Inson huquqlari sohasidagi ilmiy tadqiqotlar istiqbollari muhokama qilindi

    Fan 11 Noyabr 2022 1105

    2022-yil 11-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutida «Inson huquq va erkinliklari masalasidagi amaliy va fundamental ilmiy tadqiqotlarni faollashtirishda ilmiy muvofiqlashtirish kengashlarining oʻrnini kuchaytirish» mavzusida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Ilmiy muvofiqlashtirish kengashi hamda Davlat va huquq instituti Muvofiqlashtirish kengashi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Yigʻilishda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Moskva xalqaro munosabatlar davlat instituti (universiteti) olimlari ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov yigʻilishni ochar ekan, inson huquq va erkinliklari zamonaviy huquqshunoslikning eng asosiy sohalaridan biri ekanligini taʼkidladi.

    Ayni sohadagi xalqaro hamkorlik Oʻzbekistonda huquqshunoslikni rivojlantirishning yetakchi yoʻnalishlaridan hisoblanadi, deb taʼkidladi akademik A.Sadiov. Keyingi yillarda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi inson huquqlari nazariyasi va amaliyotini rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshib kelyapti.

    Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori M.Turgʻunov ushbu ilmiy muassasaning asosiy maqsad va vazifalari haqida soʻz yuritdi. Davlat va huquq institutining Oʻzbekiston yuridik fanini takomillashtirish sohasidagi faoliyati xususida qisqacha axborot berdi.

    Tadbirda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Moskva xalqaro munosabatlar davlat instituti (universiteti) professori, yuridik fanlar doktori Mark Entin «Inson huquqlari boʻyicha Yevroosiyo konvensiyasini imzolash: qarshilar va tarafdorlar» mavzusida maʼruza qildi. Maʼruza tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.

    M.Entin Moskva xalqaro munosabatlar davlat instituti (universiteti) bitiruvchisi boʻlib, koʻp yillar Rossiya Fanlar akademiyasi va Tashqi ishlar vazirligida ishlagan, 2012-2016-yillarda Lyuksemburgda Rossiya elchisi boʻlgan. Hozirgi vaqtda bir qator ilmiy kengashlarda faoliyat yuritadi, Xalqaro huquq boʻyicha 600 dan ortiq ilmiy maqola muallifi hisoblanadi.

    Yigʻilishda, shuningdek, Davlat va huquq instituti direktorining oʻrinbosari, yuridik fanlar doktori, professor A.Toʻlaganov, ilmiy xodimlar R.Hakimov, R.Nazarov, J.Nematov, Ya.Kvitkov va boshqalar savol hamda mulohazalari bilan ishtirok etdi. Onlayn chiqishlar bilan viloyatlardan vakillar, jumladan, Qoraqalpogʻiston, Termiz, Samarqand, Namangan davlat universitetlari yuridik fakultetlari dekanlari ham qatnashdi.

    Tadbir soʻngida akademik A.Saidov Oʻzbekiston va Rossiya olimlari oʻrtasida ilmiy-amaliy hamkorlik yaxshi yoʻlga qoʻyilganini eʼtirof etdi. Ushbu ibratli anʼana bundan keyin ham davom etishiga va oʻzining muhim samaralarini berishiga ishonch bildirildi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi
    matbuot xizmati.