Himoya orderining amal qilishi qaysi holatlarda to'xtatiladi?

    Bugungi kunda dunyo hamjamiyati xotin-qizlarning insoniyat taraqqiyotida oʻrnini toʻgʻri anglagan holda xalqaro mexanizmlarni yaratishga boʻlgan harakat ancha oldin boshlangan edi.

    Hozirda gigant xalqaro tashkilot sifatida eʼtirof etilayotgan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1979-yil 18-dekabrda “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida”gi konvensiyaning qabul qilingani fikrimizning yaqqol dalilidir. Mazkur konvensiya xotin qizlar va erkaklarning amaldagi tengligiga erishish, yaʼni gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlar tomonidan oʻz huquqlaridan amalda foydalanish masalalariga bogʻliq boʻlgan muammolarni aniq-ravshan belgilagan asosiy hujjatdir.

    Mazkur normaning mazmun-mohiyati esa amaldagi Konstitutsiyamizning 46-moddasida qaysidir maʼnoda oʻz aksini topgan.

    Mamlakatimizda globallashuv sharoitida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar orasida xotin-qizlarning erkaklar bilan bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlishi, xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi mavqeini kuchaytirish, siyosiy faolligini oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish kabi oʻzgarishlar eʼtiborga loyiq.

    Amalga oshirilayotgan islohotlarnining barqarorligini taʼminlash va ularni amalda qoʻllash uchun, avvalambor uning huquqiy asoslarini yaratish davlatning ichki funksiyasini amalga oshirishdagi oʻziga xos xususiyatlardan hisoblanadi. Shu bois Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida 69-maqsad sifatida “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash” keltirib oʻtilgan.

    Bugun ijtimoiy tarmoqlar orqali xotin-qizlarga nisbatan amalga oshirilayotgan tazyiqlarning tarqalishi nafaqat mamlakatimiz, balki butun millatning oldidagi eng ogʻriqli holatlardan biri sifatida qaralmoqda.

    Mazkur koʻngilsizliklarning oldini olish hamda xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida 2019-yil 2-sentyabrda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-561-son Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun bilan xotin-qizlarni himoya qiluvchi vositalardan biri boʻlmish “Himoya orderi” tushunchasi va uning mazmun-mohiyati yoritib berildi.

    Qonunda belgilanishicha, himoya orderi — tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq oʻtkazayotgan yoki ularga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan taʼsir koʻrsatish choralari qoʻllanilishiga sabab boʻladigan hujjat.

    Bugungi kunda himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish maqsadida beriladi.

    Quyidagilar himoya orderini berish uchun acoc hisoblanadi:

    • tazyiq va zoʻravonlik qurbonining murojaati;
    • jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va (yoki) ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar;
    • tazyiq yoki zoʻravonlik sodir etishi yoxud ularni sodir etishga urinish holatlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi;
    • davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan olingan materiallar.

    Tazyiq va zoʻravonlik toʻgʻrisida xabar bergan shaxclap va tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sir saqlanadi.

    Himoya orderi bilan quyidagi cheklovlar oʻrnatiladi:

    • tazyiq oʻtkazishni va zoʻravonlik sodir etishni taqiqlash;
    • taraflar oʻrtasida aloqani taqiqlash (ish va taʼlim muassasalarida bilvosita aloqaga yoʻl qoʻyiladi);
    • taraflarning bir xonada birga boʻlishini taqiqlash;
    • zoʻravon shaxs zimmasiga majburiyatlar yuklash (jabrlanuvchini davolash, moddiy va maʼnaviy zararni qoplash);
    • zoʻravon shaxsning qurolni saqlash va olib yurish huquqini cheklash yoki taqiqlash (xizmat qurolidan tashqari).

    Himoya orderining amal qilishi quyidagi holatlarda toʻxtatiladi:

    • jabrlangan xotin-qizlar himoya orderini toʻxtatishni soʻrab murojaat qilsa;
    • himoya orderida belgilangan muddat (uzaytirilgan muddat) tugasa;
    • zoʻravon shaxs sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilsa;
    • sodir etgan jinoyati uchun jabrlangan xotin-qizlar yoki zoʻravon shaxslarning biriga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllansa;
    • jabrlangan xotin-qizlar yoki zoʻravon shaxslarning biri sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etilsa;
    • jabrlangan xotin-qizlar yoki zoʻravon shaxslarning biri qonun hujjatlariga muvofiq doimiy yashash joyidan ogʻir kasalligi tufayli yoki uzoq muddatga boshqa davlatga chiqib ketgan boʻlsa;
    • jabrlangan xotin-qizlar yoki zoʻravon shaxslarning biri vafot etsa.

    Mamlakatimizda himoya orderini berish amaliyoti “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-yanvardagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan shu yilning fevral oyidan berila boshlangan.

    Ichki ishlar vazirligining taqdim qilgan statistikasi boʻyicha 2021-yilda jami 39423 nafar, 2022-yilning birinchi choragida esa 11700 nafar xotin-qizlarga himoya orderlari berilgan.

    Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, mamlakatimiz rivojida, jamiyat hayotida, oilalar mustahkamligida xotin-qizlarning oʻrni va ahamiyati katta. Yurtimiz aholisining 50 foizini tashkil etadigan xotin-qizlar jamiyatning barcha sohalarida samarali faoliyat yuritmoqda. Gender tenglikni joriy qilish nuqtayi nazaridan barcha sohalar qatorida taʼlimdagi ijobiy siljishlarni alohida taʼkidlash kerak.

    Sirojiddin Eshqobilov,

    Toshkent davlat yuridik universitetining

    Ixtisoslashtirilgan filiali oʻqituvchisi