Harbiy-vatanparvarlik haqidagi filmlar

    yosh avlodni yetuklik sari yetaklaydi.

    Bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalarda boʻlganidek, madaniy-maʼrifiy jabhalarda ham keng koʻlamli ishlar bajarilmoqda. Xususan, milliy kinematografiyamizni jahon miqyosiga olib chiqishga har qachongidan koʻra koʻproq eʼtibor qaratilmoqda.

    Milliy kino sanʼatini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni tizimli davom ettirish, yurtimizda jahon tajribasi asosida kino ishlab chiqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish maqsadida davlatimiz rahbarining 2021-yil 7-apreldagi “Kino sanʼati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingan edi.

    Unda belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan Kinematografiya agentligi kino sanʼatini jamiyatning maʼnaviy, madaniy-maʼrifiy hayotida strategik manba sifatida shakllantirish maqsadida davlat buyurtmasiga asosan, badiiy va gʻoyaviy jihatdan yuksak saviyali filmlar suratga olib kelmoqda.

    Mazkur filmlar orasida harbiyvatanparvarlik, mamlakatimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimizning farovonligi yoʻlida xizmat qilayotgan mard oʻgʻlonlar haqida hikoya qiluvchi kartinalar alohida oʻrin tutadi. Soʻnggi yillarda mavzuga oid 30 dan ortiq badiiy va hujjatli filmlar, seriallar suratga olindi. “Ilhaq”, “Matonat”, “Xalq jasorati”, “101”, “Tutqunlik”, “Tinchlik ortida”, “Baron-2: Sogʻinch”, “Ayol qismati”, “Hayot”, “Vatan ostonasi” singari filmlar shular jumlasidan. Mazkur filmlar oʻzbek tomoshabini bilan birga xorijda ham kino muxlislari eʼtiboriga havola etildi, bir qator yirik xalqaro kinofestivallarda yuqori oʻrinlarni egalladi.

    Xalqimiz orasidan el-yurt ozodligi, Vatan taraqqiyoti va farovonligi uchun oʻz jonini fido qilgan qanchadanqancha sara oʻgʻlonlar yetishib chiqqan. Kino ijodkorlar tomonidan ana shunday mard oʻgʻlonlar hayotini teran va haqqoniy aks ettirishga har tomonlama eʼtibor qaratib kelinmoqda.

    Rejissyor Zulfiqor Musoqov suratga olgan “Vatan”, “Qoʻrgʻoshin”, “Berlin — Oqqoʻrgʻon”, “Hayrat” singari filmlarda tarannum etilgan ozodlik, vatanparvarlik gʻoyalari millionlab qalblarni larzaga soldi. Abduvohid Gʻaniyev rejissyorlik qilgan “Elparvar” filmida esa xalqimizning Chingizxon boshchiligidagi moʻgʻil bosqinchilariga qarshi kurashi tarixiy shaxslar, shuningdek, badiiy obrazlar va voqealar yordamida yaqqol ochib berilgan.

    2020-yilda tomoshabinlar eʼtiboriga havola etilgan “Ilhaq” badiiy filmi uchun Ikkinchi jahon urushida besh farzandini urushga joʻnatib, ularning diydorini qayta koʻrolmasa-da, saboti va matonatini yoʻqotmagan oʻzbek ayoli — Zulfiya Zokirovaning hayoti asos qilib olingan.

    Film gʻoyasi ancha avval tugʻilgan boʻlsa-da, uni amalga oshirish maʼlum sabablarga koʻra kechikayotgan edi. Davlatimiz rahbari 2019-yili Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tantanali marosimda Zulfiya ayaning achchiq taqdirini tilga oldi:

    “Hammamiz yaxshi bilamiz, ona zoti uchun farzand dogʻini koʻrishdan ham ogʻir yoʻqotish yoʻq. Zulfiya aya Zokirova Ikkinchi jahon urushida bir emas, besh azamat oʻgʻlidan — Isoqjon, Ahmadjon, Mamajon, Vahobjon, Yusufjon ismli aziz farzandlaridan judo boʻlgan. Oʻzingiz ayting, qadrli doʻstlar, har qanday odamni ham yiqitib, yakson qiladigan taqdirning bunday beshafqat zarbasiga bardosh berish mumkinmi? Lekin Zulfiya Zokirovadek matonatli, qahramon oʻzbek ayoli bunga bardosh bera oldi. Shunday fojiali qismatga besh marta koʻksini qalqon qilib, besh marta ham mardona oyoqqa turdi. Buning uchun odamda qanchalik kuchli iroda, qanchalik metin sabr-bardosh boʻlishi kerak!”

