Finlyandiya ta'lim tizimidan nimalarni o'rganyapmiz?

    Finlyandiya davlat teleradiokompaniyasi va taʼlim agentligi hamkorligida oʻqituvchilar kundalik hayotini mazmunli oʻtkazishi, oʻzini oʻzi rivojlantirishi va boshqa hamkasblari bilan oʻzaro muloqot qilishi uchun alohida telekanal tashkil qilingan.

    Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Finlyandiyaning Taʼlim va madaniyat vazirligi hamda Milliy taʼlim agentligi hamkorligida “Finlyandiya taʼlim dasturlarini oʻrganish: taʼlim dasturlari va oʻquv materiallari” mavzusida onlayn seminar tashkil etildi.

    Tadbir davomida xorijlik mutaxassislar Finlyandiya taʼlim tizimi, milliy va mahalliy oʻquv dasturlari, darsliklar, oʻquv materiallari va televideniye orqali dars beruvchi oʻqituvchilarni tayyorlash bilan bogʻliq qator masalalar boʻyicha atroflicha maʼlumot berdi.

    Finlyandiya Milliy taʼlim agentligi taʼlim maslahatchisi Yorma Kauppinenning taʼkidlashicha, fin taʼlim tizimida kadrlar tayyorlash boʻyicha “boshi berk nuqta” mavjud emas. Yoshlar erta bolalik davridan boshlab, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar yoki oliy taʼlim muassasalarini bitirganidan keyin ham taʼlimni davom ettirishadi.

    Maktablarda dars soatlari 1-2-sinflar uchun haftasiga eng kamida 19 soat etib belgilangan, 9-sinflar uchun esa ushbu koʻrsatkich 30 soat. Maktablar oʻquv rejasiga koʻra, toʻqqiz yillik haftalik umumiy yuklama 222 soat. Bu koʻrsatkich Oʻzbekistonda 254 soatni tashkil etadi.

    Finlyandiya Milliy taʼlim agentligi oʻquv materiallari menejeri Syuzanna Byorkell mamlakatda oʻquv materiallari (darslik, qoʻllanma)ni tayyorlash tizimi haqida maʼlumot berdi.

    Taʼkidlanishicha, Finlyandiyada oʻquv materiallari milliy oʻquv dasturiga asoslangan holda davlat tili — fin yoki shved tilida tayyorlanadi. Har bir oʻquv materialini oʻquv jarayoniga tatbiq etish pedagogik asosga ega ekaniga alohida eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, oʻquv materiallarini tayyorlashda mamlakatdagi umuminsoniy qadriyatlar, taʼlim muhiti va oʻqitish boʻyicha maslahatlar va oʻqituvchilar uchun alohida materiallarning mavjudligi hisobga olinadi.

    Shuningdek, oʻquv dasturlarining taʼlim jarayonlariga tatbiq etilishida anʼanaviy darsliklar bilan bir qatorda innovatsion texnologiyalar yordamida tashkil etilgan elektron qoʻllanmalar hamda turli formatdagi materiallardan ham keng foydalaniladi.

    Xususan, Finlyandiya davlat teleradiokompaniyasi va taʼlim agentligi hamkorligida oʻqituvchilar kundalik hayotini mazmunli oʻtkazishi, oʻzini oʻzi rivojlantirishi va boshqa oʻqituvchilar bilan oʻzaro muloqot qilishi uchun alohida telekanal tashkil qilingan. Telekanal dasturlari asosan yoshlarda media va raqamli texnologiyalardan foydalanish mahorati, taʼlim olish, tillarni oʻrganish bilan bogʻliq koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan.

    Bugungi kunda Finlyandiyada qoʻllanayotgan oʻquv dasturlari oʻzbek tiliga tarjima qilinib, izchillik bilan oʻrganilmoqda. Mazkur jarayonda Finlyandiya taʼlim tizimining mahalliy sharoitga mos jihatlari yangilanadigan oʻquv dasturlariga singdiriladi.

    Seminar davomida Taʼlim inspeksiyasi mutasaddilari va ekspertlarning ushbu oʻquv dasturlari va darslik boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan qator savollarga finlyandiyalik mutaxassislardan atroflicha javob olishdi.

    Tadbir yakunida muhokama qilingan masalalar boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.