Yurtimizda matematika fanining rivojlanishida V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining salmoqli hissasi bor. V.Romanovskiy, T.Sarimsoqov, S.Sirojiddinov, M.Salohitdinov, T.Jo'raevning sa'y harakatlari bilan barpo etilib, dunyo matematika hamjamiyati tomonidan tan olingan funktsional analiz va algebra, differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika ilmiy maktablari alohida e'tirofga loyiq.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis palatalari qo'shma majlisidagi nutqida “Yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish uchun bizga zamonaviy ilm va yana bir bor ilm, tarbiya va yana bir bor tarbiya kerak. Bugungi va ertangi kunimizni, yoshlarimiz taqdirini hal qiladigan yuksak malakali muallim va murabbiylar, professor-o'qituvchilar, haqiqiy ziyolilar kerak”, deb alohida ta'kidladi.
Bu esa zimmamizga islohotlarga mos ravishda xizmat qilish vazifasini, mas'uliyatini yuklaydi. Bundan tashqari, ushbu nutqda “Kelgusi besh yil uchun ustuvor yo'nalishlarni belgilab olar ekanmiz, o'tgan davrda erishgan yutuqlarimiz bilan birga, yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklarni ham tanqidiy nuqtai nazardan chuqur tahlil qilishimiz lozim. Nega deganda, o'z kelajagini o'z qo'li, o'z kuchi bilan yaratishga bel bog'lagan xalq va millat kechagi kundan to'g'ri saboq chiqarib, oldinga intilib yashaydi”, deya qayd etildi.
Afsuski, ko'p yillar davomida sohadagi islohotlarga faqat miqdor jihatidan yondashilib, sifat ko'rsatkichlariga e'tibor etarlicha bo'lmadi. Jumladan, ilmiy darajalar olishdagi himoyalar soni o'rinsiz oshirilgani, turli reytinglarda ishtirok etish uchun to'lov asosida ko'plab sifatsiz maqolalar chop etilayotgani yoki ba'zi sohalarda xorijiy davlatlarda 10-15 yillar oldin himoya qilingan ishlarni o'zbek tiliga tarjima qilish orqali ilmiy darajalar olishga harakatlar bo'layotgani, hali bu sohada adolat mezonlarini aniq belgilab olishimiz zarurligini ko'rsatdi.
Bunda, eng avvalo, ilmiy rahbarlik qilayotgan olimlarning saviyasi va mas'uliyatini oshirish lozim edi. Aksincha, savodsiz falsafa doktorlari talabalarga sifatsiz bilim beraverdi. Bilimi etarli bo'lmagan bitiruvchilar esa, maktab va oliy o'quv yurtlarida hech qachon yoshlarimizda bilimga ishtiyoq uyg'ota olmaydi. Natija esa ma'lum: davlatimiz rahbari ta'kidlagan muammo — bilimli kadrlar etishmasligi kelib chiqaverdi.
Prezidentimizning “Inson qadri uchun” tamoyili asosidagi saylovoldi dasturining muhim bo'g'ini sifatida mamlakatimiz ilm-fanini yangi sifat bosqichiga ko'tarish vazifasi belgilangan. Shu kunga qadar, ularning matematika ta'limi sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish borasida qabul qilgan qarorlari iqtidorli yoshlarning ilmiy faoliyatga qiziqishiga hamda xalqaro ilmiy aloqalarning mustahkamlanishiga asos bo'lmoqda.
So'nggi yillar davomidagi ijobiy o'zgarishlar biz olimlarni ham nihoyatda ruhlantirib, mamlakatimizda Uchinchi Renessans drayveri bo'lgan matematika fani va ta'limini rivojlantirish, O'zbekiston ilm-fanini yanada yuqori ko'tarish, olimlarning yangi avlodini tarbiyalash, Prezidentimiz olib borayotgan tub islohotlarning ro'yobi yo'lida bor bilim va salohiyatimizni ayamasdan mehnat qilishga undamoqda.
Bu yil Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga ko'ra, bir guruh fidoyi yurtdoshlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. Jumladan, menga ham “O'zbekiston Qahramoni” unvonining berilishi, Samarqand davlat universitetining kafedra mudiri akademik Saidahmad Laqaev va Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining tabiiy matematika fanlari kafedrasi professori Qudratillo Fayozovning “Do'stlik” ordeni bilan taqdirlanishi biz kabi ilm ahliga ko'rsatilayotgan alohida e'tibor namunasidir. Bundan tashqari, institutimizning olti nafar fidoyi xodimi “O'zbekist on Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” ko'krak nishoniga sazovor bo'ldi.
Shuningdek, institutimiz xodimlari jamiyat farovonligi yo'lida faol ishtirok etib keladi. Jumladan, yosh fan doktorlari G'olibjon Botirov va Abror Xudoyberdiev Senatning Fan, ta'lim va sog'liqni saqlash masalalari Qo'mitasi qoshidagi ekspert kengashi a'zolari hisoblanadi. Albatta, bu yutuq va e'tiroflar bizning elkamizga ulkan mas'uliyat yuklaydi.
Prezidentimizning 2020 - yil 7 - maydagi “Matematika sohasidagi ta'lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan Matematika fani va ta'limini rivojlantirishni qo'llabquvvatlash jamg'armasi tashkil etilgani, Matematika instituti uchun yangi, zamonaviy, innovasion bino qurib berilgani, Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlarda bo'linmalar ochilishi matematikani rivojlantirish bilan bog'liq barcha tashkiliy muammolarni hal etib berdi. Bu esa, matematiklar jamoasiga mamlakatimizda Uchinchi Renessansni ro'yobga chiqarish uchun o'zining munosib hissasini qo'shishga yanada keng imkoniyatlar yaratadi.
Ilm ahliga bo'lgan e'tibor va e'tirof ularni rag'batlantiradi, o'z sohasida fidoyilik bilan ishlashga undaydi. Bu borada qator yangiliklar, ijobiy o'zgarishlarni sanab o'tish mumkin. Jumladan, matematikaga oid yo'nalishlarda ta'lim olayotgan talabalar va tadqiqotchilar uchun akademik T.A.Sarimsoqov nomidagi stipendiya ta'sis etildi.
Shuningdek, “Akademik Qori-Niyoziy merosi” ilmiy-metodik markazi tomonidan yoshlarni rag'batlantirish maqsadida o'quvchilar va talabalar o'rtasida matematika fan olimpiadalari, magistrantlar, doktorantlar va yosh olimlar uchun turli tanlovlar o'tkazib kelinmoqda. Bakalavriat va magistratura talabalari uchun “Akademik Qori-Niyoziy” stipendiyasi joriy qilingan.
Yoshlarning matematika faniga qiziqishini oshirish maqsadida davriy ravishda akademiklar, professoro'qituvchilar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi”, “Ustoz-shogird”, “Mahorat darslari” kabi tadbirlar ham faoliyatimizda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Institutimizda Matematika o'qitish metodikasi yo'nalishida tashkil etilgan ilmiy Kengash ilmiy ishlarning yanada dolzarb, ommabop bo'lishi uchun zarur ko'rsatmalar, tavsiyalar berib keladiki, bu dissertasiyalar ilmiy darajasi, yangiligida ham namoyon bo'lyapti. Tanqidiy yondoshuvlarimiz esa, kelajakda sayoz dissertasiyalardan cheklanishga, matematika ta'limi rivojiga munosib hissa qo'shadigan ilmiy ishlar salmog'i oshishiga xizmat qiladi, deb ishonamiz.
Institutimizning Namangan, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Qoraqalpog'istonda hududiy bo'linmalari tashkil etildi. Xususan, joriy yil 30-31 oktyabr` kunlari Urganch shahrida Evropaning Nazariy va amaliy matematika markazi — CIMPA homiyligida yosh matematiklar uchun “Kompleks analiz, geometriya va dinamika” mavzusida ikki haftalik maktab seminarning ochilish marosimi va xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi. 4-5 noyabr` kunlari esa, Matematika instituti Buxoro bo'linmasi tomonidan tashkil qilingan “Differensial tenglamalar va analizning turdosh masalalari” ilmiy konferensiya si o'tkazildi. Bu tadbirlarda mamlakatimiz va xorijiy davlatlardan sohaning etakchi olim va mutaxassislari, yosh tadqiqotchilari faol ishtirok etgani faoliyatimizga berilgan o'ziga xos baho bo'ldi, deyish mumkin.
Aynan yuqorida keltirib o'tilgan qaror bilan Matematika ta'limi bo'yicha o'quv-uslubiy materiallarni muvofiqlashtirish laboratoriyasi tashkil etilgan. Xodimlarimiz Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda maktablar uchun matematika fani darsliklari muhokamadan o'tkazilmoqda, zarur va foydali ko'rsatmalar asosida yangi tahrirdagi darsliklar yozilib chop etilmoqda. Ushbu laboratoriya xodimlari tomonidan respublikaning barcha xalq ta'limi sohasida hududiy malaka oshirish bo'linmalaridagi tinglovchilariga turli mahorat darslari o'tkazib kelinayotgani ham faoliyatimizning bir ko'rinishidir.
Uzluksiz ta'lim tizimida matematika fanlariga oid barcha islohotlar, turli tanlovlarni onlayn ravishda o'tkazuvchi, sohaga oid zamonaviy adabiyotlar haqida ma'lumot beruvchi “O'zbekiston matematiklari” telegram kanali, Milliy matematika onlayn platformalari faoliyat yuritmoqda.
Bu kabi ishlar, bir tomondan, iqtidorli yoshlarni qo'llabquvvatlasa, ikkinchi tomondan, ilmiy faoliyatga qobiliyati bor yoshlarni saralab olish imkoniyatini beradi.
Xalqaro hamkorlik va yutuqlar
Respublikamiz ilm ahli muallifligida xorijiy davlatlarning nufuzli jurnallarida chop etilayotgan ilmiy maqolalar salmog'i ortdi. Shuningdek, olimlarimiz xorijiy ilmiy seminarlarda o'z ma'ruzalari bilan qatnashib keladi. Faoliyatimiz misolida aytadigan bo'lsak, shogirdlarim bilan Braziliya davlatining San-Paulu universitetida bo'lib o'tadigan xalqaro seminarda ma'ruza bilan muntazam ishtirok etamiz. Professor O'tkir Roziqov esa, 2021 - yil 8 - iyul` kuni Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiya sohasini rag'batlantirish va hamkorlik bo'yicha doimiy qo'mitasi COMSTECH tomonidan o'tkazilgan xalqaro seminarda ma'ruza qildi. Akademiklarimiz Sh.Alimov, A.Sa'dullaev, A.A'zamov, professorlar R. Ashurov, B.Omirov, F. Eshmatov xorijiy universitetlarning xalqaro seminarlarida o'z ma'ruzalari bilan ishtirok etib, xorijlik hamkasblar e'tirofini qozondi.
2021 - yil aprel` oyida Yangi Janubiy Uel`s universiteti (Sidney, Avstraliya) professori, Avstraliya Fanlar akademiyasi a'zosi, Avstraliya matematiklar jamiyati va Xannan medallar qo'mitasi a'zosi, O'zbekiston Milliy universiteti bitiruvchisi, vatandoshimiz Fedor Sukochev iqtidorli talabalar, magistrantlar va yosh olimlar uchun onlayn ma'ruza o'qidi. Ayni kunlarda ham u yurtimiz matematiklari bilan hamkorlikni davom ettirmoqda.
