Gidroenergetika: xalqaro anjuman ish boshladi

    Bugun Toshkent shahri sakkizinchi bor oʻz ishini boshlagan xalqaro anjuman 20 dan ortiq mamlakat vakillarini jamladi.

    “Oʻzgidroenergo” AJ matbuot xizmatining qayd etishicha, uch kun davom etadigan kongress va uning doirasidagi koʻrgazma mintaqalardagi gidroenergetika sohasining rivojlanishi va taraqqiy etishi, tarmoq inshootlarn qurilishi, modernizatsiyasi, muammo va istiqbollari boʻyicha oʻziga xos oʻzaro tajriba almashish, uzviy hamkorlik oʻrnatish va muloqot qilish maydonchasiga aylanadi. Koʻrgazmada ishtirokchi kompaniyalar faoliyati va innovatsion loyihalariga doir taklif hamda taqdimotlarga alohida eʼtibor qaratilgan.

    — Poytaxtimiz bundan bundan uch yil oldin ham ana shunday kongresga mezbonlik qilgan edi, deydi “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati masʼul xodimi Nodirbek Akchaboyev. — Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimizda sohani rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayotgani xorijiy ivestorlarni oʻziga jalb etgani holda, istiqbolli loyihalarda ishtirok etishga boʻlgan intilishlari ham kuchayib boryapti. Xususan, yurtimizda GESlarning umumiy soni 2017-yildagi 37 tadan 60 taga hamda ularning ishlab chiqarish hajmi esa 1 856 MVtdan 2 233 MVtga yetkazildi, qoʻshimcha ravishda qariyb 400 MVt quvvati yaratildi.

    Dastlabki oʻrganishlarga koʻra, yurtimizdagi gidroenergetika salohiyati 8 000 MVtni tashkil qiladi. Lekin hozir buning 2 200 MVti ishlatilmoqda, xolos. Sohaga xorijiy investitsiya va xususiy sektorni jalb qilib, 2030-yilga qadar jami quvvatlarni 6 000 MVtga yetkazish belgilangan. Buning uchun huquqiy, iqtisodiy sharoitlar yaratilgan. Jumladan, kichik va mikro GESlarni qurish istagidagi tadbirkorlarga yerlarni 20-yil muddatga ijaraga berish, ular ishlab chiqargan elektrni davlat tomonidan kafolatli sotib olish tizimi joriy qilingan.

    Taʼkidlash joiz, ushbu xalqaro anjuman gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar, sohadagi yangi innovatsion texnologiyalar hamda xorijiy investorlar (moliyaviy institutlar, banklar)ni faol jalb etish, yetakchi loyiha institutlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qilish hamda amaldagi aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

    — “China Southern Power Grid International” (Janubiy Xitoy elektr tarmoqlari) davlat energetika kompaniyasi mamlakatimizdagi mazkur sohaning eng yirik korxonalaridan biri hisoblanadi, — deydi mazkur kompaniya vakilii Gua Xayereng. — U 2002-yilda tashkil etilgan, bosh qarorgohi Guanchjou shahrida joylashgan, elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlashga ixtisoslashgan. 2023-yil oktyabr oyida “Oʻzbekgidroenergo” AJ bilan kompaniya oʻrtasida “Bir makon, bir yoʻl” sammitida quvvati 600 MVt boʻlgan “Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi Yuqori Pskom GTES qurilishi” loyihasini hamkorlikda amalga oshirish yuzasidan kelishuvi imzolanganmiz. Ayni paytda ushbu yirik inshootning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish nihoyasiga yetkazilgan, tez orada qurilish ishlariga kirishamiz. Bugungi anjuman doirasida hamkorlarimiz bilan yangi loyihalar ustida ham fikr almashyapmiz, innovatsion texnologiyalarimizni taklif etyapmiz.

    Eslatib oʻtamiz: “Gidroenergetika. Markaziy Osiyo va Kaspiy” xalqaro kongressi har yili anʼanaviy ravishda oʻtkazib kelinadi. Oʻzbekiston, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Turkiya, Gruziya, Eron, Armaniston, Rossiya davlatlari uning asosiy ishtirokchilari sanaladi.

    Abdurauf Qorjovov