“Har gal qiyinchilik qaddimni bukkanida ilm meni oyoqqa turg'azdi” hayotning turli sinovlarida mardonavor tura olgan yosh turkiyshunos olima hikoyasi

    Xalqimizda shunday naql bor: “O'g'il farzandni o'qitsang, bir insonni ma'lumotli qilgan bo'lasan. Qiz farzandni ilmli va hunarli qilsang, butun bir millat va jamiyatni ma'rifatli qilgan bo'lasan”. Xalqimiz ilmni va ilmli kishilarni azal-azaldan qadrlab keladi. Ammo qiz farzand ta'limi borasida barcha ham birdek fikrlamaydi. “Qiz bola — birovning hasmi” deya o'qitishni ravo ko'rishmaydi.

    Zamondosh ruknimizning bugungi qahramoni agar ilmli bo'lmaganida hayot unga bergan sinovlar qarshisida tik tura olmasligini aytadi. Uning shu kungacha o'tgan umr hikoyasining bir qismi bilan tanishsangiz, bunga o'zingiz ham amin bo'lasiz.

    Suhbatning video variantini tomosha qilish

    Taymlanni ko'rish

    Feruza JUMANIYAZOVA,

    Tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori. 1984 yilda Xorazm viloyati Yangibozor tumanida tug'ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tarix fakul`tetining bakalavr va magistratura yo'nalishlarida tahsil olgan.

    2018 yili jahon tarixi ixtisosligi bo'yicha “Ilk o'rta asrlarda Toxariston va Kobul vodiysida turkiy sulolalar” mavzusida PhD dissertatsiyasini yoqlagan. 1 monografiya, 3 ta hammualliflikdagi monografiya va 70 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi.

    AQSh va Turkiyadagi nufuzli universitetlarda malaka oshirib qaytgan. Turkiya, Rossiya va qo'shni davlatlarda o'tkazilgan xalqaro anjumanlarda o'z ma'ruzalari bilan muntazam ishtirok etib kelmoqda. Turkiyaning ege universiteti “Turkiyat arashtirmalari” jurnali tahririyati a'zosi. SHuningdek, Qirg'izistonning Manas qirg'iz-turk universitetida tashkil qilingan ilmiy-tajriba tadqiqot markazining O'zbekistondagi vakili hisoblanadi.

    Bugungi kunda “O'rta asrlarda tarixiy Shimoliy Hindistonda turkiylar” mavzusida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

    Meni, hatto, qushchilik to'garagiga ham berishgan

    Ota — injener, onam esa pochta xizmati xodimasi bo'lgan. Otam qishloq xo'jaligi sohasi vakili bo'lsa-da, adabiyotni, kitobxonlikni sevardi. Uyimizda juda ko'p kitob o'qilardi. Hozir o'ylab qarasam, maktabdagi barcha to'garaklarga qatnashgan ekanman. Gulchilikdan tortib qushchilikkacha. Qizbolaga qushchilik ilmini olishning nima keragi bor, deyishardi. Lekin otam men qiziqqanim uchun hattoki qushchilik to'garagiga ham qatnashtirganlar. YAna “qiz bolaga san'atni o'rganishni kim qo'yibdi”, deganlar ham bor edi. Ammo otam qishlog'imizdagi yagona musiqa maktabi o'qituvchisining uyiga etaklab olib borib, fortepiano chalishni o'rganishimni istagan.

    O'zi katta oilada voyaga etganman. To'ng'ich farzand va to'ng'ich nevara edim. Uch nafar ammam mening atrofimda parvona edi. Garchi ular keyingi hayotlarida matematikaga qiziqib ketgan esalar-da, she'riyatni sevishardi. Birinchi sinfdaligimizda hamma sodda she'rlarni yodab kelsa, men Alisher Navoiyning “Qaro ko'zum...” radifli g'azalini yoddan ifodali aytib berganman. Hamid Olimjon va bir qator zamonning ulug' shoirlari she'rlarini marjondek tizib tashlardim. Mana shu uch nafar ammam meni maktabga chiqqunimcha yozish va o'qishga o'rgatib bo'lishgandi. Ko'ryapsizmi, inson tarbiyasidagi e'tibor va xafsalaning o'rni kattaligini. eng asosiy jihat, ota-onam meni kasb tanlashimga majburlashmagan. Ustozlarimning qiziqtirishi va tanlovnng o'zimga qo'yib berilishi qiziqqan sohamda rohatlanib ishlashim hamda yuqori natijalarga erishishimga zamin yaratgan, deya baralla ayta olaman...

    Boburiylardan oldin ham Toxaristonda turkiylar yashagan

    Ilmiy ishimning ahamiyati haqida shuni aytishim mumkinki, men o'rgangan mavzu ham O'zbekiston, ham jahon tarixiga daxldor hisoblanadi. CHunki Toxariston janubiy hududlarimizning bir qismini egallagan. Kobul, Afg'on yoki Hind dunyosida (qadimda bu hududlar Beruniy ta'rifi bilan al-Hind deb atalgan) turkiy sulola haqida gap ketganda aksariyat insonlar shuurida g'aznaviylar yoki boburiylar davlati gavdalanadi. Ko'pchilik islomgacha bo'lgan davrda bu hududlarda turkiylar yashagani, X asrgacha faoliyat ko'rsatganini bilmaydi.

