Dubayda boʻlib oʻtgan 40- axborot texnologiyalari koʻrgazmasida biomuhandislikdan genetik modifikatsiyalashgacha, kiberxavfsizlikdan 5Ggacha – hamma-hamma yangiliklar namoyish etildi. 60 davlatdan 1200 ishtirokchi qatnashgan bu koʻrgazma pandemiya sharoitida texnologiyaga oid bekor qilinmagan yagona yirik tadbir deya baholanmoqda.
Mesmer nomini olgan odamga juda oʻxshash robotlar Engineered Arts tomonidan ishlab chiqilgan. Muloqot borasida muvaffaqiyat qozongan bu robotlar odam eʼtibor bermasligi mumkin boʻlgan harakatlar va hissiy oʻzgarishlarni sezish “qobiliyati"ga ega.
Shuningdek, koʻrgazmada dunyoga mashhur kiberxavfsizlik boʻyicha mutaxassislar ishtirok etdi. Taniqli xaker Pablos Xolman “Kompaniyalarning iqtisodiy ahvoli – ular ishlaydigan kompyuterlarda. Bu yer kelajakning jang maydoniga aylanadi. Biz keng koʻlamli iqtisodiy va tez surʼatlarda avj olib borayotgan kiberurushlar davrini yashayapmiz. Men bu fikrlarni sizni qoʻrqitish uchun aytayotganim yoʻq, haqiqatga tik qarashni oʻrganing. Agar siz oʻyin qoidalariga muvofiq oʻynamasangiz, albatta, yutqazasiz” dedi u.
Yana bir "odobli xaker", spiker va yozuvchi Brayan Silli pandemiya paytida ortib borayotgan xavflarga ishora qildi:
– Bugungi sharoitda uyda oʻtirib qonuniymi, noqonuniymi – qanday pul ishlashni bilmayotganlar soni ortmoqda. Firibgarlar faollashmoqda, ularning ishtahasi ochilmoqda. Ijtimoiy muhandislik, qarmoq tashlash, foydalanuvchilarga yoʻnaltirish berish kabi foydalanuvchilarni aldashga qaratilgan maqsadli usullar orqali ishga kirishmoqdalar. Kompaniyalarning chegarasi deyarli yoʻqoldi.
Pandemiya ilgari foydalanilmagan koʻplab texnologiya vositalarini kundalik hayotimizga kiritdi. Koʻrgazmada, ayniqsa, tibbiyot sohasi yangi texnologiyalari eʼtibor markazida boʻldi.