Inha universiteti talabasi yangi dastur yaratdi

    Toshkent shahridagi Inha universiteti 3-bosqich talabasi Muhammadsaid Mamasaidov android telefonlari uchun imlo xatolarisiz yozishga mo'ljallangan yangi "Tahrirchi" nomli klaviatura asoschisiga aylandi.

    Bilamizki, hozirgi kunda biz eng koʻp foydalanadigan buyumimiz bu — qoʻl telefonlari. Mazkur vosita orqali biz bir-birimiz bilan oʻzaro muloqot qilamiz, yozishmalar yozamiz va hattoki, yoʻl-yoʻlakay zaruriy hujjatlar ustida ham ishlab ketamiz. Baʻzan toʻgʻri yozganimiz bilan, koʻp hollarda oʻzbek adabiy tili qoidalarini buzgan holda, imloviy xatolarga yoʻl qoʻygan vaziyatlarimiz boʻlib turadi.

    Yangi yaratilgan android dasturiy mahsulot aynan aholining oʻzbek tili boʻyicha savodxonligini oshirish va global internet tarmogʻida ona tilimizda xatosiz muloqot tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida, imlo xatolarni avtomatik ravishda toʻgʻrilashni taklif etadi. Uning afzalliklari shundan iboratki, aholi barcha qatlamlari vakillari tomonidan oʻzbek tilida yoziladigan matnlardagi imlo xatolarni avtomatik tuzatish boʻyicha platformalararo dasturiy taʻminot yaratilishidadir. Mazkur dastur qismlari keyinchalik mashinali tarjima, nutq sintezi, matn generatsiyasi kabi tizimlar uchun fundamental vazifani bajaradi. Dasturning negizi, morfologik tahlilchi oʻzbek tilini tabiiy qayta ishlash sohasining boshlangʻich asoslaridan hisoblanadi.

    "Tahrirchi" yozma jarayonlarda muloqot saviyasini oshiradi, raqamli imlo savodxonligi yuqori bo'lgan o'zbek tilimizni normallashgan holatga keltiradi. Foydalanuvchilar ko‘p marotaba xato qilinadigan so‘zlarni to‘g‘rilanganligini ko‘rib, u xatoliklarni boshqa qilmaydi.

    Loyiha doirasida yaratiladigan dastur va ilovalar davlat tilini qo‘llab-quvvatlash tadbirlaridan O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida hamda xalqaro miqyosda obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash kabi ezgu maqsadlarni o'zida jamlagani bilan ahamiyatlidir.

    Shu bilan birga, ona diyorimizdagi millat va elatlarning tillarini saqlash, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida o'zbek tilimizning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga erishish uchun zamin yaratadi. Qolaversa, kelgusida elektron diktant, bayon va insho kabi ta’lim vositalarini ishlab chiqish uchun asos bo‘ladi.

    "Tahrirchi" noto'g'ri so'zlarni adabiy tilga moslab to'g'rilash, yakunlanmay qolib ketgan so'zlarni oxirigacha yetkazib qo'yish va keyingi so'zni oldindan aytib berish masalalarida sizga hamroh bo'ladi. Bundan tashqari, u berilgan matnni kirill yoki lotin yozuviga ham o'girib beradi.

    Dasturni ishlab chiqishning ham o'ziga yarasha murakkab bosqichlari bo'lib o'tganligini aytish maqsadga muvofiq. Ya'ni, buning uchun so‘z turkumlar kesimida leksikon bazasi yaratilib, barcha so‘zlarning o‘zaro (derivativ yoki inflektiv) bog‘liqligi mujassamlashtirildi. Bugungi kunda raqamli resurslar bozorida bu masala o‘zbek tili uchun yechilmagan holatlardan biridir.

    Tilning morfotaktik va morfofonemik qoidalariga asoslangan morfologik tahlilchi yaratiladi. Imloni tahrirlash modeli morfologik tahlilchi ishtirokida formal grammatikaning matematik ko‘rinishi va sun’iy intellekt elementlari (ayniqsa chuqur o‘rganish, deep learning) asosida ishlab chiqiladi.

