Eʼtibor masʼuliyat ham yuklaydi

    Shu oʻrinda bir narsani alohida taʼkidlab oʻtish lozim: oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimini rivojlantirish boʻyicha berilgan barcha takliflar bugungi kunda mazkur yoʻnalishdagi mavjud koʻplab muammolarga va sunʼiy toʻsiqlarga yechim boʻla oladi.

    Prezidentimiz Oliy Majlis palatalariga Murojaatnomasida 2021-yilni yurtimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qildi. Zotan, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini Prezidentimiz oʻz nutq va maʼruzalarida koʻp bor taʼkidlagan. Bu ustuvorlikni bugungi kunda shu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan amaliy ishlar misolida ham koʻrishimiz mumkin. Xususan, yosh avlod taʼlim-tarbiyasi va uning sifatli taʼlim olishi yoʻnalishida soʻnggi yillarda ijobiy oʻzgarishlar boʻlmoqda. Jumladan, oliy taʼlim sohasini rivojlantirish, tizimni tubdan takomillashtirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi. Albatta, boʻlayotgan bu ijobiy oʻzgarishlarni nafaqat shu tizimda faoliyat olib borayotganlar, balki butun jamiyat his qilmoqda, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, taʼlim rivojisiz taraqqiyotga erishishning imkoniyati yoʻq.

    Prezidentimiz Murojaatnomasida ham oliy taʼlim tizimida olib borilayotgan izchil islohotlar bundan keyin ham shu ruhda davom etishini va bu masala kun tartibidagi dolzarb masala ekanini taʼkidlab oʻtdi. Jumladan, oliy taʼlim tizimiga oid kelgusi yilda amalga oshiriladigan ishlar toʻgʻrisida toʻxtalib, 30 ta oliy taʼlim muassasasiga oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, qabul kvotasi va moliyaviy masalalarni mustaqil hal qilish huquqi berilishi qayd etdi. Bu esa, oʻz navbatida, oliy taʼlim muassasasi taʼlim jarayoniga yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish, koʻrsatiladigan taʼlim xizmatlari sifatini oshirish maqsadida xodimlarga ustamalar, qoʻshimchalar hamda moddiy ragʻbatlantirishning boshqa turlari miqdorlarini belgilash va iqtidorli talabalarga, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridan boʻlgan talabalarga nisbatan moddiy ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash choralarini qoʻllash, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, oʻqitishning innovatsion shakl va uslublarini joriy qilishga hamda xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga sarflash imkoniyatini beradi.

    Shu bilan birga, Prezidentimiz oʻz Murojaatnomasida nafaqat oliy taʼlim tizimi, balki oliy taʼlimdan keyingi taʼlim toʻgʻrisida ham toʻxtalib, tizimni rivojlantirish boʻyicha ham qator takliflarini bildirib oʻtdi. Shu oʻrinda bir narsani alohida taʼkidlab oʻtish lozim: oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimini rivojlantirish boʻyicha berilgan barcha takliflar bugungi kunda mazkur yoʻnalishdagi mavjud koʻplab muammolarga va sunʼiy toʻsiqlarga yechim boʻla oladi. Birgina, 2021-yilda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarga magistratura va doktoranturaga oʻqishga yuboriladigan yoshlar sonining besh barobarga, oliy oʻquv yurtlari va ilmiy tashkilotlardagi doktorantlar soni 2017-yilga nisbatan uch barobarga oshirilishi va pirovardida bu koʻrsatkichning 4,5 ming nafarga yetishi koʻplab yoshlarning ilm-fan bilan shugʻullanishga qiziqishini oshirib, chin maʼnoda motivatsiya boʻlib xizmat qiladi. Shu bilan birga, yosh olimlarga mahalliy sharoitda olingan ilmiy tadqiqot natijalarini xorijning nufuzli ilmiy markazlarida va oliy taʼlim muassasalarida sinovdan oʻtkazish, takomillashtirish imkoniyati yaratiladi.

    Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash kerakki, yaratilayotgan barcha sharoitlardan ruhlanish bilan birga, bu katta masʼuliyat ekanini va unga munosib boʻlish lozimligini unutmasligimiz kerak. Olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlarining natijadorligi va samaradorligini oshirishda, oʻz sohasining yetuk mutaxassislarini tayyorlashda sobitqadamlik bilan harakat qilishimiz lozim. Zero, bu yoʻnalishda Murojaatnoma va unda berilgan taklif va vazifalar dasturulamal boʻlib xizmat qiladi.

    Ikromjon RAHMONOV,

    Toshkent davlat texnika universiteti

    “Elektr taʼminoti” kafedrasi mudiri