqamli vositalar orqali talabalar va oʻqituvchilar orasidagi muloqot va hamkorlik osonlashadi. Forumlar, chatlar, videokonferensiyalar va boshqa platformalar yordamida oʻz fikrlarini erkin ifoda etishlari va guruhda ishlashlari mumkin. Taʼlim tizimi raqamlashtirilgan sayin talabalar zamonaviy texnologiyalar bilan tanishishadi va ular bilan ishlashni oʻrganishadi. Bu esa ularning raqamli savodxonligini oshiradi, kelajakdagi kasblarda muvaffaqiyatli boʻlishlari uchun muhim koʻnikmalarga ega boʻladilar.

    Buxoro muhandislik-texnologiya instituti olimlari, yosh tadqiqotchilar tomonidan turli sohalarni raqamlashtirish boʻyicha ilmiy-innovatsion tadqiqotlar olib borilmoqda. Jumladan avtotransport vositalari nosozligini aniqlash va uni bartaraf etishda innovatsion dasturiy taʼminot ishlab chiqildi, sunʼiy intellekt vositasida professional taʼlim, maxsus fanlarini oʻqitish metodikasi takomillashtirilib, raqamli taʼlim muhitida oliy taʼlim muassasalarida kadrlar tayyorlashning konseptual asoslari hamda raqamli texnologiyalarni joriy etishning mintaqalar ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligini oshirishga taʼsiri oʻrganildi. Bundan tashqari informatsion texnologiyalar va raqamlashtirish boʻyicha Yevropa ittifoqining Erasmus+ dasturi, UNICEF xalqaro sogʻliqni saqlash tashkilotining “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-Epedemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi” ning “Vaksina Logistikasi Boshqaruv Tizimi (vac.sanepid.uz)”, «Elektron emlash reyestri (www.emlash.ssv.uz) doirasida 4 ta Xalqaro grant loyihalar amalga oshirilmoqda.

    Xulosa qilib aytganda, raqamlashtirish bugungi taraqqiyotning yuragiga aylanib ulgurdi. Raqamlashtirish jarayoni orqali dunyo aholisining xabardorlik, yangi innovatsiyalardan foydalanish tafovuti ancha yaxshilanib bormoqda. Oʻylaymizki, davlatimizda boʻlayotgan soʻnggi islohotlar va raqamlashtirish siyosati barcha sohalarda oʻzining qulayliklarini taqdim etib, xalqimizning farovon hayotiga xizmat qiladi. Biz esa hech kimda qolishmaydigan kadrlarni, yoshlarni tayyorlashda davom etishimiz kerak.

    Sadoqat Siddiqova,

    Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori