Fuqarolarni ommaviy emlash majburiymi?

    Salomatlik 27 Iyul 2021 1084

    “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi qonunda fuqaro yoki uning qonuniy vakili tibbiy aralashuvni rad etish yoki uning toʻxtatilishini talab qilish huquqiga ega ekangi belgilangan. Shunga koʻra, hech bir shaxs vaksina olishga majbur qilinmaydi.

    Taʼkidlash lozimki, Bosh davlat sanitariya vrachi “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi qonundagi vakolati doirasida Epidemiologik koʻrsatkichlar asosida emlanishi lozim boʻlgan kontingentlarning (masalan, epidemiologik noxush hududda ishlaydiganlar, mazkur hududda yashaydiganlar, ushbu hududlarga tashrif buyurmoqchi boʻlganlar va boshqalar) emlash kalendarini tasdiqlaydi.

    Xususan, ushbu kalendarda gripp, shol, kuydirgi, qizamiq va qizilcha, boʻgʻma va shu kabi 13 ta boshqa epidemiologik kasalliklarga qarshi emlanishi lozim boʻlgan kontingentlar roʻyxati belgilangan edi.

    Endilikda, Bosh davlat sanitariya vrachining qarori bilan epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, koronavirusga qarshi profilaktik emlash ham Epidemiologik koʻrsatma boʻyicha profilaktik emlash kalendariga kiritildi. Ushbu qoʻshimcha aholining ayrim toifalari oʻrtasida doimiy ravishda oʻtkaziladigan profilaktik emlashlarning davomiy qismi hisoblanadi.

    Shunga koʻra, fuqarolar ayrim faoliyat turlari bilan shugʻullanish uchun (asosan aholi bilan koʻp muloqot qiluvchi faoliyat turlari) koronavirusga qarshi emlashdan oʻtishi kerak.

    Shu bilan birga, aholiga epedemiologik xavfsiz va qulay sharoit yaratish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.

    Loyihada Bosh davlat sanitariya vrachining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi qonunda belgilangan vakolatini fuqarolarning sogʻligʻi saqlash borasidagi asosiy qonun hujjati hisoblangan “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi qonunda ham mustahkamlab qoʻyish taklif etilmoqda.

    Shuningdek, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hamda xalqaro ekspertlar koronavirusga qarshi kurashish va uning yangi toʻlqinlarining oldini olish ommaviy vaksinatsiya orqali muvaffaqiyatli tashkil etilishi mumkinligi yuzasidan tavsiyalarini inobatga olgan holda, Mehnat kodeksiga oʻzgartirish kiritish orqali, ish beruvchiga profilaktik emlashdan oʻtishni rad etgan xodimlarni ishga qoʻymaslik huquqini berish koʻzda tutilmoqda.

    “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni loyihasiga taqqoslash jadvali

    Amaldagi tahrir

    Taklif etilayotgan tahrir

    Asos

    1. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan

    “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi 265–I-sonli Qonuni

    1.

    28-modda. Fuqarolarning roziligisiz tibbiy yordam koʻrsatish

    Atrofdagilar uchun xavfli kasallikka chalingan shaxslarga fuqarolar yoki ular qonuniy vakillarining roziligisiz tibbiy yordam koʻrsatilishiga (tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, kasalxonaga yotqizish, kuzatish va yakkalab qoʻyishga) qonun hujjatlarida belgilangan asoslarda va tartibda yoʻl qoʻyiladi.

    Tldirilmoqda

    28-modda. Fuqarolarning roziligisiz tibbiy yordam koʻrsatish, profilaktik emlash

    Atrofdagilar uchun xavfli kasallikka chalingan shaxslarga fuqarolar yoki ular qonuniy vakillarining roziligisiz tibbiy yordam koʻrsatilishiga (tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, kasalxonaga yotqizish, kuzatish va yakkalab qoʻyishga) qonun hujjatlarida belgilangan asoslarda va tartibda yoʻl qoʻyiladi.

    Karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud boʻlgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida aholini profilaktik emlashdan oʻtkazish joriy etilishi mumkin.

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hamda xalqaro ekspertlar tomonidan koronavirusga qarshi kurashish va uning yangi toʻlqinlarining oldini olish ommaviy vaksinatsiya orqali muvaffaqiyatli tashkil etilishi mumkinligi yuzasidan tavsiyalariga asosan, shuningdek, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi qonunda belgilangan Bosh davlat sanitariya vrachining vakolatlaridan kelib chiqib, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan kiritilmoqda.

    2. Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan 161–I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan

    Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi

    1.

    113-modda. Ishdan chetlashtirish

    Xodimni ishdan chetlashtirishga, qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari, yoʻl qoʻyilmaydi.

    Alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda taʼsiridan mastlik holatida ishga kelgan xodim shu kuni (smenada) ishga qoʻyilmaydi.

    Xodim majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlagan yoki oʻtkazilgan tekshirishlar natijalari boʻyicha tibbiy komissiya tavsiyalarini bajarmagan taqdirda, ish beruvchi uni ishga qoʻymaslikka haqlidir.

    Xodim ishdan chetlashtirilgan davrda unga ish haqi hisoblanmaydi.

    Xodim ish beruvchining aybi bilan gʻayriqonuniy ravishda ishdan chetlashtirilganda xodimga yetkazilgan zararni ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda toʻlash majburiyati ish beruvchiga yuklatiladi.

    113-modda. Ishdan chetlashtirish

    Xodimni ishdan chetlashtirishga, qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari, yoʻl qoʻyilmaydi.

    Alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda taʼsiridan mastlik holatida ishga kelgan xodim shu kuni (smenada) ishga qoʻyilmaydi.

    Xodim majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishdan boʻyin tovlagan yoki oʻtkazilgan tekshirishlar natijalari boʻyicha tibbiy komissiya tavsiyalarini bajarmagan, shuningdek yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud boʻlgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida joriy etiladigan profilaktik emlashdan oʻtishni rad etgan taqdirda (sogʻligʻining holatiga koʻra qarshi koʻrsatma mavjud boʻlmaganda) ish beruvchi uni ishga qoʻymaslikka haqlidir.

    Xodim ishdan chetlashtirilgan davrda unga ish haqi hisoblanmaydi.

    Xodim ish beruvchining aybi bilan gʻayriqonuniy ravishda ishdan chetlashtirilganda xodimga yetkazilgan zararni ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda toʻlash majburiyati ish beruvchiga yuklatiladi.

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hamda xalqaro ekspertlar tomonidan koronavirusga qarshi kurashish va uning yangi toʻlqinlarining oldini olish ommaviy vaksinatsiya orqali muvaffaqiyatli tashkil etilishi mumkinligi yuzasidan tavsiyalariga asosan, shuningdek “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan Bosh davlat sanitariya vrachining vakolatlaridan kelib chiqib, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan kiritilmoqda.