Ilmiy sohada raqamlashtirish jarayoni qanday kechmoqda?

    Suhbat 15 May 2020 2508

    O'zbekiston Fanlar akademiyasining Botanika instituti direktori, akademik Komil Tojiboev bilan institutning 80 yilligi oldidan suhbat

    “Tan olish kerak, ma'muriy islohotlar kontseptsiyasida turli majlislar, idoralararo komissiyalarni qisqartirish belgilangan bo'lsa-da, hamon bu tartibga to'liq o'ta olmayapmiz. O'rtaga qo'yilgan aksariyat masalalarning echimini ishchi guruhlar tashkil etish, qo'shimcha topshiriqlar belgilash orqali erishishga harakat qilamiz. Talablarimiz ilmiy xodimning bevosita vazifasi yuzasidan, uning, avvalo, ilmiyligi, natijalarining yangiligi, raqobatbardoshligiga qaratilgan bo'lishi lozim. Aksariyat hollarda olimga bevosita faoliyat yo'nalishidan chalg'itadigan, unga mutlaqo daxli bo'lmagan topshiriqlar berish holati kamaygani yo'q. Tadqiqotchi ilmiy faollik darajasiga ko'ra, baholanishi kerak. Biroq ba'zan ijtimoiy faollik baholash mezoni bo'lib qolmoqda”.

    Qizilqum cho'lining qaynoq qumlaridan to Hisor tog' tizmasining qorli cho'qqilarigacha bo'lgan ulkan maydonning rang-barangligi tabiiy floramizdagi turlarning xilma-xilligiga sabab bo'luvchi asosiy omil vazifasini o'taydi. Bu — yurtimizning milliy boyligi, ilmiy tadqiqotlarning bitmas-tuganmas manbasi. O'zbekiston Fanlar akademiyasining Botanika instituti aynan shu tabiiy florani tadqiq etuvchi ilmiy tadqiqot muassasasidir. Markaziy Osiyodagi eng yirik ilmiy muassasalardan biri hisoblanadigan mazkur institut bu yil o'zining 80 yilligini nishonlaydi. Institut direktori, akademik Komiljon Tojiboev bilan suhbatimiz muassasada olib borilayotgan ilmiy izlanishlar va yangiliklar xususida kechdi.

    — Avvalo, Botanika institutining 80 yillik to'yi hamda O'zbekiston Milliy gerbariysining 100 yilligi bilan qutlaymiz. Ilmiy jamoa bu sanaga qanday tayyorgarlik ko'rmoqda?

    — To'yga to'yona bilan, deganlaridek, institut jamoasi bugungi kunda o'zining ilmiy va amaliy faoliyatini sarhisob etib, kelgusi rivojlanish bosqichlari uchun rejalar tuzmoqda.

    Muassasa olimlari tomonidan ko'p jildlik “O'zbekiston florasi” kitobining yangi nashri tayyorlanmoqda. Mazkur loyiha ko'lami va fundamental ahamiyati jihatidan Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Hozirgacha botanika sohasida olib borilgan barcha tadqiqotlarning markazida 1941—1962 yillarda chop etilgan 6 jildlik “O'zbekiston florasi” nashri turgan edi. Vaqt o'tishi bilan o'simliklar tizimoti va nomenklaturasi sohalarida erishilgan olamshumul yangiliklar, shuningdek, o'tgan asrning 60-yillaridan beri O'zbekiston hududida bir necha yuzga yaqin o'simlik turining kashf etilishi, tabiiy va antropogen omillar ta'siri ostida ro'y bergan o'zgarishlar mamlakatimiz sarhadlaridagi tabiiy flora turlari tarkibini tanqidiy nuqtai nazardan qayta ko'rib chiqishni taqozo etdi. Hatto mustaqillikka erishganimizdan keyin ham bu borada tadqiqotlar olib borilmagani sohaning og'riqli nuqtasi edi.

    Bugungi kunga kelib, institut ilmiy salohiyatining oshishi, moddiy-texnik bazaning mustahkamlanishi, xorijiy aloqalarning kengayishi kabi omillar bu fundamental loyihani Markaziy Osiyoda birinchi bo'lib boshlashga imkon berdi. Buning asosiy sababi — o'z imkoniyatiga ishonch, ilmiy salohiyatning mavjudligi, O'zbekiston Milliy gerbariysi kabi jahon miqyosidagi yirik kollektsiyaning mavjudligidir. Ushbu loyihaning o'ziga xos jihati esa xalqaro hamkorlikda bajarilayotganida yaqqol ko'rinadi. Biroq buni xalqaro loyiha sifatida tushunmaslik kerak. Unga Rossiya Federatsiyasi, Finlyandiya, Germaniyadagi ilmiy tadqiqot muassasalarining dunyoda etakchi hisoblangan olimlari jalb etilgan. Loyihaning ko'lami va xalqaro ishtirokchilar safi yil sayin kengaymoqda. Xususan, 2019 yilda loyihada ishtirok etish va hissa qo'shish uchun Janubiy Koreya, Pol`sha va Rossiya olimlaridan takliflar kelib tushgan edi.