    Shundan soʻng unutilayozgan film ssenariysi qoʻlga olindi. Isteʼdodli rejissyor Jahongir Ahmedov film orqali urushdan qaytmagan besh nafar dilbandi, jondan ortiq jigargoʻshasini hamon kutayotgan, chuqur qaygʻuga botgan mushtipar ona siymosini yaratishga kirishdi. Dahshatli urushning mudhish oqibatlari, ayriliq azobi, zahmat va qiyinchilik qaddini bukib qoʻygan onaizorning ruhiyatidagi matonat, mustahkam iroda yoshlar uchun katta ibrat.

    Filmdagi taʼsirchan sahnalar yoshlarimizni urushning mudhish oqibatlaridan ogoh etish, hozirgi tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetishga undash, ularga Vatan himoyasi inson uchun eng qadrli, sharafli, oliy burch ekanini anglatishga xizmat qiladi.

    Mazkur film ayni paytgacha bir qancha xalqaro festivallarda nufuzli sovrinlarni, jumladan, 2021-yilda Belarusda oʻtkazilgan “Listopad” kinofestivalida gran-prini qoʻlga kiritdi. Maʼlumki, ikkinchi jahon urushida oʻzbek yigitlari nafaqat jang maydonlarida, hatto asirlikda, eng ogʻir sharoitlarda ham insoniylik qiyofasini, gʻururini yoʻqotmagan. Bu esa xorijliklarni ham hayratga solib keladi. 1942-yilda Smolensk ostonasida asirga tushgan 101 nafar oʻzbek askarining Amersfort (Niderlandiya) konslageridagi matonati fashistlarning ideologik rejalarini ham puchga chiqargan edi. Dunyo jamoatchiligi bu haqda oʻsha lagerda boʻlgan sobiq mahbuslardan birining hikoyalari orqali xabar topdi.

    Bu haqda oʻzbek kinoijodkorlari “101” badiiy-hujjatli filmi hamda “Matonat” hujjatli filmlarini suratga oldi. Ushbu filmlar xorijda ham katta qiziqish va hayajon bilan kutib olindi. Xususan, 2021-yilda Istanbul shahrida oʻtkazilgan “Qoʻrqut ota” festivalida Shuhrat Mahmudovning “Matonat” kartinasi “Eng yaxshi hujjatli film” deb topildi.

    Tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikning qanchalik ulugʻ neʼmat ekanini xalqimizga yetkazish, tinchlik posbonlari hayoti va faoliyatini xolisona aks ettirish kinoijodkorlardan jiddiy yondashuvni talab etadi. Bugungi kunda yurtimizda inson qadr-qimmati, vijdon va eʼtiqod erkinligi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Bilib-bilmay turli oqimlar taʼsiriga tushib qolgan, qilmishidan chin dildan pushaymon boʻlgan minglab yurtdoshlarimiz afv etildi. “Mehr” operatsiyasi doirasida 2019-yilning may oyidan boshlab, Yaqin Sharqdagi urush oʻchoqlaridan jami 500 dan ortiq hamyurtimiz Oʻzbekistonga olib kelindi. Bu operatsiyada harbiylarimizning xizmati beqiyos boʻlgan.

    Mazkur operatsiya haqida Kinematografiya agentligi tomonidan “Tutqunlik”, “Ayol qismati”, “Vatan ostonasi” singari serial va badiiy filmlar yaratildi. Ushbu filmlarda operatsiyaning ahamiyati, terrorchi toʻdalar tuzogʻiga ilingan xotin-qizlarning ayanchli taqdiri, afsus-nadomatlari, osoyishtaligimiz posbonlarining yuksak jasorati badiiy jihatdan oʻta real va yorqin aks ettirilgan.

    Bundan yetti yil muqaddam ekranlarga chiqqan “Baron” filmi millionlab tomoshabinlarni hayajonga solgan, ayni paytga qadar tomoshabinlar mazkur filmning davomini intiqlik bilan kutardi. Oʻtgan yilda Rustam Saʼdiyevning “Baron-2: Sogʻinch” badiiy filmida xalqaro uyushgan jinoyatchilikka qarshi hamkorlikdagi samarali kurash tasvirlangan.

