“Oʻzbekiston: Markaziy Osiyo mamlakati dunyoga ochilmoqda” sarlavhali maqolada ayni damda yurtimizga tashrif buyurayotgan xorijlik sayyohlar oqimi tobora oshib borayotganligi qayd etilgan.
Taʼkidlash kerakki, maqolada Oʻzbekiston Xitoy, Yaqin Sharq va Yevropa oʻrtasidagi qadimiy savdo yoʻli boʻlgan afsonaviy Ipak yoʻlining markazida joylashganligi, bu esa sayyohlarga qadimiy va zamonaviy dunyoning oʻziga xos uygʻunligini, shuningdek, koʻplab eko va agroturizm imkoniyatlarini taklif etish imkonini yaratayotganligi taʼkidlangan.
“Madaniyat va turizm vazirining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Aʼzamov mamlakatdagi oʻzgarishlarda davlat rahbarining oʻrni juda muhim ekanligini taʼkidlaydi. Uning fikricha, hukumat tomonidan olib borilgan qator liberal islohotlar, masalan, viza rejimining yengillashtirilganligi ham turizm rivojiga hissa qoʻshmoqda”, deyiladi nashrda.
Maqolada yuqoridagi islohotlarning samarasi oʻlaroq endilikda 93 mamlakat, jumladan, Yevropa Ittifoqiga aʼzo barcha davlatlar va Buyuk Britaniya fuqarolari Oʻzbekistonga vizasiz, 50 dan ortiq davlat fuqarolari esa elektron vizalar orqali tashrif buyurishi mumkinligi eʼtirof etilgan.
Bundan tashqari, “Euronews” saytining yozishicha, zamonaviy poytaxtimiz Toshkentning teatr va muzeylariga yoki islomiy Buxoro shahrining qadimiy masjid va minoralariga tashrif buyuradigan sayyohlar Oʻzbekistonning oʻziga xos tarixga ega ekanligiga guvoh boʻladi.
Oʻz navbatida “Euronews” Samarqand va Buxoroga ham alohida toʻxtalgan. Xususan, Samarqandga Yaqin Sharq va Sharqiy Osiyo oʻrtasida joylashganligi sababli “Madaniyatlar chorrahasi” deya taʼrif berilgan.
“Samarqand Oʻzbekistondagi sayohatni boshlash uchun eng qulay maskan. Bu Markaziy Osiyodagi eng qadimiy doimiy aholi yashaydigan shaharlardan biri boʻlib, uning ildizlari miloddan avvalgi VI asrga borib taqaladi. Dunyodagi eng eʼtirof etilgan masjidlardan biri hisoblangan Registon jome masjidi joylashgan shahar Oʻzbekistonga kirish eshigi hisoblanadi”, deyiladi maqolada.
Buxoro haqida fikr bildirilar ekan, maqolada shaharning 2500-yildan ortiq tarixga ega ekanligi, meʼmorchiligi esa 1000-yildan ortiq vaqtga borib taqalishi taʼkidlanadi. Bundan tashqari, dunyodagi eng qadimiy hammomlardan biri – “Bozori Kord” hammomiga “uzoq kunlik sayrdan keyin dam olish uchun ajoyib joy” deya taʼrif beriladi.
“Euronews” Oʻzbekistonda ekoturizm ham tobora rivojlanayotganini qayd etgan:
“Mamlakatning uzoq shimoli-sharqida joylashgan Ugom-Chotqol milliy bogʻiga tashrif buyurishingiz kerak, chunki u yer noyob flora va faunaga boy, qolaversa sutemizuvchilar, qor qoplonlari va qizil tulkilar yashaydi. Chotqol togʻi atrofida miloddan avvalgi 1000-2000-yillarga oid qadimiy chizmalarni ham topishingiz mumkin”.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonning gastroturizmi ham xorij nashri eʼtiboridan chetda qolmagan.
“Oʻzbekistonga borganingizda, albatta, taomlarini tatib koʻring. Koʻmirda pishirilgan kabob, tandir kabob, palov, quritilgan mevalar va boshqa mahsulotlar sizga yoqishi tabiiy. Anʼanaviy oʻzbek nonlari ham sizda katta taassurot qoldiradi”, deya taʼkidlanadi maqolada, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.