Ma'lumki, zamonaviy komp`yuter tomografiyasi qurilmalari nafaqat tibbiyot, shuningdek, sanoatda ham faol qo'llanilmoqda. Tabiiy ravishda bunday qurilmalarning dasturiy ta'minotini optimallashtirish ham muhim muammolardan sanaladi. Buning uchun shu dasturiy ta'minot asosida yotgan Fur`e almashtirishlari, singulyar va regulyar integrallarni taqribiy hisoblash uchun optimal kvadratur va interpolyasion formulalar ishlab chiqilishi zarur. Bugungi kunda jahon miqyosida ushbu yo'nalishda faol ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Xususan, V.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining Hisoblash matematikasi laboratoriyasi xodimlari va Koreya ilg'or fan va texnologiya instituti laboratoriya mudiri professor Chan Ok Li bilan hamkorlikda “Komp`yuter tomografiyasining 2 D va 3 D tasvirlarini qayta tiklash uchun optimal algoritmlarni ishlab chiqish” nomli fundamental loyiha ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Hamkorlik natijasida yangi optimal formulalar qurilib, ular tasvirlarni qayta tiklashda qo'llanildi.
Institutimizning differensial tenglamalar va ularning tatbiqlari laboratoriyasi AQSHdagi N`yu Xaven universiteti professori Sobir Umarov bilan bir necha yildan beri faol hamkorlik qilib keladi. Pandemiya davrida S.Umarov Kaliforniyadagi Mersed universiteti olimlari bilan birga “Koronovirusning odamlar orasida tarqalish modeli”ni tuzib, uning tarqalish tezligini avvaldan aytib beruvchi dastur ishlab chiqdi. 2020 - yil apreldan boshlab bu dasturning nazariy qismini o'rganishga laboratoriya mudiri Ravshan Ashurov ham kirishdi. Bu ikki olim dasturni rivojlantirish yo'lida kasr tartibli differensial tenglamalar nazariyasida ochiq turgan bir necha muammolarni echishga muvaffaq bo'lishdi. Keyinchalik bu yo'nalishda laboratoriyada akademik Sh. Alimov o'z shogirdlari bilan bir qator qiziqarli natijalarga erishib, ilmiy yangiliklarini nufuzli jurnallarda chop ettirmoqda.
Ilm avlodlar xalqasida rivojlanadi, mamlakat ravnaqiga xizmat qiladi. Shunday faoliyatimiz samarasi o'laroq qator yosh olimlarimiz “El-yurt umidi” jamg'armasi stipendiati bo'lib, xorijiy davlatlarda o'z bilimini oshirib kelayotir. Xususan, Rustamjon Murodov AQSHning Florida universitetida, Bahodirjon Toshpo'latov va Akbar Safarov Bel`giyaning Gent universitetida, Berdax Nurjanov Belarus Respublikasi Milliy Fanlar akademiyasi Matematika institutida ilmiy xizmat safarlarida bo'lib turibdi.
Endi ba'zi xalqaro darajadagi natijalarimiz haqida to'xtalib o'tsam.
2021 - yil 12-17 - mart kunlari o'tkazilgan VI Xalqaro Kavkaz matematika olimpiadasida Sardor Bozorboev rahbarligidagi o'zbekistonlik o'quvchilar 4 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo'lga kiritgani ham mamlakatimiz ilmfani yutuqlari bizni juda quvontirdi.
