Internet va ijtimoiy tarmoqlarida yoshlarni zararli axborotlardan himoya qilish masalasi muhokama etildi

    Keyingi avlod 4 Fevral 2022 3310

    Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasiga Internet jahon axborot tarmogʻida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida parlament soʻrovi yuborish masalasi koʻrib chiqildi.

    Statistik maʼlumotlarga koʻra mamlakatimizda ayni vaqtda “Facebook”da 4,7 million, “Instagram” da 3,7 million, “Linkedln”da 288 ming, “Telegram”da 18 million, “Odnoklassniki”da 16,7 million, “Twitter”da 51,6 ming va “V-kontakte”da 2,6 million foydalanuvchi mavjud boʻlib, ularning koʻpchiligini yoshlar tashkil etadi.

    Keyingi vaqtlarda “ommaviy madaniyat” niqobi ostida yoshlarimiz ongiga salbiy taʼsir etuvchi axloqiy buzuqlik va zoʻravonlik gʻoyalarini tarqatish, turfa yoʻllar bilan boylik orttirishni, milliy-maʼnaviy madaniyatga amal qilmaslikni, ularni oʻzgartirish va ayrim hollarda yoʻqotishni targʻib qiluvchi harakatlar uyushtirilyapti.

    Internet tarmogʻi orqali tarqatilayotgan gʻarazli maʼlumotlar, turli buzgʻunchi gʻoyalar, odob-axloqni yemiruvchi illatlar aholini tashvishga solyapti.

    “.UZ” domenidagi veb-saytlarda milliy mentalitetimizga yot boʻlgan, fuqarolarning, shu jumladan yoshlarning ongi, ruhiyati, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan, axloqsizlik, behayolik, pornografiya, shafqatsizlik, zoʻravonlik, qimor hamda tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar targʻibotiga xizmat qilishi mumkin boʻlgan materiallar yoki boshqa veb-resurslarga havolalar joylashtirish (foydalanuvchilar tomonidan) kuzatilyapti.

    Birgina 2021-yilning dekabr holatiga koʻra milliy domen hududidagi 289 ta veb-saytda pornografiya, 91 ta veb-saytda esa behayolik va maʼnaviy buzuqlikka targʻib qiluvchi holatlar aniqlangan boʻlib, 2 097 ta qonun buzilishi holati qayd etilgan.

    Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarning oʻzbek segmentida maʼnaviy buzuqlikni targʻib qiluvchi 130 ga yaqin guruh, sahifa va kanallar mavjudligi aniqlangan, ularda 2 646 ta material (foto, video, matnli va boshqalar) tarqatilgan.

    Bundan tashqari, madaniyat sohasida kechayotgan voqealar tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, badiiy film, reklama (jumladan, koʻchalardagi bannerlar), musiqa va kliplarda faqat pul, boylik hamda maʼnaviyatsizlik targʻiboti mavjud. Ayrim hollarda mutlaqo milliy maʼnaviyatimizga zid koʻrinishlar, sahnalar namoyish etilyapti.

    Shu bois oʻquvchi yoshlarning ongiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan axloqsizlikni targʻib qiluvchi kontentlar, diniy adovatni qoʻzgʻatuvchi, tavakkalchilikka asoslangan onlayn oʻyinlar, totalizatorlar, oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan hamda jamiyatda buzgʻunchilik gʻoyalarini targʻib etadigan veb-resurslarga qarshi kurashish birgalikdagi ustuvor vazifa ekanligi taʼkidlandi.

    Majlisda senatorlar Internet jahon axborot tarmogʻida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.


    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.