    2001-yil 11-sentyabr kuni Nyu-York va Vashington shaharlarida yuz bergan qonli voqealar butun dunyoni larzaga solgan, uning toʻlqinlari hatto yurtimizni ham chetlab oʻtmagandi. Jumladan, 10-sentyabr kuni “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasining Toshkentdan Nyu-Yorkka parvoz qilgan 101-reys ekipaji aʼzolari jasorati, qahramonligi tufayli samolyot bortidagi 200 nafardan ortiq insonning hayoti saqlab qolingan edi. Mazkur voqea ham oʻzbek kinoijodkorlari eʼtiboridan chetda qolmadi.

    2018-yilda rejissyor Akrom Shohnazarov boshchiligidagi ijodiy guruh “101-reys” badiiy filmini suratga olish ishlariga kirishgan edi. Toʻrt yildan ortiq davom etgan mehnat natijasida film katta ekranlarga koʻchdi. Mazkur filmdagi bosh qahramon obrazi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Hoshim Arslonovning soʻnggi roli boʻlib qoldi.

    Hilol Nasimovning “Hayot” filmi ham tomoshabinlar tomonidan iliq qarshi olingan. Film 2000-yildagi Sariosiyo voqealariga bagʻishlanadi. Oʻsha yili avgust oyida janubiy sarhadlarimizga suqilib kirmoqchi boʻlgan terroristik guruhlarga qarshi Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining maxsus operatsiya kuchlari batalyoni kurash olib borgan. Pistirmadagi dushmanni yoʻq qilish uchun 300 dan ortiq harbiy xizmatchi mardona jang qilgan. 21 nafar oʻzbek oʻgʻloni mudofaa chogʻida qahramonlarcha halok boʻlgan. Ushbu kinokartina oʻsha voqealar asosida tasvirga olingan.

    Akbar Bekturdiyevning 2018-yilda suratga olingan “Tinchlik ortida” filmida bugungi osoyishta hayot, tinchlikning qadriga yetish, uni asrab-avaylash, Vatanga muhabbat kabi mavzular ochib berilgan. Bundan tashqari, Abduvohid Gʻaniyevning “Qoʻrgʻon” filmida hayotiy qarashlari tufayli yoʻllari ayro tushgan ikki doʻstning taqdiri haqida hikoya qilinadi. Ularning biri ekstremistlar toʻdasiga kirib, xorlikda oʻlim topgan boʻlsa, ikkinchisi Vatan tinchligi uchun mardonavor kurashib, oʻnlab hamyurtlarimiz hayotini asrab qoladi.

    Ayni paytda Kinematografiya agentligi tomonidan mudofaa, ichki ishlar vazirliklari, davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya bilan hamkorlikda hujjatli filmlar, seriallar suratga olish ishlari davom ettirilmoqda. “Belarusfilm” bilan hamkorlikda Ikkinchi jahon urushi yillarida “Osiyo arsloni” nomini olgan oʻzbek jangchisi Mamadali Topvoldiyev qahramonligi haqida hikoya qiluvchi “Kazbek” badiiy filmi suratga olinmoqda. “Zuvala”, “Uch qahramon”, “Ofitser 55” singari yana oʻnga yaqin badiiy film va seriallar tomoshabinlarga taqdim etilish arafasida.

    14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni arafasida ham Kinematografiya agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda davlat va nodavlat telekanallarda harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi filmlar namoyish etilmoqda. 12-15-yanvar kunlari telekanallar orqali oʻndan ortiq ana shunday filmlar tomoshabinlar eʼtiboriga havola etiladi.

    Ushbu kinoasarlar ona Vatan tinchligi yoʻlida kamarbasta boʻlgan, fidoyiligi va jasorati bilan yurt tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida jon fido qilgan Vatan himoyachilarining sharafli hayot yoʻliga bagʻishlanadi. Yurtimiz sarhadlari muqaddas va daxlsizligi, aynan shu yerdan xalqimizning osuda hayoti boshlanishi, uni koʻz qorachigʻidek asrash yuksak sharafli ish ekanini yoshlar ongiga singdirish, ularni ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda bu filmlarning oʻrni va hissasi beqiyos.

    Shohira RAUFBOYEVA,
    jurnalist