    Men “Ilk o'rta asrlarda Toxariston va Kobul vodiysida turkiy sulolalar” mavzuida olib borgan tadqiqotlarim davomida “Toxariston yobg'ulari” va “Kobultegin shoxlari” nomli ikki sulola mavjud bo'lganligini aniqlab, ular to'g'risida kompleks tadqiqotlar olib bordim. O'rganilmagan mavzu ekanligi, hattoki darsliklarda ham mavjud emasligi ilmiy ishimning dolzarbligini ta'minlab qolmay, O'zbekiston tarixini yanada chuqquroq o'rganishga ozgina bo'lsa-da, hissa qo'shadi, degan umiddaman. Sababi, milliy o'zlikni anglash uchun ham yosh avlod o'z tarixini chuqur bilishi kerak. Olib borgan izlanishlarim tarixning bir sahifasini yanada yorqinroq va aniqroq o'rganishga yordam berishiga ishonaman.

    Olti oylik go'dagimni tashlab, stajirovkaga ketganman

    Olima ayolning kasb pillapoyalaridan yuqoriga chiqishida ota-onadan keyin yana bir insonning hissasi va o'rni bor. Bu — turmush o'rtoq. Turmush o'rtog'im bilan bir soha vakili ekanligimiz mening katta yutug'im bo'lgan. Sababi, u shu soha murakkabliklarini biladi va shuning uchun ham sizni tushunadi.

    Ilmiy rahbarim tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori darajasini olish uchun mavzu berganlarida bir seskanib ketganman. CHunki bu mavzu na darsliklarda bor, na o'rganilgan. Qo'rqqanimni ko'rib, “Sen buni uddalaysan! YOningda men borman” deya o'zimga ishonch bag'ishlagan va shu mavzuda izlanishlar olib borishimga turtki bo'lgan.

    Turmush o'rtog'im — marhum turkiyshunos olim Andrey Kubatin meni o'zidek chaqqon, dadil va yuqori bilimga ega olim bo'lishimni istagan. Maishiy hayotdagi o'zaro suhbatlarimiz ham ilmiy mavzularda bo'lar va bular mening dunyoqarashim kengayib, ilmim oshishiga xizmat qilardi. Ishonasizmi, u menga uyda turkcha gapiraverib-gapiraverib, turk tilini olti oyda o'rgatgan. “O'rganish va gapirish bilan ish bitmaydi, endi ilmiy maqolalaringni turk tilida o'zing yozasan”, deb yozishga ham undagan.

    Chet elga ilk safarim AQSh konferentsiyasiga bo'lgan. O'shanda bolam olti oyli chaqaloq edi. “Emizikli bolani tashlab qayoqqa borasan, uyda o'tir” deyishi mumkin edi aksariyat erkaklar. Lekin meni okeanorti davlatiga borib, ma'ruza o'qishimni o'zimdan ham ko'ra erim juda istagan, havas qilgan. Bolani o'n kun davomida o'zi parvarishlagan. “Bu sening ilk safaring, borishing shart” deya turib olgan.

    Keyingi safarim AQShga ikki yarim oyga stajirovka edi. O'shanda o'g'lim bir yarim yoshlar atrofida edi. Shu paytgacha oilamdan buncha muddatga uzoqlashmaganman. Uning ustiga bolam hali juda kichkina. Bu yaxshi olima bo'lib shakllanishimda katta bir imkoniyat ekanligini ustirib, bolaga o'zi qarashini ta'kidlab meni chet elga jo'natgan. Bir erning olima ayolini qo'llab-quvvatlovi, daldasi va tirgakligi bundan ortiq bo'lmasa kerak, deb o'ylayman.

    Himoyamga ikki kun qolganda erimga hukm o'qilgan

    Hayot bir tekis ketmas ekan. Biz er-xotin ikkalamiz doktorlik dissertatsiyamizni yoqlayman, deb yugirib yurganimizda, bizga ayni kuch, vaqt va bilim olish kerak bo'lgan va kuch-g'ayratga to'lib ishlayman deb turganimizda qora kunlar boshimizga soya soldi. ertalab ishga kuzatgan umr yo'ldoshim kechqurun uyga qaytib kelmadi.

    — Dunyoda eng yomon narsa — mavhumlik. U odamni ezadi, ichdan emiradi. Biz turmush o'rtog'im qanday ayblov bilan ushlab turilganini olti oygacha bilolmaganmiz. Keyin esa unga eng og'ir jazolardan biri — Vatanga taalluqli ichki sirlarni sotganlik aybi qo'yilgani ma'lum bo'ldi. SHu kuniyoq uning aybsiz ekanini isbotlash uchun ishga kirishdik. Andreyning aybsizligi haqida menga va Ombudsmanga yozgan xatini ijtimoiy tarmoqdagi sahifamda ulashganimdan so'ng, bu katta rezonansga sabab bo'ldi. Shu kunning o'zida 50 nafardan ortiq xalqaro olimlardan uning qilgan ishi, ya'ni ilmiy adabiyotlarni almashgani hech qanday jinoyat emasligi haqidagi xatlar keldi. Poytaxtda ham biz yordam so'rab bormagan tashkilotu, ilmiy institutlar qolmadi. Xullas, 2018 yil 8 may kuni sudda shu qilgan sa'y-harakatlarimiz o'laroq, uni ozod qilamiz deb o'ylagandim. Ammo umidlarim puchga chiqdi: uning jazo o'tash muddati engillashtirildi.

    Shu kuni uyga tarvuzim qo'ltig'imdan tushib qaytib keldim. Axir yana ikki kundan keyin mening doktorlik dissertatsiyam himoyasi oldidan bo'ladigan seminarim bor edi. Men umr yo'ldoshimni qutqaraman, u himoyamda dalda berib yonimda turadi, deb qattiq ishongandim. ertasiga bayram ham tatimadi. Yig'lab-yig'lab, zo'rg'a o'zimni qo'lga oldim. Andreyning “Sen kuchli bo'lishing, dissertatsiyangni, albatta, himoya qilishing kerak! Farzandimiz va men uchun kurashishing shart!” degan gaplari menga kuch berdi va men ilmiy seminardan muvaffaqiyatli o'tdim.

    “Qizlaringizga ta'lim bering!”

    Umr yo'ldoshim jazoni o'tayotgan vaqtida ham farzand tarbiyasi, ham oila ta'minoti, buni ustiga aybsizligini isbotlashga harakatlar qilish men uchun oson bo'lmadi, albatta. Shunga qaramasdan, men doktorlik dissertatsiyamni yoqlab, PhD diplomini oldim — Andreyga bergan va'damning ustidan chiqdim. esimda, u bilan ko'rishishga ruhsat berishganida men qo'limda diplom bilan oldiga borganman. U esa meni “Xush kelibsiz, doktor xonim” deb kutib olgan.

    Yurtimizda bo'layotgan sud-huquq tizimidagi islohotlar tufayli turmush o'rtog'imning aybsiz ekanligi o'z isbotini topdi: u to'liq oqlandi va jamiyatdagi o'rni ham tiklandi. Andrey o'zini yana qo'lga olib, oldingidek ilmiy ijodga sho'ng'ib ketgandi. Lekin... afsuski... Butun dunyoga xavf solib turgan koronavirus pandemiyasi uni bu yorug' olamdan olib ketdi...

    Buni men hayotimdagi mag'lubiyat demayman, bu — fojea. Chunki mag'lubiyatni engib o'tish mumkin. Ammo o'limga chora yo'q. U jazo muddatini o'tayotgan vaqtida ko'nglimda bir kun kelib bag'rimizga qaytishiga ishonchim komil edi, endi esa uning kelmasligi qalbimni o'rtaydi.

    Hozir o'ylab qolaman: agar men qo'lida hunari yoki kasb-kori yo'q bir uy bekasi bo'lganimda boshimga tushgan bunday kulfatlaru qiyinchiliklarga dosh bera olarmidim?! Yo'q! Ilm nafaqat meni oyog'imda mahkam turishimga ko'maklashdi, balki menga keyingi qadamlarimni qanday tashlashimda ham mayoq vazifasini o'tadi. Agar ilm-hunarsiz ayol bo'lganimda kimga qanday murojaat qilishni, qanday yo'l tutishu qiyin vaziyatlardan qanday chiqib ketishni bilmay, dovdirab qolgan bo'larmidim. Yana kim bilsin. SHuning uchun men barchaga “fursat borida qizlaringizni o'qiting!” deb aytaman. Axir odamzot hayotida nimalar bo'lishini oldindan bilolmaydi-ku?!

    Maqsadlar meni oyoqqa turg'azdi!

    Bilasizmi, umr yo'ldoshimni dafn qilgach, mening ruhim ham u bilan erga ko'mildi. Olti oygacha tushkunlik, sog'inch va armon iztirobida qiynaldim. Ammo men o'rnimdan turishim kerak edi. Sababi, turmush o'rtog'imning so'nggi lahzalarda aytgan “Farzandimizni baxtli qil, u baxtli yashasin” degan gaplari qulog'im ostida jaranglardi. Bundan tashqari, Andreydan ulkan ilm xazinasi, qo'lyozma materiallar hamda qilinishi kerak bo'lgan ishlar qolgandi. O'zimning shaxsiy rejalarimdan-da ustun turuvchi shu vazifalar meni yana hayotga yanada kuchliroq bo'lib qaytardi. Maqsadim, avvalo, farzandimni otasining nomiga munosib ilmli, ziyoli va jamiyatga foydasi tegadigan inson qilib tarbiyalash. Qolaversa, umr yo'ldoshimning nomini mangulikka muxrlash. Buning uchun kitoblar yozaman, uning nomiga bag'ishlangan ilmiy jurnallar chop etaman, u orzu qilgandek ilmiy muhit yaratilishiga jon-jahdim bilan harakat qilaman.

    “Yangi O'zbekiston” gazetasi muxbiri Sohiba MULLAEVA yozib oldi.