Yetakchi gʻoya – inson qadrini ulugʻlash!

    Prezidentimiz Buxoroga tashrifini bejiz hazrat Bahouddin Naqshband ziyoratgohidan boshlamadi. Zero, bu majmua bugun butun islom olamining moʻtabar ziyoratgohidir.

    Bahouddin Naqshband kabi buyuk siymolar taʼlimoti azaldan insoniyat hayotida maʼnaviy oʻzaklarni shakllantirishda muhim vosita boʻlib kelgan.

    Davlatimiz rahbari ham ulamolar bilan suhbatda majmuaning maʼnaviy ahamiyati haqida soʻzlab, yoshlarga bu jihatni ilm asosida tushuntirish, ularning tarbiyasini shakllantirish, maʼrifatini yuksaltirish, yot gʻoyalarga nisbatan immunitet hosil qilish muhim ekanini taʼkidladi. Shuningdek, bu yerda ziyorat turizmi uchun eng qulay va zarur barcha shart-sharoitlarni yaratish masalasiga eʼtibor qaratdi.

    Oʻzim 1999-yilda ushbu ziyoratga borganimni eslayman: toʻgʻrisi, sharoitlar haqida umuman durust gap aytib boʻlmasdi. Oʻsha atrofda yashaydigan oilalar uyida, sharoitsiz joylarda tunab qolganmiz. Oʻsha davrlardagi ziyoratgohni bugungi majmua bilan solishtirib boʻlmaydi. Biroq Prezidentimiz hali qilingan ishlar yetarli emasligini, mehmonxonalar yetishmasligi kabi kamchiliklar mavjudligini taʼkidlar ekan, bu yerga hamisha oshiqib turgan islom davlatlari fuqarolari nafaqat qulay sharoit bilan taʼminlanishi, balki maʼnaviy ziyo ham olishi lozimligiga alohida toʻxtaldi. Zero, bu sohani rivojlantirishda turistik obyektlar qiymatigina rol oʻynamaydi, balki ularning jozibadorligini oshirish, hududda turizm uchun ichki va tashqi qulay imkoniyatlarni yaratish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

    Prezident taʼbiri bilan aytganda, bu majmua maʼnaviy uygʻunlik poydevorlaridan biri boʻlib, davlat rahbari allomaning “Dilba yor, dast ba kor”, yaʼni “Diling Allohda, qoʻling ishda boʻlsin” taʼlimotining oʻzi yoshlar uchun yuksak darajada tarbiyaviy ahamiyatga ega ekanini alohida eʼtirof etdi. Bu nihoyatda toʻgʻri eʼtirof. Chunki naqshbandiya gʻoyalari milliy qarashlarimiz, qadriyatlarimiz bilan uygʻunligi ham uning milliy mohiyatini ifodalaydi. Xalqimiz azaldan mehnatni ulugʻlar ekan, inson saodatini mehnatda koʻrgan.

    Gapning indallosini aytganda, Bahouddin Naqshband majmuasi maʼnaviy tarbiyaviy ahamiyat kasb etish bilan birga, mamlakatimiz turizm sanoatida ham muhim oʻrin tutadi. Xalqaro turizm esa madaniyatlar transformatsiyasini kuchaytiradi, dunyoqarashni kengaytiradi, dunyoviy bilimlarni, koʻnimalarni oshiradi. Masalan, Buxoro yo Xivaga ajdodlarimiz qabrini ziyorat qilgani kelgan ajnabiy mehmon shu hududga xos qoʻshiq va raqs sanʼati, milliy urf-odatlar, amaliy sanʼat hisoblanmish milliy hunarmandlik namunalari bilan ham tanishadi, milliy gastronomiyani koʻradi.

    Prezidentimizning 2023-yil 26-apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori soha rivojiga yaxshigina turtki beradi. Ushbu soha iqtisodiyotimizda yuksak ulushga ega boʻlishi uchun Buxoroi sharifning juda katta imkoniyatlari mavjud. Aslida Buxorodek muzey shaharga azaldan dunyo xalqlari, ayniqsa, islom olamining qiziqishi baland boʻlib kelgan. Shunday boʻlsa-da, dunyo turizmi bilan qiyoslaganda, mamlakatimiz koʻrsatkichlari past edi. Masalan, 2016-yilda yurtimizga 170 ming xorijiy sayyoh tashrif buyurgan boʻlsa, viza tartibi soddalashtirishi ortidan bu koʻrsatkich ancha oshdi, xususan, 2023-yilda sayyohlar oqimi 1 million 387 mingdan ortdi.

    Buxoroda xususiy sheriklik asosida yangi xalqaro aeroport qurilishi esa mazkur sanoat rivojiga hissa qoʻshish bilan birga, qadim Buxoroning dunyodagi sharafini yanada ulugʻlaydi.

    Albatta, tashrif davomida viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi barcha jabhalarni rivojlantirish masalalari qamrab olingandi. Lekin umumiylik shundaki, ularning hammasi bitta, yaʼni “odamlarni rozi qilish, inson qadrini ulugʻlash” gʻoyasiga asoslangan edi.

    Buxoro mamlakatimizda iqlimi issiq hududlardan sanaladi va bu yerda suvning qadri zar bilan barobar ekanini yaxshi bilamiz. Afsus bilan qayd etish kerakki, viloyat aholisining ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasi bilan maqtanib boʻlmasdi. Oʻzingiz oʻylang: odamlarga oddiy maishiy turmush tarzi uchun kerak boʻlgan birlamchi ehtiyojlar qondirilmasa, ularni qanday rozi qilish mumkin? Qanday qilib inson qadri haqida gapirish mumkin? 2016-yilda aholining toza ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasi bor-yoʻgʻi 48 foizni tashkil etgan. Bu boradagi yirik loyihalar ishga tushirilishi tufayli 2023-yilda bu koʻrsatkich 48 foizdan 73 foizga koʻtarildi va bu boradagi ishlar davom etmoqda.

    Koʻngilni xush qiladigan yana bir ish Buxoro hududini toʻliq elektr energiyasi bilan taʼminlashga qaratilgan loyihalar boʻldi.

    Tumanlarda, xususan, Qorakoʻlda gigant zavodlar qurilishi juda katta yangilik. Chunki shunday zavodning ishchilaridan biri ommaviy axborot vositalariga intervyu berar ekan, mamlakatimizdan tashqariga ishlash uchun ketgan koʻpgina hamyurtlari zavod ochilganini eshitib, qaytib kelayotganini taʼkidladi. Chunki bunday zavodlar oʻn emas, yuz emas, minglab odamlarni ish bilan taʼminlaydi. Minglab ishchilarni talab etadigan yangidan yangi zavod va korxonalar ochilishi minglab odamning qozonini qaynatib, turmush farovonligini yaxshilashi, minglab mehnat resurslari chetga chiqib ketishining oldini olishi mumkin.

    Ushbu tashrif, xalqimiz taʼbiri bilan aytganda, nihoyatda xayrli boʻldi. Yurtimizda mana shunday xayrli ishlar koʻpayaversin!

    Shahlo AHROROVA,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi

    Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi,

    falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori