Bu borada XX asrda Oybek, Maqsud SHayxzoda, G'afur G'ulom kabi adiblarimiz Navoiy ijodiyoti va hayotini o'rganish va o'rgatishda katta meros qoldirib, ezgu an'anani boshlab berganligini alohida e'tirof etish darkor. Ayniqsa, akademik shoir G'afur G'ulom Navoiy hazratlari ijodiga va hayot yo'llariga havasi o'zgacha bo'lgan, desak mubolag'a bo'lmaydi. Adib chin ma'noda Navoiyni o'zining ma'naviy ustozi deb hisoblagan. A.Navoiyning “Xamsa”si shoirning eng sevimli asarlaridan biri bo'lgan. “Navoiy yolg'on ilmlarni yoqtirmas edi... U haqiqiy jahoniy ilmlar bilan qurollanishni tavsiya etardi”, - deya G'afur G'ulom buyuk dahoga yuksak baho bergan.
Qolaversa, Navoiy ijodiyotini targ'ib etish, yangi davrda yangi ruh bilan har bir xonadonga kirib borishi bevosita G'afur G'ulom nomi bilan bog'liq. Alisher Navoiyga bo'lgan hurmati o'zgacha bo'lganligi sabab, unga atab “SHarq nazmi osmonining ikki porloq quyoshi”, “Navoiy va zamonamiz”, “Xoki Musallo”, “Taxti safar”, “Buyuk ustoz” kabi ilmiy maqolalarni, “Farhod va SHirin” dostonining nasriy bayonini va “Tun bilan tong”, “Alisher” nomli she'rlarini yozadi.
Albatta, G'afur G'ulom va boshqa fidoiy adiblarimiz oldida Navoiy asarlarini har bir o'zbek xonadoniga kirib borishida uni oddiy kitobxon uchun tushunarli tarzda bayon qilish vazifasi turardi. Boisi, Navoiy tilini oddiy kitobxon mutolaa qilganda tushunishda biroz qiynalishini G'afur G'ulom yaxshi anglar edi. SHu sababli, adib “Farhod va SHirin” dostonini zamonaviy o'zbek tilga o'girib chop ettiradi. Tarjimaning ushbu turi adabiyotshunoslikda “tabdil” deb nomlanadi.
Quvonarli jihati, 2020 yilda “Farhod va SHirin” dostoni A'zam Obid tomonidan ingliz tiliga tarjimasi keng kitobxonlarga taqdim etildi. Bundan tashqari, mazkur kitobni ko'p nusxada Hindistonda qayta chop etish rejalashtirilmoqda. Bu shubhasiz, Navoiyning ijodiyotini ko'proq o'quvchilarga etkazishga oid sa'y-harakatlari XXI asrda ham davom etayotganligiga yaqqol dalil, desak mubolag'a bo'lmaydi.
Navoiy o'z insonparvarlik intilishlari tug'yonida o'zining chuqur tafakkuri va yuksak iste'dodi bilan inson omilini tarannum etadi:
Vujud ichra yo'q oloyish alarg'a,
Adam kunjida osoyish alarg'a.
Borin ul uyqudin uyg'otting oxir,
Yig'ibon bir -biriga qotting oxir.
YA'ni G'afur G'ulom YAratuvchining qudratini Navoiy hazratlari ana shu yo'qlikdagi narsalarni uyg'otishda ko'rishini to'g'ri ta'kidlaydi. Dunyoning bino bo'lishidan ezgu maqsad – Inson ekanini aytib o'tadi. Umuman, G'afur G'ulom Navoiy gumanizmi uning inson himoyachisi sifatida tutgan yo'lini mohirlik bilan ko'rsatib bera olgan.
G'afur G'ulom Navoiy ijodini tadqiq etishda, uning mazmun-mohiyatini targ'ib etishda ham benazir edi. Navoiyning “Tun bila tong” radifli g'azaliga bog'lanagan muxammasi ham fikrimizning yaqqol tasdig'idir.
Navoiy:
Mening firoqimu oning visoli tun bila tong,
Bu nav' dahrda yo'q ehtimoli tun bila tong.
G'. G'ulom:
Mening qarog'imu oning jamoli tun bila tong,
Mening zavolimu oning kamoli tun bila tong,
Mening firoqimu oning visoli tun bilan tong,
Bu nav' dahrda yo'q ehtimoli tun bila tong .
e'tibor bersangiz, G'afur G'ulom tun bilan tongning zidligi asosida oshiqning “qarog'i” va yorning “kamoli”, oshiqning “zavoli” va yorning “kamoli”, oshiqning “quyuq oyi” va yorning “hiloli”ni marjondek tizib chiqadi.
G'afur G'ulom Navoiyga bag'ishlab yozgan she'rlarida ham buyuk mutafakkir ijodining har bir o'zbek oilasiga kirib borgani, vatandoshlarning qalbidan o'rin olganini go'zal badiiyat bilan tasvir etadi.
G'afur G'ulom 1948 yil yozgan “Alisher” nomli she'rida Navoiyning butun bashariyat farzandi, favqulodda iste'dod sohibi va insonparvarlik kuychisi sifatida ta'riflaydi.
To'fon, quyunlarda yakkayu yolg'iz,
Monolit, granit haykalday mag'rur,
Termurbek davlatin so'nggi chog'ida
Sakrashu barhayot, bo'ysunmas shuur —
Daraxshon yulduzlar sari o'kirgan,
Bo'ynida zanjiru, qalbi ozod sher.
Insoniy muhabbat mehri-la vafo,
erku baxt timsoli ulug' Alisher.
Adib “Monolit, granit haykalday mag'rur” deganda Navoiyning davr va muhit zarbalariga dosh berib o'zidan so'nmas adabiy meros qoldirganligini juda mohirlik bilan ta'riflaydi. Alisher Navoiy chizgan “Zanjirband she'r” rasm uning taqdirini aks etganligini hamda butun umrini inson himoyasiga bag'ishlaganini talmeh san'ati orqali bayon qiladi.
Navoiy ijodiyotini zamonlar osha xalq ma'naviyatining ajralmas qismi bo'lishida Akademik G'afur G'ulomning xizmati beqiyos. G'afur G'ulom o'z ijodida Alisher Navoiy an'analari mavzuiga bot-bot murojaat qilishi ham bejiz emas. SHubhasiz, millatning ma'rifati ham ma'naviyati ham Navoiyning adabiy merosi bilan chambarchas bog'liq.
Bekzod Narimanov,
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti v.b.,
yuridik fanlari bo'yicha falsafa doktori