Gender zoʻravonlikning oldini olish boʻyicha trening oʻtkazildi

    Mamlakatimizda 22 Sentabr 2023 918

    20-21-sentyabr kunlari Toshkent shahrida “Ozodlikdan mahrum etish joylarida jinsiy va genderga asoslangan zoʻravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashish” mavzusida trening boʻlib oʻtdi. Ushbu oʻquv mashgʻuloti Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) mamlakatimizdagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi oʻrtasida kelishilgan “Oʻzbekistondagi inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimining barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish” loyihasi doirasida oʻtkazildi.

    Trening Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti tomonidan YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (DIIHB) hamda YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi hamkorligida tashkil etildi. Unda asosiy eʼtibor jazoni ijro etish muassasalarida gender zoʻravonlikka qarshi kurashish borasidagi xalqaro standartlardan xabardorlikni oshirishga qaratildi.

    Tadbirning ochilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, Germaniya Federativ Respublikasining Oʻzbekistondagi Elchisi T.Klinner, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi vazifasini bajaruvchi S.Sizov, YEXHT/DIIHB Inson huquqlari boʻyicha boʻlimi rahbari A.Xuber, YEXHT/DIIHB inson huquqlari boʻyicha mutaxassisi I.Xartmann, Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi aʼzosi G.Marufova, Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti boshqarma boshligʻi J.Sultonov soʻzga chiqdi.

    Xususan, Akmal Saidov taʼkidlaganidek, “Yangi Oʻzbekistonda qiynoqlar va zoʻravonliklarning oldini olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib borilyapti. Insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishini nazorat qilish tizimi shakllantirilgan. Inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro va mintaqaviy mexanizmlari, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida izchil va tizimli ish olib borilyapti”.

    Germaniyaning mamlakatimizdagi Elchisi Tilo Klinner qayd etishicha, “Qamoqxonalar aslida reabilitatsiya va oʻziga xos tarbiya muassasalari boʻlib, bu yerda insonlar oʻzlari sodir etgan qilmishi uchun jamiyat oldidagi masʼuliyatini ado etish bilan bir qatorda shaxsiy rivojlanish ustida ham ishlash imkoniyatiga ega boʻlishlari lozim. Ammo, afsuski, jazoni ijro etish muassasalari koʻpincha zoʻravonlik sodir etiladigan joylarga aylanib qolyapti va bundan zaif toifa boʻlmish ayollar koʻproq aziyat chekyapti”.

    Jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti va YEXHTning mamlakatimizdagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi tomonidan ilgari ham bir necha bor oʻtkazilgan.

    Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti boshqarma boshligʻi Jamshid Sultonov, Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi aʼzosi Gulnora Marufova xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi huquq va manfaatlarini amalga oshirishga oid qonunchilik izchil takomillashtirilayotgani toʻgʻrisida fikr bildirdilar.

    Ikki kunlik trening davomida ishtirokchilarga Oʻzbekistonda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu boradagi xalqaro standartlar, gender tenglik tushunchasi, jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida atroflicha maʼlumotlar taqdim etildi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
    Milliy markazining
    matbuot xizmati.