Genomik texnologiyalar: axloqiy va huquqiy muammolar yechimi

    Genomik texnologiyalar nafaqat ilmiy va tibbiy savollarni, balki chuqur falsafiy, madaniy va axloqiy muammolarni ham ko‘taradi. Biz fikrlar xilma-xilligini hurmat qiladigan va muvozanatli yechimlarni topishga yordam beradigan o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini yaratishimiz kerak.

    Bugun insoniyat oldida turgan qator muammolar ichida salomatlik, sog‘lom farzandlarni dunyoga keltirish masalasi nihoyatda dolzarbdir. Yer kurrasida 7000 ortiq orfan (kam uchraydigan irsiy kasalliklar) mavjud bo‘lib, ularning 72 foizi nasldan-naslga o‘tuvchi xususiyatga ega. Irsiy-genetik kasalliklarning aksariyati yaqin qarindoshlar nikohi sabab dunyoga kelgan farzandlarda namoyon bo‘ladi. Fanlar akademiyasi Immunologiya va inson genomikasi institutida “Tibbiyotda genomik texnologiyalar-fuqarolik jamiyati va turli e’tiqodlarning o‘zaro ta’siri: axloqiy va huquqiy muammolar” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida xalqaro miqyosdagi olimlar, huquqshunoslar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi. Butun insoniyatni qiynayotgan irsiy kasalliklar, O‘zbekistonda bugun bu boradagi muammolar, raqamlar aniq ko‘rsatgichlarda keltirib o‘tildi. Yaqin qarindoshlarning, erta turmushning ayanchli oqibatlari tilga olindi.

    — Biz tibbiyotda genomik texnologiyalardan foydalanishning asosiy jihatlarini, shuningdek, ushbu sohada yuzaga keladigan axloqiy va huquqiy muammolarni hal qilishda fuqarolik jamiyati va turli konfessiyalarning o‘zaro hamkorligi muhimligini muhokama qildik, — dedi O‘zFA Immunologiya va inson genomikasi instituti direktori, akademik Tamara ARIPOVA. — Muhokamalarimiz ilm-fan yutuqlaridan tortib, ijtimoiy va axloqiy masalalargacha bo‘lgan keng ko‘lamli mavzularni qamrab oldi va men bir nechta asosiy fikrlarni ta’kidlab o‘tmoqchiman.

    Birinchidan, biz kasalliklarni tashxislash va davolash uchun tibbiyotda genomik texnologiyalarning muhim imkoniyatlari haqida so‘z yuritdik. Ushbu texnologiyalar tibbiyotda yangi ufqlarni ochadi va bemorlarning hayot sifatini sezilarli darajada yaxshilaydi. Biroq, bu imkoniyatlar bilan bizning e’tiborimizni talab qiladigan yangi muammolar paydo bo‘ladi.

    Ikkinchidan, biz turli ijtimoiy guruhlar va konfessiyalarning bir nechta nuqtai nazarlari va manfaatlarini hisobga olish qanchalik muhimligi haqida so‘z yuritdik. Genomik texnologiyalar nafaqat ilmiy va tibbiy savollarni, balki chuqur falsafiy, madaniy va axloqiy muammolarni ham ko‘taradi. Biz fikrlar xilma-xilligini hurmat qiladigan va muvozanatli yechimlarni topishga yordam beradigan o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini yaratishimiz kerak.

    Davra suhbatida Immunologiya va inson genomikasi instituti ilmiy xodimi, olima Tatyana Xegay tomonidan orfan kasalliklari, ularning oqibatlari, bizdagi og‘riqli masalalar aniq faktlar bilan taqdimot qilib berildi. Ishtirokchilar Anhor.uz tahliliy sayti bosh muharriri Lola Islomova, huquqshunos Azamat Egamberdiyev, Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Saida’lo Usmonov, Din ishlari qo‘mitasi vakili Muhammadbobur Yo‘ldoshev, OAV vakillari millatning dardi bo‘lgan bu irsiy kasalliklar sabablari va oqibatlarini keng jamoatchilikka yetkazish xususida so‘z yuritishdi. Davra suhbati yakunida joriy yilning 30-31 oktyabr kunlari orfan kasalliklarini tashxislash va davolashga bag‘ishlangan “Chegarasiz hamdo‘stlik” xalqaro forumi bo‘lib o‘tish haqida ma’lumot berildi.