Dunyoda inson huquqlari degan oliy tushuncha bor. Bu har bir kishining jamiyatda mavjud barcha imkoniyatlardan birdek va barcha qatori teng foydalana olishini anglatadi. Imkoniyati cheklangan, nogironligi bor insonlar ham shular jumlasidan. Jamiyat bunday kishilarni boricha qabul qilib, teng munosabatda bo'lishga o'rganmas ekan, mamlakatda inson huquqlari kafolati to'laqonli ta'minlangan, deb bo'lmaydi. Ayniqsa, bugun dunyoda nogironligi bo'lgan qariyb 1 milliardga yaqin shaxs borligiga e'tibor qaratsak, bu chindan dolzarb masala ekani ko'zga tashlanadi.
Shu bois, yurtimizda nogironligi bo'lgan shaxslarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish, jamiyatda munosib o'rin egallashiga to'siqsiz muhit yaratish davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. Bu borada qonuniy asoslar mustahkamlanib, qator farmon va qarorlar qabul qilinmoqda. Maqsad hayotiy faolligini oshirish orqali imkoniyati cheklangan insonlarni umidsizlik xamda ishonchsizlik kayfiyatidan xalos etish, yashashga ishtiyoqini oshirish hamda boshqalar qatori jamiyatda o'z o'rnini egallashiga ko'maklashishdan iborat.
Bu borada har bir yo'nalishga jiddiy e'tibor qaratilayotgani boisi shunda. Ulardan biri, albatta, inklyuziv ta'limni rivojlantirish masalasidir. Hozir nogironligi bo'lgan bolalarning umumta'lim maktablariga integratsiyalashuvi inklyuziv ta'lim tizimi rivojidagi tabiiy bosqichga aylangan. Bu jamiyat va davlat tomonidan nogironligi bo'lgan bolalarga nisbatan munosabatni qayta ko'rib chiqish, nafaqat ularning huquqlari tengligini tan olish, balki bunday bolalarga turli sohalar, jumladan, ta'limda ham keng imkoniyatlarni taqdim etish majburiyati bilan bog'liq.
Ta'lim bilim berish, malaka va ko'nikmalar hosil qilish jarayoni bo'lib, kishini hayotga va mehnatga tayyorlashning asosiy vositasidir. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida “ta'lim olish har bir insonning huquqi” ekani belgilab qo'yilgan. Bosh qonunimizda ham bu kafolatlanadi. Shunday ekan, imkoniyati cheklangan bolalar boshqalar singari bir xil sharoitda ta'lim olishga haqli. Gap faqat ularga bilim berish emas, balki sifatli ta'lim olishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berish haqida bormoqda. Ya'ni nogironligi bo'lgan bolalar ham sog'lom o'g'il-qizlar kabi qiynalmasdan maktabga borishi, ta'lim olishning barcha imkoniyatlariga ega bo'lishi, darsliklar, o'quv qo'llanmalari etishmovchiligiga duch kelmasligi zarur.
Ta'lim sifati bilan birga sharoit ham muhim
O'zbekistonda oilaviy sharoitidan qat'i nazar, barcha bolalar davlat umumta'lim maktablariga qatnaydi. Bu davlat tomonidan kafolatlangan. Ammo yaqin yillargacha imkoniyati cheklangan bolalarning boshqa sog'lom bolalar bilan teng sharoitda o'qiyotgani bilan maqtana olmasdik. 2020-yilgi statistikaga ko'ra, yurtimizdagi 3,2 mingdan ortiq umumiy o'rta ta'lim maktabida 13 mingga yaqin o'quvchi inklyuziv ta'lim bilan qamrab olingandi. Bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida 2020-yildan inklyuziv ta'limga jiddiy e'tibor qaratildi.
Jumladan, 2020-yil 23-sentyabrda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Ta'lim to'g'risida”gi qonunga ilk bor inklyuziv (uyg'unlashgan) ta'lim tushunchasi kiritildi. O'zbekiston umumta'lim maktablarida inklyuziv ta'limni joriy etish rejasi belgilab olindi. Unga ko'ra, 2025-yilgacha alohida ta'limga ehtiyoji bor bolalarning 40 foizi odatiy maktablarga jalb qilinishi ko'zda tutilgan. Buning uchun jadal amaliy harakatlar qilinyapti. BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi, Nogironlar huquqlari haqidagi deklaratsiyasi xalqaro tajribani o'rganishda qo'l kelmoqda. Davlatimiz rahbarining BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasida bildirgan, imkoniyati cheklangan shaxslarning o'z qobiliyatini to'la ro'yobga chiqarish masalalari bo'yicha mintaqaviy kengash tuzish borasidagi taklifini esa nogironligi bo'lgan kishilar himoyasiga qaratilgan yana bir katta tashabbus, deyish mumkin.
