Ikki xalqqa xizmat qilish — ikki karra baxt

    Oʻzbekiston va Tojikiston davlati, oʻzbek va tojik millatining doʻst-birodarligi barcha sohadagi kabi sanʼat va madaniyatda ham yaqqol koʻzga tashlanadi.

    Prezidentlarimizning bu galgi doʻstona uchrashuvlari ana shu doʻst-birodarlikni yanada mustahkamlashdan tashqari, ikki xalq uchun zarur boʻlgan qator kelishuvlarga erishishga xizmat qildi. Jumladan, madaniyat sohasida ham.

    Ayniqsa, tojikistonlik sanʼat vakillari bilan birgalikdagi qoʻshma konsertimizni davlatlarimiz rahbarlari yuzlarida mamnuniyat bilan tomosha qilgani bizga olam-olam quvonch bagʻishladi. Ikki davlat yetakchilari qarshisida faxriy unvonni qabul qilib olganimiz esa unutilmas tarixiy voqelik sifatida qalblarimizga muhrlandi.

    Aslida tugʻilib oʻsgan yurtingda el mehrini qozonib, qaysidir unvonni olishning oʻzi katta baxt. Chunki, avvalo, dunyoga, sanʼatga nima uchun keldim, degan savolga javob topgandek boʻladi inson. Endi boshqa bir davlat rahbari qoʻlidan oʻsha davlatning faxriy unvonini olishni ikki karra baxt, desak xato boʻlmaydi. Oʻzbekistonlik taniqli sanʼatkorlar qatori menga ham “Xofizi xalkii Tochikiston” – “Tojikiston xalq hofizi” faxriy unvoni berilganidan benixoya xursand boʻldim. Nasib qilsa, endi tojik xalqiga ham munosib xizmat qilamiz.

    Quvonarli jihat shundaki, davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan tojikistonlik bir guruh madaniyat va sanʼat xodimlari ham “Oʻzbekiston xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Albatta, bu ularning madaniy-gumanitar aloqalarni yangi bosqichga koʻtarish, sanʼatimiz va umumiy tarixiy merosni, maʼnaviy qadriyatlar va anʼanalarni asrab-avaylash, targʻib etish borasidagi samarali faoliyatining munosib eʼtirofi. Tojikiston faxri boʻlgan bunday sanʼatkorlar Oʻzbekistonda ham hurmatli. Oʻzbekistonda nom taratgan sanʼat vakillari Tojikistonda ham taniqli. Ilohim, mana shunday chambarchaslik, ahillik, mehmonnavozlikka koʻz tegmasin!

    Prezidentimiz hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida bu yogʻiga ham juda katta rejalarimiz borligini taʼkidladi. Nasib qilsa, ikki davlatning istiqboli porloq, hamkorligimiz abadiy boʻladi. Biz, sanʼatkorlar ham har ikki davlat sanʼati uchun hissa qoʻshishimizga qaratilgan yuksak ishonchni oqlashga astoydil bel bogʻlashimiz kerak. Shu oʻrinda 25-30-aprel kunlari Xivada boʻlib oʻtadigan ikkinchi “Lazgi” xalqaro raqs festivalini tashkil etishga har yilgidan-da koʻtarinki kayfiyatda kirishganimizni aytish joiz. Zero, “Lazgi” oʻzbekona qadriyatlarimiz, milliyligimizni ham turfa ellarga namoyish qiladi.

    Qolaversa, bu yil yana bir yangilik — “Sharq taronalari” festivali ham Xivada boʻlib oʻtishi kutilayotgani biz uchun juda katta faxr.

    Ogʻabek SOBIROV,

    Oʻzbekiston xalq artisti, Tojikiston xalq xofizi,

    Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi

    “Lazgi” ashula va raqs ansambli badiiy rahbari