    Qolaversa, institutning eng asosiy ilmiy hamkorlaridan hisoblangan Kunming botanika instituti bilan “O'zbekiston florasi”ning 10 jilddan iborat nashrini ingliz tilida chop etish borasida ham salmoqli ishlar bajarilmoqda.

    — Bugun deyarli barcha soha raqamlashmoqda. Butun dunyoda hukm surayotgan pandemiyaga qarshi kurash bu jarayonni yanada tezlashtirdi. Ilmiy sohada raqamlashtirish jarayoni qanday kechmoqda?

    — Botanika institutining hozirgi kundagi ilmiy faoliyatida yirik hajmli ma'lumotlar bazasini yaratish, ularning tahlili, mavjud kollektsiyalarni raqamli formatga o'tkazish kabi tadqiqotlar alohida o'rin tutadi. Aytish joizki, bu borada salmoqli yutuqlarga erishilgan. Biroq yirik hajmdagi ­ma'lumotlar bazasini shakllantirish va shu asosda zamonaviy tadqiqotlarni yo'lga qo'yish oson kechmaganini tan olish kerak. Dastlabki bosqichlarda ilmiy tadqiqot loyihalarini moliyalashtirish ko'lami torligi, botanik olimlar, hatto yoshlar orasida ham komp`yuter texnologiyalarini yaxshi o'zlashtirgan mutaxassislar kamligi, qo'yilgan masalaning ahamiyatini to'laqonli anglamaslik kabi holatlar bu boradagi tadqiqotlarning izga tushishiga salbiy ta'sir ko'rsatdi. Bundan yigirma yillar ortga qaytsak, ma'lumotlar bazasini shakllantirish va ularning tahlili asosida kelgusi tadqiqotlar yo'nalishini belgilash, shu kabi yirik xalqaro bazalar bilan hamkorlik aloqalari o'rnatish, bioxilmaxillik ob'ektlari bo'yicha keng ko'lamli loyihalarni integratsiya qilish ham qo'llab-quvvatlanmagan. Aksincha, bu fan emas, degan qarashdagi ayrim hamkasblarimiz fikri ustunroq edi. Biroq mavjud qarama-qarshiliklar, to'siqlarga qaramasdan, maqsad sari ildamlashda davom etildi.

    Bugungi kundagi vaziyat yirik ma'lumotlar bazalari, raqamli formatga o'tkazilgan kollektsiyalar katta ahamiyatga ega ekanini ko'rsatmoqda. Dastlabki tadqiqotlarimiz Markaziy Osiyoda tabiiy flora tarkibining boyligi va o'ziga xos endem turlarining soni bilan alohida ajralib turadigan G'arbiy Tiyonshon florasining ma'lumotlar bazasini yaratishga qaratildi. Aynan shu loyiha men rahbarlik qilayotgan olimlar guruhining keyingi faoliyatiga juda katta ijobiy ta'sir ko'rsatdi. O'zbekiston florasi bilan bog'liq bo'lgan har qanday tadqiqot turi, jumladan, dissertatsiyalar doirasidagi izlanishlarning tarkibiy qismi ma'lumotlarni raqamli formatga o'tkazish, elektron bazalar ­tayyorlash bilan uyg'unlashib ketdi. Ma'lumotlar bazalari esa keyingi tadqiqotlarni belgilash uchun qulay tahlil vositasi bo'lish bilan birga, barcha davlat tashkilotlarining tabiatni asrash, undan oqilona foydalanish bilan bog'liq amaliy faoliyatiga muntazam tatbiq etib kelinmoqda.

    — Botanika sohasidagi tadqiqotlar samaradorligini oshirish uchun, sizningcha, darhol hal etilishi zarur bo'lgan qanday masalalar mavjud?

    — Yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklarni o'rganib, tegishli xulosa chiqarish kelgusi ishlarning samarasini ta'minlaydi. erishilgan yutuqlar qatori echimini kutayotgan masalalar ham yo'q emas. Tan olish kerak, ma'muriy islohotlar kontseptsiyasida turli majlislar, idoralararo komissiyalarni qisqartirish belgilangan bo'lsa-da, hamon bu tartibga to'liq o'ta olmayapmiz. O'rtaga qo'yilgan aksariyat masalalarning echimini ishchi guruhlar tashkil etish, qo'shimcha topshiriqlar belgilash orqali erishishga harakat qilamiz. Talablarimiz ilmiy xodimning bevosita vazifasi yuzasidan, uning, avvalo, ilmiyligi, natijalarining yangiligi, raqobatbardoshligiga qaratilgan bo'lishi lozim. Aksariyat hollarda olimga bevosita faoliyat yo'nalishidan chalg'itadigan, unga mutlaqo daxli bo'lmagan topshiriqlar berish holati kamaygani yo'q. Tadqiqotchi ilmiy faollik darajasiga ko'ra, baholanishi kerak. Biroq ba'zan ijtimoiy faollik baholash mezoni bo'lib qolmoqda.