Joriy yilning 14-24 - iyul` kunlari Rossiya Federasiyasi tomonidan tashkillashtirilgan eng nufuzli olimpiadalar sirasiga kiruvchi 62-Xalqaro Matematika olimpiadasi (IMO) o'tkazildi. Matematika instituti va Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda saralab olingan o'quvchilar Matematika instituti etakchi ilmiy xodimi, professor Nosir G'anixo'jaev rahbarligida institut olimlari va xorijiy olimlar tomonidan tayyorlanishdi. Natijada olimpiadada Buxoro viloyati 5-IDUM o'quvchisi Diyorbek Tolipov kumush medalni, Buxoro viloyati Xalqaro matematika maktabi o'quvchisi Olimjon Olimov bronza medalni qo'lga kiritdi. Shuningdek, Buxoro viloyati Xalqaro matematika maktabi o'quvchisi Doniyor Ismoilov imtiyozli diplomga sazovor bo'ldi.
2021 - yil 28 - avgust kunlari talabalarimiz IMC (International Mathematical Competition) — Xalqaro matematika olimpiadasida Matematika instituti kichik ilmiy xodimi Behzod Qurbonboev rahbarligida ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdi. Talabalarimiz 5 ta oltin, 6 ta kumush, 4 ta bronza medal` va 2 ta faxriy yorliqni qo'lga kiritdi.
2021 - yil 19 - fevral` kuni Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiya sohasini rag'batlantirish va hamkorlik bo'yicha doimiy qo'mitasining (COMSTECH) tavsiyasiga ko'ra, Matematika instituti direktori o'rinbosari professor O'tkir Roziqovning maqolasi “2019 - yilda Matematika sohasidagi eng yaxshi maqola” sifatida e'tirof etildi va Pokiston davlati Prezidenti tomonidan taqdirlandi.
2021 - yil 17 - avgust kuni Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS) ning yig'ilishida Matematika instituti Namangan bo'linmasi mudiri, fizika-matematika fanlari doktori Muzaffar Rahmatullaev Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS)ning Yosh olimlar Kengashi a'zosi (TWAS Young Affiliate) etib saylandi.
2021 - yil 1 - noyabr` kuni Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS)ning yig'ilishida O'zbekiston Milliy universiteti kafedra mudiri va V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti bosh ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Bahrom Omirov va Matematika instituti etakchi ilmiy xodimi, Birlashgan Arab Amirliklari universiteti professori Farrux Muhamedov 2022 - yil 1 - yanvardan Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS)ning a'zosi etib saylandi. Shu bilan O'zbekiston matematiklaridan 4 nafari (Sh.Ayupov, U.Roziqov, B.Omirov, F.Muhamedov) — Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS) akademigi va 4 nafari (K.Kudaybergenov, A.Xudoyberdiev, E.Karimov, M.Rahmatullaev) — TWAS’ning yosh olimlar bo'limi a'zolari safidan o'rin oldi.
Joriy yil 19 - oktyabr` sanasida Elsevier nashriyoti va Stenford universiteti tomonidan dunyoning eng faol (TOP, 2 foiz) olimlari ro'yxati tuzildi. Ushbu ro'yxatda xalqaro nufuzli jurnallarda chop etilgan maqolalari uchun professorlar O'.Roziqov va F.Muhamedov borligi bizni yana bir bor mamnun etdi.
Yuqoridagi yutuqlar, matematiklarimizning xalqaro darajada tan olinishini Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda ilm-fanga berilayotgan yuksak e'tibor natijasi, deb bilaman. Bunday imkoniyatlar, e'tiroflar va xalqaro natijalar yoshlarimizning ilm-fanga bo'lgan qiziqishini yanada orttirib, ularga katta motivasiya bag'ishlashiga ishonaman.
Albatta, bu kabi muvaffaqiyatlar barchamizni mamnun etish barobarida O'zbekiston fanini yanada yuksaklarga ko'tarish, ilm-fanni rivojlantirish, yangi avlodni tarbiyalashda yanada chuqur mas'uliyat yuklaydi. Zotan, yangi O'zbekistonni bunyod etishdek yuksak maqsad yo'lidagi islohotlar Vatanimiz ravnaqi va jahondagi nufuzini yanada oshirishga undayveradi.
Shavkat AYUPOV,
O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Matematika instituti direktori,
O'zbekiston Qahramoni