Bolalik inson umrining eng beg'ubor, orzu-umidlarga to'la jo'shqin va haroratli payti bo'lib, ularning kulgusi, ko'zlaridagi quvonch butun olamni yoritadigandek, go'yo. Zero, dunyoda bola kulgusidan yoqimliroq ovoz yo'q. Ular kulgusi baxtning jarangiga o'xshaydi. “Bolaning begonasi bo'lmaydi”, “Bir bolaga etti mahalla ota-ona” kabi hikmatli so'z va maqollar necha asrlardan buyon tildan-tilga, dildan-dilga o'tib, yashab kelayotgani bejiz emas.
Mamlakatimizda bolalarga bo'lgan e'tibor ham, munosabat ham o'zgacha. Ularni sog'lomlashtirish va bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazishga doir muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Shuning barobarida, bolalarning maroqli hordiq chiqarishini tashkil etish maqsadida turli ko'ngilochar tadbirlar muntazam tashkil etilyapti.
Xususan, ularga mo'ljallangan oromgohlar faoliyatini tizimli va samarali tashkil etish maqsadida Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog'lomlashtirish masalalari bo'yicha respublika komissiyasi tashkil etilib, sohadagi boshqaruv yagona tizim asosida yo'lga qo'yildi. Shu bilan birga, bolalarni jismonan va ma'nan barkamol avlod etib tarbiyalash borasidagi islohotlar hayotimizning boshqa sohalari bilan o'zaro chambarchas bog'langan holda, tizimli va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Bolalar manfaatlarini himoya qilish, ularning orzu-istaklarini ro'yobga chiqarish, yosh avlodni jismonan va ma'nan sog'lom qilib voyaga etkazish, farzandlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash masalasi davlat siyosati darajasiga ko'tarilib, bu borada ulkan ishlar qilindi.
Bolaga yoshligidan oilada va jamiyatda risoladagidek tarbiya berilmasa, ulg'aygach to'g'ri yo'lga solish qiyin bo'ladi. Demak, ularga g'amxo'rlik qilish, doimo qo'llab-quvvatlash, huquqlarini himoyalash, rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish – ertangi kunga qo'yilgan mustahkam poydevordir.
So'nggi yillarda bolalar haq-huquqini himoyalashga doir qator qonun va me'yoriy hujjatlar qabul qilinib, tub islohotlar amalga oshirildi. Hozir nafaqat poytaxtimiz, balki yurtimizning qaysi bir go'shasiga bormang, bolalarga ko'rsatilayotgan g'amxo'rlik, katta e'tiborning guvohi bo'lasiz. Farzandlar ko'zidagi quvonchni ko'rib qalbingiz faxr va g'ururga to'ladi. Bolalar oromgohlari faoliyatini yagona tizim asosida yo'lga qo'yish, ularning moliyaviy holatini yaxshilash va bu kabi dam olish maskanlariga yoshlarni jalb etish qamrovini kengaytirish bo'yicha salmoqli ishlar qilinib, mamlakatimizda keng miqyosdagi islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olishga katta e'tibor qaratilib, yurtimizning barcha go'shalarida ta'mirtalab ahvolga kelib qolgan ko'plab bog'chalar rekonstruktsiya qilindi va to'liq jihozlandi. Qanchadan-qancha yangi bog'cha qad rostladi.
2017-yilda yurtimizda 5211 bog'cha faoliyat yuritgan bo'lsa, 2023-yilda ular soni 29 mingdan oshdi. Shundan 13 mingdan ortig'ini nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tashkil etadi. Bu sa'y-harakatlar orqali yurtimizda bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi 72 foizga etdi.
Kelgusida bu boradagi ishlar ko'lami yanada kengayishiga aminmiz. Nega desangiz, 2030-yilga qadar yurtimizda qo'shimcha 2 mingta bog'cha qurish maqsad qilingan. eng muhimi, ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun bog'cha, shu jumladan, xususiy bog'cha xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibi joriy etiladi.
Bolalarni erta yoshdan zamonaviy axborot texnologiyalariga o'rgatish maqsadida har bir bog'chani komp`yuter sinfi bilan ta'minlash borasida ham samarali ishlar amalga oshiriladi. Bog'cha va maktablarni fil`trlangan ichimlik suv hamda sanitariya-gigiena infratuzilmasi bilan to'liq ta'minlashga alohida e'tibor qaratiladi.
Yurtimizda bolalarga g'amxo'rlik qilish, ularni doimo qo'llab-quvvatlash, huquqlarini himoya qilishga davlat siyosati darajasida katta e'tibor qaratilayotgani bejis emas. Sababi bolalar hayotimiz davomchilari, kelajagimiz vorislari hisoblanadi. Bugun ularning etuk inson bo'lib etishishi uchun zarur chora-tadbirlarni ko'rsak, ertaga bu albatta, o'z natijasini berishi aniq.
“Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog'lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar belgilanishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Prezident farmoni o'z vaqtida qabul qilingani bilan yana katta ahamiyat kasb etdi. Ushbu hujjatning mazmun-mohiyati va ahamiyati nimalardan iborat, unda qanday yangiliklar, imtiyozlar o'z ifodasini topgan.
Agar hujjatning ahamiyatiga e'tibor qaratadigan bo'lsak, farmon bilan Soliq kodeksiga muvofiq sanatoriy-kurort, sog'lomlashtirish xizmatlarini, shuningdek, byudjet tashkilotlari tomonidan ko'rsatiladigan jismoniy tarbiya va sportga doir xizmatlarni realizatsiya qilish bo'yicha aylanmalarga qo'shilgan qiymat solig'i solinmasligi belgilanmoqda. Shuningdek, sport va jismoniy tarbiya sog'lomlashtirish majmualari, o'quv-mashq bazalari va bolalar sog'lomlashtirish oromgohlari egallagan erlar er solig'idan ozod etiladi. Qolaversa, notijorat tashkilotlar tomonidan notijorat faoliyatini amalga oshirish doirasida foydalaniladigan ob'ektlar mol-mulk solig'i bo'yicha soliq solish ob'ekti hisoblanmaydi.
Bu ezgu ishlarning zamirida ertamiz davomchilari bo'lgan barcha yoshlarning hayotda o'z o'rnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ilmli qilish, dunyodagi tengdoshlari bilan raqobatlasha oladigan avlodni voyaga etkazish uchun mustahkam poydevor qo'yish maqsadi mujassam.
Odinaxon OTAXONOVA,
Qonunchilik palatasi deputati