Kishilik tamadduni tarixini tahlillar asosida tizimli oʻrgangan ilm kishilarining taʼkidlashicha, ilk Renessans — uygʻonish davri Gʻarbiy Yevropadan ilgari Markaziy Osiyo, toʻgʻrirogʻi, qutlugʻ diyorimiz Movarounnahr hududlarida vujudga kelgan.

Yurtimizda kechgan birinchi uygʻonish — ilk Renessans davri IX-XII yuz yilliklarni oʻz ichiga olgan. Bu davrni shveysariyalik professor Adam Mes “Musulmon Renessansi”, rus sharqshunosi, akademik Nikolay Konrad esa “Sharq Uygʻonishi” istilohlari bilan atashgan. IX-XII asrlarda jamiyatning barcha sohalarida katta koʻtarilish yuz berdi. Taʼlim, iqtisodiyot, madaniyat, maʼrifat, tibbiyot, harbiy va maʼnaviy sohalar yuksaldi. Markaziy Osiyoda oʻsha paytlari hukmronlik qilgan somoniylar, qoraxoniylar, gʻaznaviylar, saljuqiylar va xorazmshohlar ilmu fan va madaniyat taraqqiyoti uchun eʼtiborga molik ishlarni amalga oshirdi. Ularning qoʻllab-quvvatlashi, tashabbusi bilan Buxoro, Samarqand, Urganch, Marv, Termiz singari kentlarda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, yangi madrasalar, masjidlar, maqbaralar, xonaqohlar, karvonsaroylar, akademiyalar, qalʼayu saroylar qurildi. Bu ilmiy markazlar va madrasalarda jahon tanigan ulugʻ allomalar Muso al-Xorazmiy, Ahmad al-Fargʻoniy, Imom al-Buxoriy, Abu Mansur al-Moturidiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Bakr al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mahmud az-Zamaxshariy, Burhoniddin al-Margʻinoniy, Mahmud Koshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy singari yuzlab mutafakkirlar faoliyat yuritgan.

Bu qutlugʻ maskanlarda yaqin va uzoq oʻlkalardan kelgan minglab ilmi toliblar taʼlim va tarbiya olib, yetuk mutaxassislar boʻlgan. Birgina Xorazm Maʼmun akademiyasida oʻnlab olimlar samarali ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan, ular tomonidan ilm-fanning turli jabhalarida yuzlab asarlar, kitoblar yozilgan. Hozirda ham mazkur boy ilmiy va maʼnaviy meros oʻz qadrini yoʻqotgan emas, dunyoning nodir kutubxonalarida saqlanib kelinadi.

Oʻlkamizdagi ikkinchi Renessans davri esa XIV-XV asrlarga toʻgʻri keladi. Markaziy Osiyoda Amir Temur va Temuriylar hukmronligi davri edi. Xususan, Amir Temur, Shohruh mirzo, Mirzo Ulugʻbek, Husayn Boyqaro hukmronligi davrida jamiyat taraqqiyotining barcha sohalari, ayniqsa, ilmu maʼrifat, bunyodkorlikka katta eʼtibor berilgan. Movarounnahr oʻsha kezlar dunyoning ilmu irfon, taʼlim, maʼrifat va madaniyat oʻchogʻi edi.

Samarqandu Buxoro, Nasafu Kesh, Termizu Hirot singari oʻnlab shaharlarda ilm-fan yuksak maqomga koʻtarildi. XV asrga kelib, Samarqandda Mirzo Ulugʻbek ilmiy maktabi vujudga keldi. Ayni shu davrlarda Qozizoda Rumiy, Jamshid al-Koshiy, Muhammad Havofiy, Ali Qushchi kabi tabiiy va aniq fanlarning tadqiqotchilari, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Sakkokiy, Lutfiy kabi ijodkorlar, Sharofiddin Ali Yazdiy, Hofiz Abru, Mirxond va Xondamir singari tarixchi olimlar, Kamoliddin Behzod, Mirak naqqosh kabi rassomlar yetishib chiqqan. Bu olimlarning saʼy-harakati natijasida temuriylar saltanati dunyoning yetakchi ilmiy va maʼrifiy markazlaridan biriga aylandi.

XXI yuz yillikka kelib, Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi bosqichida hamda hozirda yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatda yurtimizdagi bu ikki yuksalish davrlaridagi muhim voqea-hodisalarga, erishilgan natijalarga, ulugʻ allomalarimizning jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissalariga oʻz eʼtiborini qaratgan holda Prezidentimiz Oʻzbekistonda yangi uygʻonish — Uchinchi Renessans davrining poydevorini qurish gʻoyasini va uning ayni vaqti kelganligini ilgari surmoqda. Chunonchi, parlament va xalqimizga yoʻllangan Murojaatnomada ham: “Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlib xizmat qilishi lozim”, deya alohida taʼkidlandi.

Bu fikrlar amaliy hayotda ham oʻz tasdigʻini topmoqda. Yurtimizdagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, qator oliy taʼlim muassasalari va ularning filiallari, Adiblar xiyoboni, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi voqelikka aylanmoqda. Bunday ilmiy maskanlarda ham puxta va zamonaviy bilimlarni egallagan, axborot texnologiyalari bilan tillasha oladigan faol yoshlar — yangi Xorazmiy, Beruniy, Zamaxshariy, Ibn Sino, Ulugʻbek, Navoiy va Boburlar yetishib chiqsa, ajab emas.

Shu oʻrinda, Xorazm elidan yetishib chiqqan buyuk ajdodimiz Mahmud Zamaxshariyning ilm olishga oid hikmatlarini keltirishni joiz deb topdik. “Kim komil inson boʻlishni istasa, ham olim, ham omil (amal qiluvchi) boʻlsin”. Yoki “Ilm qalbning nodonlikdan forigʻ boʻlishi, zakovatning chirogʻi, zulmatda nur, zaif badanda quvvatdir, ilm bilan inson oliy darajadagi axborotlar manziliga yetishadi”.

Alloma yana shunday yozadi: “Kechagi izzat-sharafga qanoatlanma, u otangning topgani. Sen unga yangisini qoʻsh, shunda ikki sharafga ega boʻlasan. Modomiki, oʻz obroʻyingni koʻz-koʻz qilmayotgan ekansan, otang topgan obroʻ bilan ham gʻururlanma. Chunki oʻzingda ulugʻlik hosil etmagan ekansan, otangning ulugʻligidan senga foyda yoʻq. Sening topgan sharafing bilan otang topgan sharaf oʻrtasidagi farq — bugungi rizqing bilan kechagi rizqing oʻrtasidagi farq misolidir. Kechagi rizq bugungi ochlikni ketkazadimi? Hech ham ketkazmaydi”. Zamaxshariy fikrlarining ayni jihatiga eʼtibor qaratilsa, faqatgina ajdodlar merosi bilan faxrlanmasdan, aksincha, ilmu maʼrifatga boʻlgan eʼtiborni bir daqiqa ham susaytirmaslik kerak boʻladi. Shundagina, yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini qurish haqidagi gʻoyalar voqelikka aylanadi.

Laziz TOʻRAYEV,

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tayanch doktoranti