    — Bugungi kunda institutda qanday yangi tadqiqotlar olib borilayotir?

    — Ayni paytda jadal rivojlanayotgan yangi yo'nalishlardan biri tabiiy floradagi o'simlik turlarini to'r tizimli xaritalash hisoblanadi. G'arbiy va Markaziy Evropa mamlakatlarida keng quloch yozgan bu tadqiqot yo'nalishi Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi bo'lib aynan Botanika institutida amalga oshirilmoqda. Bu tadqiqotlarning mohiyati shundaki, tabiiy sharoitda flora tarkibi o'rganilayotgan hudud 5x5 kilometrdan iborat kvadratlarga ajratiladi. Tadqiqotlar davomida to'planadigan barcha ma'lumotlar shu kvadratlar bo'yicha jamlanadi. Natijada biz nafaqat umumlashgan ko'rinishdagi axborot majmuasiga, balki har bir ajratilgan kvadratlar bo'yicha har qanday ilmiy masalalar, jumladan, o'simlik turlarining soni, zichligi, zamonaviy holati, florani tashkil etgan geografik elementlar tarkibi bo'yicha qator savollarga javob olish imkoniyatiga ham ega bo'lamiz. eng muhimi, bu ma'lumotlarning barchasi raqamli formatda bo'lib, tahlil va reja uchun qulay vosita hisoblanadi.

    Hozir nafaqat yig'ilgan gerbariy namunalari yoki dala safarlari davomidagi qaydnomalar, balki MaxEnt, DIVA GIS singari yangi axborot dasturlarini qo'llash orqali hududlarni bashoratlash va ular asosida tadqiqotlar rejasini tuzish, muhofaza choralarini ­belgilash, qo'riqlanadigan xududlarni tashkil etishni rejalashtirish va kamyob turlarni saqlab qolishda ekotizimlar ko'lamida yondashish imkonini bermoqda.

    — Botanika instituti oldida turgan asosiy vazifalardan biri — mamlakatimiz sarhadlaridagi o'simliklar xilma-xilligining davlat kadastrini yuritish jarayoni xususida ham to'xtalsangiz.

    — Biz bu tadqiqotlar davomida O'zbekistondagi mavjud flora rang-barangligini viloyatlar kesimida xatlovdan o'tkazishga qaratilgan ilmiy ishlarni bajaramiz. Tizimli ravishda olib borayotgan sa'y-harakatlarimiz samarasi o'laroq, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari bo'yicha kadastr ishlari bajarildi. 2020 yili Buxoro viloyati bo'yicha izlanishlar yakuniga etadi va 2021 yildan bu kabi izlanishlarni Toshkent viloyatida o'tkazish rejalashtirilmoqda. Buning natijasida sanab o'tilgan har bir viloyat florasidagi o'simliklarning kadastr ro'yxati shakllantirilib, kamyob, yo'qolib borayotgan turlarning xaritalari tayyorlanmoqda.

    Bu kabi ilmiy faoliyat ko'lamini kengaytirib, O'zbekiston florasidagi dorivor o'simlik turlari bo'yicha interaktiv atlasni yaratish, tabiiy holda o'suvchi dorivor o'simlik turlari zaxiralarini xaritaga kiritish, tabiatdan yig'iladigan turlar uchun ajratib olishning bezarar hajmlarini aniqlash, O'zbekiston Respublikasi “Qizil kitob”ining navbatdagi nashrlarini tayyorlash kabi qator ilmiy ishlar olib borilmoqda.

    Bu borada institut yosh olimlarining o'rni tobora mustahkamlanayotganini alohida ta'kidlash zarur. Hozirgi kunda qirq yoshga to'lmagan xodimlar institutda faoliyat yuritayotgan ilmiy va ilmiy-texnik xodimlarning 77 foizini tashkil etadi. Ba'zi xorijlik hamkasblarimizning ta'kidlashicha, institutdagi bugungi muhit Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi institutlaridagi holatni eslatadi, ya'ni jamoa, asosan, yosh olimlardan iborat bo'lib bormoqda. Oxirgi uch yil davomida ishga qabul qilingan yoshlar ilmiy va ilmiy-texnik xodimlarning 47 foizidan ortig'ini tashkil etdi. Bu ko'rsatkich Fanlar akademiyasi tizimidagi eng yuqori natijalardan biri bo'lib, qabul qilinayotgan yoshlarning asosiy qismi mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalarining biologiya yo'nalishi bitiruvchilaridir. Ular safining yil sayin kengayishini institut ilmiy yutuqlari, ilmiy hamda amaliy faoliyatining yurtimiz bo'ylab keng targ'ibot etilayotgani, o'simliklar xilma-xilligini tadqiq etishga qiziqayotgan yosh olimlar soni ko'payayotganining darakchisi sifatida qabul qilish mumkin.

    “YAngi O'zbekiston” muxbiri

    Sohiba MULLAEVA suhbatlashdi.