Shu o'rinda inklyuziv ta'lim tushunchasiga to'xtalsak. Ushbu so'z “uyg'unlashmoq”, “uyg'unlashtirmoq”, “qamrab olmoq”, “jalb qilmoq” ma'nolarini beradi. Ya'ni u alohida e'tiborga muhtoj bo'lgan va oddiy bolalar o'rtasidagi to'siqlarni bartaraf etishga qaratilgan ta'lim shaklidir. Bunda rivojlanishida uchraydigan nuqsonlar va iqtisodiy qiyinchiliklardan qat'i nazar, imkoniyati cheklangan bolalar ijtimoiy hayotga moslashtirishga yo'naltirilgan o'quv jarayoniga jalb etiladi. Shuningdek, ushbu ta'lim tizimida imkoniyati cheklangan bolalarning maktablarga kelishi uchun to'siqsiz muhit yaratish, yangi maktablarni xuddi shunday sharoitlar bilan qurish, pedagog kadrlar tayyorlash, o'quv bazasini takomillashtirish talab etiladi.
Inklyuziv ta'lim rasmiy ta'lim tushunchasidan ancha kengroq. Bu ta'limda ko'proq o'qish, o'rganish uchun imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlanadi. Bu esa maktab o'qituvchisi va inklyuziv bog'cha tarbiyachisi zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi. Ya'ni inklyuziv ta'limda o'qituvchining kasbiy mahorati bosh omil hisoblanadi. U inklyuziv tafakkurga ega bo'lishi va ta'lim sifati mas'uliyatini o'z zimmasiga olishi shart.
Yana bir omil — hamkorlikni yo'lga qo'yish. O'qituvchilar uchun hamkorlik va o'zaro fikr almashish muhim. U o'z faoliyatini tizimli baholab borishi, malakasini muntazam oshirishi, alohida ta'lim ehtiyojlari bor bolalarning intizomli va muassasalararo guruhlar bilan samarali ishlashi uchun liderlik hamda boshqaruv malakalarini qo'llash, muammolarni birgalikda hal qilish, keng qamrovli maktab hamkorligini yo'lga qo'yish kabi xislatlarga ega bo'lish kerak.
Inklyuziv ta'limning o'ziga xos muhim jihati shundaki, bolalar va o'qituvchi bir-biridan o'rganishadi hamda muammolarni birga hal etishadi. Bu ta'lim bir tomonlama bo'lmasligi kerak. Demak, inklyuziv ta'limda pedagog mahorati muhim ahamiyatga ega. Ya'ni umumta'lim maktabiga boradigan imkoniyati cheklangan bolalarga o'qituvchi alohida yondashishi kerak bo'ladi. Kichik sinf o'quvchilari nogironligi bor bolalar haqida hech qanday tasavvurga ega bo'lmaydi. Ularning ustidan kulmaslik kerakligini, ular ham boshqalar qatori oddiy odam ekanini, faqat sal kuchsizroq ekanini tushunishmaydi.
Malakali kadrlar zarur
Mamlakatimizda inklyuziv ta'limni rivojlantirish, sifat jihatidan takomillashtirib borish maqsad qilingan ekan, bu yo'nalishda pedagoglarni tayyorlash talab etiladi. Bunda, ayniqsa, pedagogika yo'nalishidagi OTMlar oldiga katta vazifalar qo'yilgan.
Birgina Chirchiq davlat pedagogika universiteti misolida oladigan bo'lsak, inklyuziv ta'lim yo'nalishidagi kadrlarni tayyorlash ishlari ko'lami oxirgi yillarda sezilarli oshdi. 2021-yilda universitetning maxsus pedagogika kafedrasi musiqa va defektologiya kafedrasidan ajralib chiqib, mustaqil kafedra sifatida faoliyatini davom ettiryapti. Ayni vaqtda maxsus pedagogikaning surdopedagogika, tiflopedagogika, logopediya ta'lim yo'nalishlari bo'yicha bakalavriat bosqichida 442 nafar, magistratura bosqichida 16 nafar talaba tahsil olmoqda. Bu yoshlar orasida ko'rishida nuqsoni bo'lgan 2 nafar, eshitishida nuqsoni bor 3 nafar, harakat-tayanch tizimi muammoli 3 nafar talaba ham bor. Ularning universitetda erkin va qulay harakatlanishi, darslarni samarali o'zlashtirishi uchun zarur sharoitlar yaratib berilgan.
O'tgan o'quv yilidan boshlab universitetimizda mamlakatimiz bo'yicha ilk bor ko'zi ojiz bolalar ta'limi va tarbiyasi bilan shug'ullanuvchi pedagoglarni tayyorlash bo'yicha tiflopedagogika yo'nalishiga talabalar qabul qilindi. Ochig'i, sog'lom insonlar uchun garchi bu ta'lim tizimini kasb sifatida qabul qilsa-da, boshida unga kirishib ketishi qiyinroq kechadi. Ayniqsa, avval nogironligi bo'lgan bolalar bilan ishlamagan yoshlarning o'quv jarayonida nazariy bilimlarni egallashi oson kechmaydi. Shu bois, ta'lim jarayoniga ko'rishida nuqsoni bor bolalar maktabida faoliyat yuritayotgan o'qituvchilarni jalb qildik. Ustozlarning ayrimlari talabalarga dars o'tish barobarida universitetda ilmiy tadqiqot ishlarini ham olib borayotgani sohada yangicha yondashuvlarni ishlab chiqishga yo'l ochmoqda.
