Yaqinda Haydar Farmon yurtimizga tashrif buyurgan edi. Fursatdan foydalanib, u bilan suhbatlashdik.
— Janob Haydar Farmon, kurash vatani — Oʻzbekistonga koʻp bora tashrif buyurgansiz. Suhbatimiz muqaddimasida yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar va soʻnggi yillardagi oʻzgarishlar xususidagi fikrlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.
— Esimda, Oʻzbekistonga birinchi tashrifim 2002-yili boʻlgan edi. Oʻsha davrdagi va hozirgi Oʻzbekistonni solishtirish juda qiyin. Chunki birgina Toshkent shahrida qanday oʻzgarishlar boʻlayotganiga oʻz koʻzim bilan guvoh boʻlib turibman. Esingizda boʻlsa, oldinlari xorijliklar tashrif buyurish uchun joylar juda cheklangan edi. Bugun esa Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va islohotlari natijasida yurtingizda keng qamrovli, istiqbolli islohotlar amalga oshirilmoqda. Qaysi shaharga bormay, juda koʻp oʻzgarishlar, bunyodkorlik ishlariga guvoh boʻlyapman.
Oʻzbekiston qadim va boy tarixga ega yurt. Tarixiy obidalar qayta tiklanib, jahon sayyohlarining sevimli maskanlariga aylanib bormoqda. Bundan tashqari, moliyaviy sohaga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, avvallari valyuta ayirboshlashda koʻplab qiyinchiliklarga duch kelar edik. Bankka borish, soatlab kutib oʻtirish yoki “qora bozor”ga borishga toʻgʻri kelgan holatlar ham boʻlgan.
Hozir istalgan bankomatdan pul olishimiz yoki kredit kartamizdan foydalanishimiz mumkin. Bu boshqa davlatlardan kelgan sayyohlar uchun ham juda qulay boʻldi. Yana bir misol, xalqaro turdagi kredit kartadan foydalanish koʻp davlatlarda juda qiyin. Oʻzbekiston esa bundan mustasno. Davlatingiz rahbari olib borayotgan islohotlar yurtingiz rivoji va ravnaqi uchun xizmat qilishi shubhasiz.
Sport sohasida ham juda katta oʻzgarishlar yuz bermoqda. Boshqacha aytganda, Oʻzbekiston sport mamlakatiga aylanib bormoqda. Toshkentning oʻzida yangi zamonaviy olimpiya shahri qurilyapti. Bu juda ulkan voqelik.
Oʻzbekiston allaqachon xalqaro sport tadbirlariga mezbonlik qilmoqda va bemalol ayta olamanki, yana-da katta tadbirlarni oʻtkazishga ham tayyor. Jumladan, 2025-yilda yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlariga Toshkent shahri mezbonlik qiladi. Ishonamanki, bu tadbir juda yuqori saviyada oʻtadi.
— Kurash bugun nafaqat oʻzbek millatining, balki yer yuzidagi 100 dan ziyod davlat vakillarining sevimli sport turiga aylanib boʻldi. Zero, kurash bilan shugʻullanuvchilar va musobaqalarning soni ham kundan-kunga ortib bormoqda. Shu oʻrinda, bu borada amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlar haqida kengroq maʼlumot bersangiz?
— Darhaqiqat, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi tashkil etilgandan beri kurashni rivojlantirish uchun koʻp mehnat qilinyapti. Lekin moliyaviy yordamsiz bunga toʻla erishib boʻlmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining kurashni qoʻllab-quvvatlash borasidagi qarori bizning bu sport turini qitʼalararo, umuman butun dunyo boʻylab rivojlantirishdagi faoliyatimiz uchun juda katta koʻmak boʻlmoqda. IKA allaqachon toʻrt qitʼa boʻylab kurash musobaqalari oʻtkazib kelyapti. Biz beshinchi qitʼa sifatida Okeaniyada ham kurashni ommalashtirish dasturi ustida ishlayapmiz.
Har yili dunyo boʻylab juda koʻplab musobaqalar tashkil etilmoqda. Qitʼa chempionatlaridan tashqari turli darajadagi xalqaro turnirlar va kattalar, yoshlar oʻrtasida jahon chempionatlari ham boʻlib oʻtmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston Kurash federatsiyasi orqali koʻrsatilayotgan koʻplab yordamlardan IKA oilasidagi milliy federatsiyalar bahramand boʻlmoqda.
Butun dunyoda pandemiya kuzatilgan davrda ham biz toʻxtab qolmadik. IKA juda noyob – kurashni dunyo boʻylab raqamli shaklda rivojlantirish dasturlaridan foydalandi. Kurash usullari, texnikalari yagona tizim asosida “yeKurash” loyihasi ishga tushirildi. Oʻylaymanki, bu koʻplab mamlakatlar kurashchilari va murabbiylari uchun juda foydali boʻldi.
Oʻzbekiston hukumatining koʻmagi, ayniqsa, Prezident qarori asosida biz kurash boʻyicha Jahon seriyasi deb atalgan musobaqa oʻtkazmoqdamiz. Jahon seriyasi rivojlanish dasturining bir qismi boʻlib, biz sport dasturini boshqa xalqaro federatsiyalar bilan bir xil darajaga koʻtarishimiz mumkin boʻlgan maxsus formatdir. Umid qilamanki, bunga albatta erishamiz.
— Maʼlumki, kurash nafaqat Osiyo oʻyinlari, balki Afrika oʻyinlari tarkibida ham bor va Yevropa oʻyinlari dasturiga kiritilish arafasida. Bu borada qilinayotgan ishlar haqidagi maʼlumotlaringiz va fikrlaringiz oʻzbekistonlik kurash muxlislari uchun qiziqarli.
— Ha, hozir kurash Osiyoda yaxshi rivojlangan, chunki bu ushbu qitʼaning sport turi. U Osiyo oʻyinlarining barcha dasturlarida rasmiy sport turi hisoblanadi. Lekin biz boshqa qitʼa oʻyinlariga ham kurashni rasmiy sport turi sifatida kiritish harakatidamiz. IKAda toʻrtta qitʼa federatsiyasi mavjud va hozir ular juda faol harakat qilishmoqda. Assotsiatsiya ularni moliyaviy yordam bilan taʼminlashga harakat qilyapti. Bundan tashqari, bizda har yili toʻrtta qitʼa chempionati oʻtkaziladi. Ammo bu biz uchun yetarli emas. Koʻp sport musobaqalarini oʻz ichiga olgan oʻyinlar dasturiga kiritilishi kurashning rivojida muhim bosqich hisoblanadi.
Bu borada birinchi qadam Afrikaga qoʻyildi va muvaffaqiyatli boʻldi. Yaʼni bu qitʼa yoshlari oʻyinlari dasturida rasman ishtirok etishimiz maʼqullandi.
Tez kunlarda Afrika milliy olimpiya qoʻmitalari assotsiatsiyasi boshqaruv kengashi aʼzolari bilan uchrashamiz. Biz ularga kurashni batafsil tanishtiramiz. Umid qilamanki, uni Afrika oʻyinlari dasturiga ham rasmiy sport turlaridan biri sifatida kiritishga erishamiz.
Yevropada biz faolmiz. Allaqachon Yevropa kurash konfederatsiyasi prezidenti janob Mirabe Iliadis Yevropa Olimpiya qoʻmitasi prezidenti janob Spiros Kapralos bilan uchrashdi. Unga kurashni yaqindan tanishtirdi. Men janob Kapralosni yaxshi bilaman. U bilan koʻp bora suhbatlashganman. Yaqin vaqtlarda kurashni Yevropa oʻyinlarining bir qismi sifatida joriy qilishimiz mumkin. Bu borada IKA jamoasi muntazam ish olib bormoqda.
Pan Amerika sport oʻyinlarida kurashning ishtiroki borasida ham oʻz dasturlarimiz bor. Pan Amerika Kurash itifoqi tomonidan kurashni oʻyinlardagi asosiy sport turlaridan biri sifatida joriy etish maqsadida manfaatdor tashkilotlar bilan aloqalar mustahkamlanmoqda. Umid qilamanki, biz oʻz maqsadimizga albatta erishamiz.
— Shu yilning 28–30-aprel kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida Kurash boʻyicha qitʼa chempionati va World Series Pro turniri boʻlib oʻtdi. Shu oʻrinda World Series Pro turniri haqida gapirib bersangiz. U yangi musobaqalar seriyasimi?
— Toʻgʻri aytdingiz, joriy yil aprel oyining oxirida Xitoyning Xanchjou shahrida Kurash boʻyicha qitʼa chempionati boʻlib oʻtdi. Mazkur chempionat yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun World Series Pro turnirining qitʼa saralash bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Endi 2023-yilning 9–13-iyul kunlari Misrning Qohira shahrida World Series Proning Afrika, 20–29-avgust kunlari Dominikan Respublikasida Pan Amerika, 10–12-oktyabr kunlari Italiyaning Rim shahrida Yevropa saralash bosqichlari boʻlib oʻtadi.
Bizning jamoamiz ushbu uch qitʼadagi tashkiliy qoʻmita bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda. Saralash bosqichlarida gʻolib chiqqan polvonlar noyabr oyida mamlakatingizga kelib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun World Series Pro finalida ishtirok etadi. Bahslar 7 vazn (4 ta erkaklar va 3 ta ayollar) toifasida oʻtkaziladi.
Biz Oʻzbekiston hukumatining qoʻllab-quvvatlashi bilan gʻoliblar uchun pul mukofotlarini taʼsis etdik. Oʻylaymanki, bu qadam kurashning yanada rivojlanishiga katta xizmat qiladi. Bu bilan ishlar toʻxtab qolmaydi. Xalqaro sport jamoatchiligi, ommaviy axborot vositalarida oʻzbek kurashini butun dunyoga keng miqyosda tanitishni maqsad qilganmiz. Umid qilamizki, kurashni butun dunyo tan oladi. Chunki kurash eng halol va olijanob sport turidir.
— Samimiy suhbatingiz uchun rahmat.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Gulichehra DURDIYEVA suhbatlashdi.