    Internet tarmoqlaridagi Matn.uz, Savodxon.uz kabi tizimlardan farqli ravishda, "Tahrirchi" o‘zbek tilining mohiyati va tabiatini inobatga olib, maxsus texnologiyaga asoslangan holda ishlaydi. Ya'ni tilga oid xatoliklarni keskin kamaytirish imkoniyatini beradi.

    Dasturning mana shu yo‘nalishda yaratilgan boshqa dasturlardan tubdan ustunligi shundaki, HunSpell texnologiyasi qo‘llanilmaydi. Chunki HunSpell texnologiyasi o‘zbek tiliga mos kelmaydi. Qolaversa, ma’lumotlar bazasi hamda so‘zlar lug‘ati baza sifatida ishlatilmaydi, so‘zning tarkibi matematik model yordamida avtomatik tarzda tahlil qilinadi.

    Dasturni yaratish jarayonida o‘zbek tili lug‘atidagi deyarli barcha so‘z va iboralar birma-bir tahlil qilib chiqildi. Tilshunoslik, muloqot va adabiyotda foydalaniladigan har bir gapning grammatik tashkil etuvchi (fe’l, ot va hokazolar)ga derivasion bog‘liqlik jadvallari ishlab chiqilganligi bilan ahamiyatlidir. Masalan, "odam", "odamiy", "odamiylik" so‘zlari bitta guruhga kiritilib, "odam" so‘zining uchta derivasion bog‘liqligi modellashtirilgan. Modellashtirish jarayonida yuzaga kelgan texnik muammolar morfologik tahlilchi ma’lumotlar strukturasi yordamida yechildi. Bunda ma’lumotlar bazasi yaratilmaydi, balki qo‘shimcha va qoidalar matematik model asosida zaruratga qarab qo‘yiladi.

    "Tahrirchi” dasturi belgilangan dasturiy ta’minot ko‘rinishida ishlanganini ta'kidlash joiz. Onlayn veb-dastur sifatida ma’lum hajmdagi matn uchun mutlaqo bepul, katta hajmdagi matnlar uchun esa shartli to‘lov asosida monetizasiya qilinadi. Microsoft Office dasturlari paketi uchun alohida ilova (nastroyka)da plagin sifatida o‘rnatiladi va ma’lum muddatga bepul tarqatilishi mumkin. Keyinchalik, uni Microsoft Office va LibreOffice dasturlar paketiga nativ integrasiyalash ishlarini amalga oshirish ham rejalashtirilgan.

    Mobil operatsion (Android va iOS) tizimlarga klaviatura ilovasi sifatida tahrirchi-klaviatura vazifasini bajarib, bu esa foydalanuvchi kundalik muloqot jarayonida uzluksiz va bexato ishlashini ta’minlaydi. Hozirda Android smartfonlar uchun beta-versiyada mobil ilova ko‘rinishida mavjud. Google Chrome va Mozilla Firefox veb-brauzerlariga ham plagin sifatida ushbu dastur ishlab chiqiladi. Shu tariqasida dastur internet foydalanuvchining yozma muloqotini butunlay qamrab, o‘zbek tilida bexato yozishini ta’minlashi bilan taqsinga loyiqdir.

    Dastur kodi va foydalanilgan resurslar ochiq manba sifatida Github veb-saytida tarqatiladi. Bu o‘z navbatida, dasturning boshqa ko‘ngillilar tomonidan to‘xtovsiz takomillashtirilishiga zamin yaratadi. Inha universiteti talabalarining bu kabi ixtirolari mamlakatda kompyuter lingvistikasiga bo'lgan qiziqishni oshirishda hamda ushbu sohani yanada rivojlanishida katta ahamiyat kasb etmoqda.

    Toshkent shahridagi Inha universiteti Matbuot xizmati.