Ingliz tili boʻyicha xalqaro sertifikatlar yoshlarga qanday imtiyozlar beradi?

    Fikr 29 Iyun 2021 11942

    Soʻnggi yillarda yurtimiz yoshlari orasida chet tillarini oʻrganishga boʻlgan ishtiyoq anchayin ortdi. Ayniqsa, bugun aksariyat oʻgʻil-qizlar CEFR, TOEFL, IELTS kabi xalqaro sertifikatlarni qoʻlga kiritish orqali rivojlangan xorij davlatlarda taʼlim olishni maqsad qilgan.

    Xoʻsh, CEFR, IELTS, TOEFL oʻzi qanday imtihon? Avvalo shu haqida soʻz yuritsak.

    CEFR – (Common European Framework of Reference for Languages – Umumiy Yevropa Til Koʻnikmasi Qolipi) tizimi hozirgi kunda butun Ovroʻpada ishlatiladigan chet tillarini oʻrganish, oʻrgatish va baholashga doir masalalarni oʻz ichiga oladi. Bugungi globallashuv va axborot telekommunikatsiya tizimi jadal rivojlangan davrda CEFR butun dunyo boʻylab keng tatbiq etilmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni oʻrganish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroridan soʻng yurtimizda ingliz tilini oʻrganish va oʻrgatishga boʻlgan talab sezilarli darajada ortishi bilan birga, yangi, milliy NSFLA tizimi CEFR asosida tashkil etildi.

    IELTS – (International English Language Testing System) – hozirgi kunda 140 dan ortiq mamlakatda tan olinadi va eng ishonchli ingliz tili testi sifatida eʼtirof etiladi. IELTSga tayyorgarlik koʻrish va imtihondan muvaffaqiyatli oʻtish uchun internet tarmogʻida minglab oʻquv qoʻllanmalari, bepul darslar va turli xizmatlar mavjud. British Council va IDP (International development program) markazi esa ushbu testlarni oʻtkazish boʻyicha Oʻzbekistonda masʼul tashkilotlar hisoblanadi.

    TOEFL – (Test of English as a Foreign Language) – ingliz tilida soʻzlashmaydigan davlatlar uchun xalqaro imtihon boʻlib, AQSHning Nyu Jersi shtatida joylashgan, Pariston universitetiga qarashli Educational Testing Service (ETS) tashkiloti tomonidan tayyorlangan.

    Ushbu imtihonning oʻziga xosligi shundaki, u ingliz tilining Amerika variantiga asoslangan. Shu bois TOEFL sinovidan muvaffaqiyatli oʻtish uchun ingliz tilining American English variantini chuqur bilish talab etiladi.

    Qanday sinovlardan oʻtiladi?

    Tan olish lozim, yuqorida taʼrifi keltirilgan xalqaro imtihonlar orasida IELTS nafaqat yurtimiz, balki butun dunyoda ingliz tili boʻyicha eng ommalashgan va ishonchli xalqaro baholash tizimi sanaladi. Bugun mamlakatimizdagi aksariyat oʻquv markazlarida malakali va ushbu yoʻnalishga ixtisoslashgan sara muallimlar yoshlarni ushbu xalqaro test boʻyicha bilimlarini mustahkamlashga yaqindan koʻmaklashmoqda. Mazkur imtihon 4 bosqichda — listening (tinglab tushunish), reading (oʻqish), writing (yozish), speaking (gapirish, suhbat koʻrinishida) oʻtkaziladi. Agar oʻquvchining bilimi yuqori boʻlsa, bu sinovlarning har biridan eng yuqori – 9 ball olishi mumkin. Ammo bu kamdan-kam hollarda kuzatiladi.

    Hozirgi kunda internetda IELTSga oid kerakli maʼlumotlar, audio va video darslar juda koʻp. Ushbu qoʻllanmalar orqali har kim oʻzi mustaqil ravishda ingliz tilini oʻrganishi mumkin.

    Ingliz tilini mukammal bilish bilan oʻquvchini IELTSga tayyorlab boʻlmaydi

    Bugun yurtimizda chet tillari, xususan, ingliz tilini oʻrganishga talab ortgani sayin yuzlab oʻquv markazlari va repetitorlik xizmatlari oʻzlarining ingliz tili oʻquv kurslarini taklif qilmoqda. Ammo, ushbu oʻquv markazlarining barchasi ham oʻquvchini IELTS imtihoniga tayyorlay oladimi? Qolaversa, ustozlarning bilimiga qanday talablar qoʻyiladi?

    Bugun mamlakatimizda nodavlat taʼlim muassasalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Ammo tan olish lozim, ayni kunda yurtimizdagi hamma oʻquv markazlari ham oʻquvchini IELTS imtihonlariga tayyorlay olmaydi. Chunki, bu sohadagi baʼzi muallimlarning bilim darajasi, dunyoqarashi belgilangan talablarga mos emas. Aytmoqchimanki, faqat ingliz tilini mukammal bilish bilangina oʻquvchini bu sinovlarga tayyorlab boʻlmaydi.

    Eʼtibor bersak, bugun yurtimizdagi ayrim oʻquv markazlari “IELTS boʻyicha 3 oyda 7,5-8 ball olishga kafolat beramiz» kabi balandparvoz vaʼdalar bilan yoshlarni chalgʻitishga urinmoqda. Ochigʻini aytganda, 3 oyda hech bir oʻquv markazi, hech bir ustoz bunday natija koʻrsata olmaydi. Chunki til oʻrganish juda murakkab jarayon. Buning uchun insondan sabr-toqat, harakat, tinimsiz mehnat talab etiladi.

    IELTSning afzalliklari nimada?

    Birinchidan, soʻnggi yillarda dunyoning koʻplab mamlakatlaridagi oliy oʻquv yurtlari TOEFL (Test of English as a Foreign Language) imtihoni sertifikatini qabul qilmay qoʻydi. Aksincha, ayni paytda ingliz tilida soʻzlashuvchi davlatlar va dunyoning boshqa koʻplab mamlakatlaridagi ushbu tilga ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlari IELTS sertifikatini talab qiladi. Shu bilan birga, Kanada, Avstraliya va Yangi Zellandiya kabi davlatlarga kasbiy immigratsiya yoʻnalishi boʻyicha ishga bormoqchi boʻlgan insonlar uchun mazkur testni topshirish lozim boʻladi. Shu bois, bugun koʻpchilik oʻzbek yoshlari IELTSni olishga intilmoqda.

    Zohida TURSINOVA,

    Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti

    Gʻarb tillari kafedrasi oʻqituvchisi