Albatta, ta'limning barcha shaklida nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg'un olib borish juda muhim. Talaba o'qish davomida egallagan ko'nikmalarini real faoliyatda qo'llab ko'rsa, yanada yaxshiroq o'zlashtirishi tajribalarda o'z isbotini topgan. Shu maqsadda kafedra talabalarining pedagogik amaliyotlarini maxsus va inklyuziv ta'lim muassasalarida tashkillashtirishni yo'lga qo'yganmiz. Jumladan, Chirchiq shahridagi 23-yordamchi maktab, Toshkent shahridagi 101, 102, 106, 103, 105-maxsus maktablar bilan hamkorlik shartnomalari tuzilgan.
Alohida ehtiyojga ega, ammo umumta'lim maktablariga qatnay olmaydigan bolalarning uyda va yakka tartibdagi ta'limini tashkillashtirish maqsadida kafedraning 83 nafar talabasi mahallabay tarzda “Bir safda volontyorlar harakati”ga jalb etildi. Chunki nogironligi bor bolalar orasida bir joydan ikkinchi joyga harakatlana olmaydigan, bir joyda uzoq vaqt o'tira olmaydigan va hokazo holatdagilar bor. Talabalar ularni uylariga borgan holda o'qitish orqali ham bolalarning ta'lim olishiga ko'maklashadi, ham o'z malakasini oshirib, kasb mahoratini egallab boradi.
Bu yo'nalishda xalqaro hamkorlik ham muhim o'rin tutadi. Chunki inklyuziv ta'lim jahon tajribasida ham mavjud va bu borada sezilarli yutuqlarni qayd etgan davlatlar tajribasini o'rganish zarar qilmaydi. Ta'lim muassasamizning Rossiyaning Gertsen nomidagi pedagogika universiteti hamda Finlyandiyaning Nordik universiteti bilan imzolagan hamkorlik shartnomalari shu maqsadlarga yo'naltirilgan. Kelishuvimizning asosiy yo'nalishi professor-o'qituvchilarning malaka oshirishini tashkillashtirish, ikki tomonda o'tkaziladigan seminar-treninglarda ishtirokini ta'minlashdan iborat. Bundan tashqari, mazkur oliy ta'lim muassasasi professor-o'qituvchilari va talabalari bilan bir necha bor teleko'prik o'tkazildi. Hammualliflikda “Davolovchi pedagogika” o'quv qo'llanmasi chop etildi.
Ayni paytda universitetimizning maxsus pedagogika kafedrasi inklyuziv ta'limni joriy etish bo'yicha yurtimizda etakchilik qilayotganini alohida ta'kidlash joiz. O'tgan yilning o'zida kafedra professori Feruzaxon Qodirovaning kar va zaif eshituvchi bolalar maktablari uchun 12 ta, aqli zaif bolalar maktabi uchun 4 ta darsligi, 2-bosqich magistranti Zulayho Husniddinovaning ko'zi ojiz bolalar maktablari uchun “Texnologiya” darsligi chop etilgani buning bir isboti.
Inklyuziv ta'lim sharoitida fanlarni o'qitish bo'yicha o'qituvchilarning savollariga javob beruvchi fanlar kesimida adaptiv dasturlar ishlab chiqilgan. Shu mavzuda qator doktorlik dissertatsiyalari yoqlanmoqda. 2022-2023-o'quv yilida kafedraning qator ustuvor tadqiqot yo'nalishlari belgilab olingan bo'lib, yangi ilmiy ishlarga qo'l urilyapti. Ularga uzluksiz inklyuziv ta'lim kalasterining pedagogik-psixologik asoslari, aralash ta'lim tamoyillarini amaliyotga joriy etish, talabalarning modullarni o'zlashtirishdagi bo'shliqlarini tezkor diagnostika qilish, talabalarni individual ishlashga yo'naltirish singari tadqiqot yo'nalishlarini misol keltirish mumkin.
Umuman, bu boradagi ishlarimiz talaygina. Mamlakatimizda nogironligi bo'lgan bolalarga nafaqat sifatli ta'lim berish, balki jamiyat ularni barcha qatori qabul qilishi, ular ham shu yurtning teng huquqli fuqarosi sifatida barcha imkoniyatlardan birdek foydalanishiga erishish maqsad qilingan. Biz esa ana shu ta'lim tizimida sifatli kadrlar shakllanishiga hissa qo'shishni maqsad qilganmiz. Zero, bugun ta'limning har qanday shakli rivojiga e'tibor ortib, unga barkamol avlod kamolidagi asosiy vosita sifatida qaralayotgani ayni haqiqat.
G'ofurjon MUHAMEDOV,
Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori, professor
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 27.05.23-y, 103-son)