Indoneziyada dunyodagi eng qadimgi piramida topildi

    Arxeologlar Indoneziyada dunyodagi eng qadimgi piramidani topishdi. U insoniyat ovchilik va terimchilikdan qishloq xo'jaligiga o'tishidan oldin so'ngan vulqon tepasida qurilgan.

    Indoneziya olimlari Gunung Padang deb nomlangan inshootni chuqur o'rganishdi va bu dunyodagi eng qadimgi piramida degan xulosaga kelishdi.

    Radiokarbonli tahlillar shuni ko'rsatdiki, piramida so'nggi muzlik davrida, 16-27 ming yil oldin qurila boshlangan. Taqqoslash uchun: Yer yuzidagi eng qadimgi deb tan olingan Gebekli-Tepe megalit majmuasi 11 ming yil oldin, Gizadagi buyuk piramidalar taxminan 4600 yil oldin qurilgan.

    O'z xulosalarini tasdiqlash uchun olimlar to'rt yil davomida (2011-yildan 2015-yilgacha) piramidani tekshirishdi. Indoneziya Milliy tadqiqot va innovatsiyalar agentligi jamoasi burg'ulash, georadar va yer ostini tasvirga olish va boshqa ilmiy usullardan foydalangan.

    Natijalar Gunung Padang bir necha bosqichda qurilganligini ko'rsatdi. Hozirda eng pastki qismi 30 metr chuqurlikda joylashgan. U 25-14 ming yil oldin qurilgan.

    Miloddan avvalgi 7900-6100-yillarda qurilish qayta boshlangan. Piramida tosh ustunlar vositasida kengaytirildi.

    Qurilishning oxirgi bosqichi miloddan avvalgi 2000-1100-yillarda amalga oshirildi. Bu bugungi kunda yer ustida ko'rinadigan qismdir.

    Olimlarning ta'kidlashicha, piramidalar qurilishi ibtidoiy ovchilik va termachilik bilan shug'ullanganlar jamiyati uchun xos emas. Ular qadimiy inshootning ichki qismini o'rganib, uni kimlar tomonidan qurilganini aniqlash niyatida, deya xabar beradi mir24.tv.