Hokimlar endi kengashga hisob beradi. Hozir ham shunday-ku, deysizmi?

    Bekobod tumani kengashi sessiyasida faqatgina yigʻilishga raislik qilgan deputat soʻzlaganini, qolganlar esa rozimiz, deya qoʻl koʻtargani guvohi boʻlganman. Yoki Nurafshon shahri kengashi sessiyasi boshlanguniga qadar birorta ham deputat kun tartibidagi masalalar bilan tanishmaganidan xabardor edim.

    Keyingi yillarda Xalq deputatlari mahalliy kengashlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, nazorat funksiyalarini kengaytirish va boshqa masalalardagi faolligi oshdi, ish usuli takomillashdi. Bugungi kengashlar faoliyatini, deputatlarning tashabbuskorligini bundan 10-15-yil avvalgi holat bilan taqqoslab boʻlmaydi.

    Men mehnat faoliyatim davomida kasbim taqozosi bilan mahalliy kengashlar ish uslubini, oʻsha yillarda saylangan deputatlar faoliyatini koʻp marta tahlil qilganman. Jurnalist, gazeta muxbiri sifatida kengash sessiyalarida ishtirok etganman. Eslasam, bugun bir oz erish tuyulgandek boʻladi. Masalan, Bekobod tumani kengashi sessiyasida faqatgina yigʻilishga raislik qilgan deputat soʻzlaganini, qolganlar esa rozimiz, deya qoʻl koʻtargani guvohi boʻlganman. Yoki Nurafshon shahri kengashi sessiyasi boshlanguniga qadar birorta ham deputat kun tartibidagi masalalar bilan tanishmaganidan xabardor edim. Piskent tumanida oʻtkazilgan sessiyada hokim oʻrinbosari deputatga tazyiq oʻtkazganini ham oʻz koʻzim bilan koʻrganman. Bunday misollarni yana keltirishim mumkin.

    Bugun kengashlar vakolatlari kengayib, xalq hokimiyatchiligini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish borasida qamrovli ishlar qilinayotir. Lekin shu oʻrinda savol tugʻiladi: mahalliy kengashlar davlatimiz tomonidan qoʻyilayotgan yangi talab va vazifalarga toʻlaqonli javob beryaptimi? “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga hamohang faoliyat yurityaptimi? Bu savollarga javob berishda bir oz oʻngʻaysizlik paydo boʻladi.

    Prezidentimizning shu yil 2-fevralda qabul qilingan “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan tanishib, uni oʻz vaqtida qabul qilingan tarixiy hujjat, mahalliy kengashlar dasturilamali, deb baholash mumkin. Mazkur farmon, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro organlari vakolatlari boʻlinishiga oid muhim tamoyilning mahalliy darajasidagi ijrosini taʼminlaydi. Shu maʼnoda, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini “Kuchli kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida tashkil etish yuzasidan qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” maʼqullanganini ham alohida eʼtirof etish lozim.

    Hozir hokim bir vaqtning oʻzida kengash raisi ham hisoblanadi. Tabiiyki, kengash qabul qilgan qarorlarning saviyasi, mazmun va mohiyati koʻp jihatdan raisga bogʻliq. Kengash raisi esa ayni vaqtda hokim ekanini unutmaydi va qaror qabul qilishda oʻzi bilib-bilmay ijro hokimiyati manfaatlariga yon bosishi mumkin.

    Ikkinchidan, kengash sessiyasida rais oʻzi hokim sifatida hisobot bermoqda. Albatta, bunday jarayonda roʻy-rostlik, ochiq tanqid, kamchiliklarga murosasizlik bir oz orqaga chekingandek boʻladi. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, bu yil oʻtkaziladigan saylov yakunlari boʻyicha dastlab viloyatlar va Toshkent shahri kengashlarida, 2026-yildan eʼtiboran tuman (shahar) kengashlarida kengash raislari va hokimlar alohida-alohida faoliyat yuritishi belgilangani ayni muddaodir.

    Farmon bilan mahalliy kengashlar zimmasiga vazifa va funksiyalar faqatgina qonun hujjatlari bilan yuklanishi, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tomonidan mahalliy kengashlar faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻymaslik belgilab qoʻyildi. Normativ huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda vazifalarni mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻrtasida aniq belgilash amaliyoti joriy etilmoqda.

    Bularning barchasi mamlakatimizda yuritilayotgan oqilona siyosatning yorqin koʻrinishidir. Farmon bu kabi va boshqa koʻplab masalalarni xalqchil nuqtayi nazardan hal etishga asos yaratayotgani bilan ham ahamiyatlidir.

    Oʻz navbatida, farmon bilan mahalliy kengashlar hamda ijro hokimiyati oldiga yangi vazifalar qoʻyilmoqda. Ularni oʻrganish, amaliyotga joriy etish, tabiiyki, mahalliy kengashlar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Mahalliy kengashlarning xalq ovoziga aylanishi, hududiy boshqaruvni aholi manfaatlariga xizmat qilish tamoyili asosida yoʻlga qoʻyish deputatlarni oʻta faol boʻlishga, daxldorlik tuygʻusini oshirishga, kamchiliklarga murosasiz boʻlishga, nazoratni kuchaytirishga undaydi.

    Rahmatilla ShERALIYEV,

    Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi deputati,

    Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi